«Qonun o‘z yo‘liga, tumanda biz bilan kelishgan tadbirkor ishlaydi!» - MIB faoliyatida tushunmovchiliklar

Jamiyat 16:50 / 17.08.2017 53593

Prezident qarori bilan tashkil etilgan Majburiy ijro byurosi zimmasiga elektr energiyasi, gaz va suv uchun qarzdorlardan to‘lovlarni undirish yuklatilgan. Ayni kunda bu idora faoliyatidan norozilik holatlari paydo bo‘lmoqda.

MIB tadbirkor bilan qasdlashganda...

Muammoning avvali

Hammasi mana bunday boshlandi. Bir oy oldin, ya'ni  26 iyul kuni Bo‘z tumanida faoliyat yuritayotgan «Bo‘z sut daryosi» korxonasiga tuman MIB vakillari kirib keladi. Ularning qo‘lida korxonaning elektr energiyasidan 644 ming qarzdorlik haqida ma'lumot bo‘lib, ular ishlab chiqarish korxonasini elektr tarmog‘idan zudlik bilan uzishga kirishadi. Korxona rahbari iyun oyida ikki milliondan ortiq oldindan to‘lov qilgani va 1 iyul boshida 1 million 750 ming mablag‘i bo‘lganini bildirib, ayni paytda korxonaning qarzdor ekanidan bexabarligi, basharti elektr ta'minoti uziladigan bo‘lsa ko‘plab tadbirkorlar bilan tuzilgan shartnoma shartlari bajarilmay qolishi va korxona katta zarar ko‘rishini aytib, MIB xodimlariga yuzlanadi. Xodimlar: «Bizga korxonani uzishni yuqoridan aytishgan!» deya tushuncha beradilar.

Shu o‘rinda korxonaning qarzdorlik yuzasidan ogohlantirilmaganini eslatib o‘tamiz. Dalolatnoma tuzilmay, MIB xodimlari ketadi va birozdan so‘ng qaytib kelib, baribir elektrni uzishadi. Korxona hisobchisi zudlik bilan 700 ming so‘m to‘lov qilib, tuman MIB idorasiga borganida, nazorat qiluvchi organ vakili endi qayta ulash uchun eng kam ish haqining 10 baravarida jarima to‘langandan so‘ng elektr ulanishini aytadi. Korxona vakillarining: «Qoida bo‘yicha bizni besh kun oldin ogohlantirishinglar kerak edi-ku?», degan savoliga tuman MIB o‘rinbosari Oyatillo Ibragimov: «Qonun o‘z yo‘liga, tumanda biz bilan kelishgan tadbirkor ishlaydi!», deya «izoh» bergan.

Darhaqiqat, har qanday jamiyatda qonun va qoidalar ustuvor bo‘lishi kerak. Majburiy ijro byurosi yangi ish boshlagan tashkilot. Yuridik tashkilot va aholining katta qismi byuro faoliyati haqida OAV orqali boshlang‘ich tushunchaga egalar, xolos.

MIB bosimi

Korxonaning qonun bo‘yicha talablari tuman MIB boshlig‘iga yetib borgach, Ulug‘bek Kamolovning shaxsan o‘zi «qonunbilgich» va «qaysar» tadbirkorni «mahv» etgani va bu yerda kim xo‘jayin ekanini ko‘rsatib qo‘yish uchun korxonaga kechqurun (soat 22:00) tashrif buyuradi. Hozirgi kun tadbirkori ham qo‘l qovushtirib turadigan anoyilardan emas. O‘z huquqlarini bilishini, MIB boshlig‘i yarim kechasi ogohlantirishsiz kelib: «Barcha ishchilarni yig‘ib kel!», deb buyruq berishga haqi yo‘qligini aytadi. Tadbirkor o‘zicha, ayni paytda korxonaning elektrdan qarzi yo‘qligi va bank orqali o‘tkazilgan to‘lov topshiriqnomalari nusxalarini MIB boshlig‘iga ko‘rsatsam foyda beradi, deb o‘ylaydi. Lekin bu Ulug‘bek Kamolovning jahlini badtar chiqardi, xolos. Yana MIB xodimlari tomonidan qog‘ozbozlik, yana dalolatnomalar tuzish, do‘q-po‘pisalar boshlanadi. 

Bir oy davomida tadbirkorning ishi o‘lda-jo‘lda bo‘ldi. Bo‘z MIB esa har ikki kunda bir xodimlarini jo‘natib turdi. Tadbirkor janjaldan zerikdi, lekin MIB zerikmadi.  

Tadbirkorning «Kun.uz» saytiga murojaatidan so‘ng masalaga oydinlik kiritgani tuman MIB o‘rinbosari Oyatillo Ibrohimovga qo‘ng‘iroq qilishga urindik. U bir bora suhbatlashgach, matbuot xodimlari bilan gaplashishni o‘ziga ep ko‘rmay, go‘shakka qaytib quloq tutmadi.

Bu orada tadbirkorning toki necha marta ulanib, necha marta uzildi. Insonning asab tolalari esa qayta ulanmaydi-tiklanmaydi. Korxona ta'sischilaridan biri o‘n besh kundan beri qon bosimi bilan kasalxonada.

Jarayon

Xabaringiz bor, o‘tgan haftada Andijon viloyatida Xalqaro Press klub o‘z sessiyasini o‘tkazdi. Anjumanda ushbu muammoli holatni ko‘tardik. Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov murojaat tez kunlarda o‘rganilib, javobi tahririyatga berilishini aytdi. Boshqa murojaatlarga javob qaytarilgan bo‘lsada, aynan Bo‘z MIB va tadbirkor o‘rtasidagi holat bo‘yicha harakat qilinmadi. Biz Bo‘z MIB boshlig‘i Ulug‘bek Kamolov bilan qo‘ng‘iroqlashdik. Muammo haqida jurnalist bilan juda bepisand ohangda suhbat olib borgan mutasaddi: «Siz savolni viloyat hokimiga bergansiz, javobni ham o‘sha kishidan so‘rang!», deganida juda hayron qoldik. U kishiga: «Nega xodimingiz korxonaga birinchi marta borganida avval dalolatnoma yozmay ketib, qaytib kelib yozdi?», degan savolimizga: «Hojatxonaga borib kelgandir yoki elektrosetga borib qarzdorligini aniqlab kelgandir», deya qaytargan javobi juda tushunarsiz bo‘ldi. Axir MIB xodimi korxonaga qarzi bor-yo‘qligini bilmasdan borib, aniqlash uchun elektrosetga borib keladimi?

O‘tgan kunlar davomida korxonaning tokini bir elektr tarmoqlari kelib ulab ketadi, orqasidan MIB kelib yana uzadi.

Bunday bepisand gaplashishning tagida boshqa gap bor. Ayni paytda Kamolov qo‘lida tadbirkorga qarshi bir dasta hujjatlar yig‘ilgan.

Xulosa

Biz boshida balki mazkur masalani keng omma e'tiboriga havola etish shart emasdir, degan xayolga bordik. Agar o‘tgan oyning yigirma oltinchi sanasida MIB xodimlari ishlab chiqarish korxonasiga kelib, besh kun muddatda ogohlantirish xatini taqdim qilganida bu masala yoritilmas edi. Biroq tuman MIB rahbari o‘rinbosarining: «Ogohlantirish berib nima qilamiz, ana televizorda har kuni reklamamiz ketyapti», degani qonun himoyachilarining o‘z kasbiga sovuqqonlik bilan qaraganidan darak. Balki, mana shu maqoladan so‘ng ayrim mutasaddilarning o‘z ishiga  bo‘lgan munosabati o‘zgarar...

Shu yil iyul oyida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib beruvchilar bilan o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risidagi hamda iste'molchilarni elektr va gaz tarmoqlaridan uzib qo‘yish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida» qarori qabul qilindi.

Ushbu qarorga muvofiq qabul qilingan Nizomning iste'molchilarni elektr va gaz tarmoqlaridan uzib qo‘yish tartibi to‘g‘risidagi 2-bobida «Byuro iste'molchilar xabardor qilingan paytdan boshlab besh kun muddat o‘tgandan keyin qarzlarni majburiy, shu jumladan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda iste'molchilarni elektr va gaz tarmoqlaridan uzib qo‘yish yo‘li bilan undirish choralarini ko‘radi», deya belgilangan. 

Kecha, 17 avgust holatiga tuman elektr tarmoqlaridan ma'lumot oldik, unga ko‘ra ayni paytda korxonaning 1 milllion 42 ming oldindan to‘lov va bundan tashqari 500 ming so‘m, jami 1. 542. 000 so‘m miqdorida haqi bor ekan. Korxona esa elektr tarmog‘idan uzib qo‘yilgan. Ana sizga mavhumlik.  

Ushbu  muammoni maqolani  qonuniy tomondan mukammal tarzda yozildi, deyishdan yiroqmiz.

Bugungi kun tadbirkori aholini ish bilan ta'minlash, yurt farovonligi yo‘lida mehnat qilish bilan band. Yurtimizda tadbirkorlikka berilayotgan e'tibor butunlay yangi bosqichga ko‘tarildi. Prezidentimizni ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashi aholining farovon hayot kechirishi uchun samara berishi aniq. Lekin, joylardagi mutasadilar ham buni his qilsalar yanada yaxshi bo‘lar edi. Agar, yuqorida keltirganimizdek, mutasaddi va nazorat qiluvchi tashkilot vakillari tadbirkorga yordam berish o‘rniga o‘z xizmat vazifasini suiiste'mol qilib, ular yo‘liga to‘siqlar qo‘ysa, jamiyat rivojiga putur yetishi mumkin.

Xalq orasida ayni vaqtda Majburiy ijro byurosi faoliyatidan noroziliklar paydo bo‘la boshladi. Fuqarolar byuro xodimlari asossiz ravishda, «osmondan olib qarz yozayotgani»dan shikoyat qilmoqda. Bunga byuro har bir xodimiga yigirma nafardan qarzdor topib kelishni yuklagani sabab bo‘layotgani aytilgan.

Hazorasp tumani tadbirkorlari ham MIB faoliyatidan shu kabi aziyatlar chekayotgani haqida murojaatlar bor. Tahririyat bu borada ham o‘rganishlar olib bormoqda.

Tahririyat Andijon viloyat va Bo‘z tuman Majburiy ijro byurosidan jo‘yali javob kutib qoladi.

Ko‘proq yangiliklar: