O‘zbekiston va Qozog‘iston chegara o‘tkazuv punktlari sonini oshirmoqda

O‘zbekiston 12:58 / 22.06.2017 15083

Qozog‘iston Senati yig‘ilishida O‘zbekiston bilan chegaradan o‘tish punktlari haqidagi kelishuvga protokol ratifikatsiya qilindi. Bu haqda Today.kz xabar tarqatmoqda.

Shu tariqa, qonun parlament tomonidan qabul qilingan va imzolash uchun davlat rahbariga yo‘llangan.

Bosh vazirning investitsiyalar va taraqqiyot bo‘yicha o‘rinbosari Roman Sklyarning ma'lum qilishicha, protokol Qozog‘iston temir yo‘l chegara punktini «Beyneu» stansiyasidan chegara chizig‘idan 2 km masofada joylashgan «Oazis» stansiyaga ko‘chirishni nazarda tutadi.

Shuningdek, faqat yengil avtotransportlar o‘tishi uchun «Tselinniy» va «Sirdaryo» xalqaro (ko‘p tomonlama) chegara o‘tkazuv punktlarini ochish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birgalikda, «Kazigurt», «Qoplonbek» va «Atameken» o‘tkazuv punktlari maqomi – ikki tomonlamadan ko‘p tomonlamaga (xalqaro) o‘zgaradi.

O‘zbekiston fuqarolari chegaradan o‘tkazish chog‘ida shaxsni tasdiqlovchi, davlat chegaralarini kesib o‘tish huquqini beruvchi hujjatlar majburiy tartibda tekshiriladi. Bunda bojxona deklaratsiyasi to‘ldirilmaydi, transport vositasini ro‘yxatga olish va bojxona tekshiruvidan o‘tkazish talab qilinmaydi, biroq majburiy tartibda vizual ko‘rik amalga oshiriladi.

2017 yil fevralida Qozog‘iston Respublikasi bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Asqar Mamin va Moliya vaziri Baxit Sultanov ikki mamlakat chegarasidagi bir qator bojxona postlarida bo‘lgandi. O‘shanda delegatsiya a'zolari o‘tkazuv imkoniyatlarini kengaytirish masalalarini muhokama qilishgandi.

Ko‘proq yangiliklar: