Toshkentda «Tozalash-antiterror» tadbiri doirasida 90 kishi qo‘lga olindi

Jamiyat 15:40 / 18.08.2017 27338

30 iyul kunidan boshlab Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 26 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta'minlash, huquqbuzarliklar hamda favqulodda holatlar oldini olish maqsadida «Tozalash-antiterror» tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, tadbir davomida hozirgi kunga qadar Toshkent shahar hududida 475.532 obekt, ya'ni ko‘p qavatli uylardagi xonadon, yerto‘la va chordoqlar, hovlili uylar, korxona va tashkilotlar hamda boshqa turdagi obektlar tekshirib chiqilmoqda.

Tadbir jarayonida asosiy e'tibor huquqbuzarliklarning oldi olinishiga, sodir etilayotgan jinoyatlarni issiq izidan fosh etilishiga qaratilgan bo‘lib, mazkur tadbirlar davomida giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilinishini bilan bog‘liq bo‘lgan 44ta jinoyat aniqlanib, jami 6.963,81 gramm giyohvand moddalari rasmiylashtirib olindi, shuningdek 16ta fohishaxona saqlash va qo‘shmachilik qilish jinoyatlari hamda 2ta o‘qotar qurollarni noqonuniy saqlash jinoyatlari aniqlandi. 

Tadbir davomida jinoyat sodir etib, tergov va sud organlari tomonidan qidiruvda bo‘lgan 90 nafar shaxs tezqor-qidiruv tadbirlar davomida ushlandi.

Mavze va mahallalarda fuqarolar xavfsizligini ta'minlash va jamoat tartibini saqlash borasida jamoat vakillari bilan birgalikda mahallalarda va korxona tashkilotlarda hamda ta'lim muassasalarida xavfsizlik yuzasidan 1023ta uchrashuvlar tashkil etildi. Olib borilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari natijasida ko‘p qavatli uylarga qo‘shimcha 354ta videokuzatuv kameralari o‘rnatilib, 209ta xonadon Toshkent shahar IIBB huzuridagi Qo‘riqlash boshqarmasi tomonidan qo‘riqlovga olindi.

Ko‘proq yangiliklar: