Afg‘onistonda parlament saylovlari o‘tadigan sana e'lon qilindi

Jahon 22:19 / 22.06.2017 3509

Afg‘onistondagi saylovlar bo‘yicha mustaqil komissiya 22 iyunda mamlakatdagi parlament saylovlari 2018 yil 7 iyulda bo‘lib o‘tishini e'lon qildi. Bu haqda Tolo News telekanali xabar bermoqda.  

Komissiya rahbari Najibulla Ahmadzoy matbuot-anjumanida bu kunga shuningdek mahalliy kengashlarga saylovlar o‘tkazish ham belgilanganini ma'lum qildi.

U aholini saylovlarni o‘tkazishda komissiya bilan hamkorlik qilishga chaqirdi va Afg‘oniston hukumati saylovlarni muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun mamlakatdagi jangovar harakatlar va ixtilof bilan bog‘liq muammolarga e'tiborini mujassamlashtirishi zarurligini ta'kidlab o‘tdi.  

Afg‘onistonda oxirgi oylarda vaziyat ancha yomonlashgan. "Tolibon" radikal harakati mamlakatning qishloq joylaridagi katta hududlarni qo‘lga olib, yirik shaharlarga hujum boshlagan. Shuningdek, mamlakatda IShID ta'siri kuchaymoqda.

Afg‘oniston parlamentining 5 yillik vakolatlari 2015 yil 2 iyunda tugashi kerak edi, biroq saylovlar xavfsizlik nuqtai nazaridan, ovozlar halol hisoblanishiga ishonch yo‘qligi va mamlakatdagi beqaror vaziyat sababli keyinga ko‘chirilgandi. Afg‘oniston prezidenti parlament vakolatini saylovlarni o‘tkazish imkoni bo‘lmaguncha uzaytirish haqida ko‘rsatma bergan. 

Ko‘proq yangiliklar: