Majburiy ijro byurosining vazifasi nimadan iborat?

Jahon 17:53 / 28.06.2017 87947

Bosh prokuratura qoshidagi Majburiy ijro byurosi (MIB) qanday maqsadlarda tashkil etilganligi ko‘pchilikni qiziqtiradi. 28 iyun kuni Xalqaro Press-klubda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktori Botir Bahromovich Qudratxo‘jayev shu savolga javob berdi.

"So‘nggi yillarda energiya resurslaridan debitor qarzdorlikni kamaytirish, ulardan noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olish borasida talabga javob bera oluvchi ishlar olib borilmagan.

Masalan, 2016 yilda elektr energiyasi va gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish yoki talon-tarojlikka yo‘l qo‘yilgan holatlar oxirgi ikki yilda 48 foizga oshgan. Sud va boshqa organlar hujjatlari amaldagi ijrosi esa 2016 yilda amalda atigi 45 foizga bajarilgan, xolos.

Endi 2017 yilning birinchi choragida "O‘zbekenergo" hamda "O‘ztransgaz" kompaniyalari tizimidagi 665 nafar, shuningdek sud ijro departamentining 36 nafar xodimi jinoiy javobgarlikka tortildi.

Ana shu kamchiliklar va xatolarni hisobga olgan holda, Prezidentning 2017 yil 29 maydagi farmoniga asosan Bosh prokuratura huzurida tashkil etilgan Majburiy ijro byurosiga energiya resurslari uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida va to‘liq undirish, elektr va gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanish hamda talon-tarojlikning oldini olish, sud va boshqa hujjatlarning ijrosini so‘zsiz ta'minlash kabi muhim vazifalar yuklatildi.

To‘lov tizimini yaxshilash orqali elektr va gaz tarmoqlarini modernizatsiya qilish, barcha hududlarda yangi ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish obektlarini ishga tushirish, aholining turmush darajasi va farovonligini oshirish - bizning oldimizdagi eng muhim vazifalar hisoblanadi".

Ko‘proq yangiliklar: