Prezident qaror va farmoyishlarining Konstitutsiyaga mos kelishi tekshiriladi

O‘zbekiston 21:42 / 19.06.2017 29948

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi respublika prezidentining qaror va farmoyishlarini konstitutsiyaviyligini tekshirish bilan shug‘ullanadi. Ilgari sud davlat rahbarining faqat farmonlarini tekshirishga vakolatli edi.

Bu yangilik 2017 yilning 1 iyunidan kuchga kirgan «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi haqida»gi Konstitutsiyaviy qonunida  nazarda tutilgan, deb yozadi yuridik fanlari doktori Miravzal Mirakulov o‘zining O‘zAda e'lon qilingan maqolasida. 

«Konstitutsiyaviy sud avval faqat Prezident farmonining Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash vakolatiga ega bo‘lgan bo‘lsa, endilikda bunga qarorlar va farmoyishlar ham kiritildi. Shuningdek, Konstitutsiyaviy sud konstitutsiyaviy qonunlar, xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunlarning imzolanguniga qadar Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash vakolatiga ega bo‘ldi», – deb yozadi Mirakulov.  

Jahon konstitutsiyaviy sudlari amaliyotiga nazar tashlasak, ular «ex-ante», ya'ni hujjat imzolanmasidan avvalgi va «ex-post», ya'ni hujjat kuchga kirganidan keyingi nazoratni amalga oshiradi. O‘zbekistonda Konstitutsiyaviy sud avval hujjat kuchga kirganidan keyingi nazoratni amalga oshirib kelayotgan edi. Endilikda konstitutsiyaviy qonunlar, xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunlar imzolanguniga qadar dastlabki nazoratdan o‘tkaziladi, deya tushuntiriladi maqolada. 

O‘zgarishlardan yana biri Konstitutsiyaviy sud sudyalarining saylanishi bilan bog‘liq. Avval sudyalar Prezidentning taqdimiga binoan Senat tomonidan sud raisi, rais o‘rinbosari va Konstitutsiyaviy sudning a'zolaridan iborat tarkibda saylangan. Endilikda Konstitutsiyaviy sud sudyasi Prezidentning taqdimiga binoan Senat tomonidan Sudyalar oliy kengashi tavsiya etgan shaxslar orasidan saylanadi. 

Konstitutsiyaviy sud raisi va uning o‘rinbosari Konstitutsiyaviy sud majlisida uning sudyalari orasidan saylanadi. Ya'ni Konstitutsiyaviy sudning raisi va uning o‘rinbosari Senat tomonidan saylanmaydi. Rais va uning o‘rinbosarini sudyalarning o‘zlari ichlaridan saylashlari yanada demokratik tabiat kasb etadi. Bunday holat xalqaro standartlarda yuksak e'tirof etiladi. 

Konstitutsiyaviy sudning sudyalari avval O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti oldida qasamyod qilishi belgilangan bo‘lsa, endi Senat majlisida Konstitutsiyaviy sudning sudyasi saylangan paytda qasamyod qiladi. Bu oqilona yechim bo‘lib, sudyaning qasamyod qilish vaqti aniqlashtirilgani ushbu taomil vaqtida bajarilishini ta'minlaydi. Avval sudyalar qachon qasamyod qilishi aniq belgilab qo‘yilmagan edi.  

Yangi qonunda Konstitutsiyaviy sud sudyasining sudyalik lavozimida bo‘lishiga oid yosh senzi belgilandi. Demak, bu borada eng yuqori yosh – yetmish yoshni tashkil etadi. Konstitutsiyaviy sudning sudyasi lavozimiga nomzodga qo‘yiladigan talablarga ko‘ra, siyosat va huquq sohasi mutaxassisi bo‘lgan, yuksak ma'naviy fazilatlarga va zarur malakaga ega bo‘lgan, o‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Konstitutsiyaviy sudning sudyasi etib saylanishi mumkin. 

Yosh senzining 30 yoshdan 35 yoshga o‘zgartirilgani o‘ziga xos ahamiyatga ega. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, bu yoshda shaxsning bilim va tajribasi yanada oshgan, hayotga bo‘lgan qarashlari ham to‘laqonli shakllanib, muayyan hajm va mazmundagi ishlarni maromida amalga oshirish imkoniyati ortgan bo‘ladi. 

Qonundagi muhim jihatlardan yana biri – Konstitutsiyaviy sudga masala kiritish huquqiga ega bo‘lgan sub'yektlar doirasiga o‘zgartirish kiritildi. Endilikda Vazirlar Mahkamasi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) ham bunday huquqqa ega bo‘ldi.  

Konstitutsiyaviy sudga har yili Oliy Majlis palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axborot taqdim etish vakolatining kiritilishi har tomonlama to‘g‘ri bo‘ldi, deyiladi maqolada.

Ko‘proq yangiliklar: