Germaniyada korrupsiyaga qarshi qanday kurashiladi?

Jahon 22:13 / 16.06.2017 36401

Rossiyaning ko‘plab shaharlarida hukumatda korrupsiyaga qarshi kurashishga yo‘naltirilgan namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Bu vaziyatni noyob deb bo‘lmaydi, chunki bugungi kunda siyosatchilar korruptsion mojarolarga aralashmagan mamlakatni topish qiyin, deyiladi "Lenta.ru" nashrida berilgan maqolada. 

Germaniya ham bundan istisno emas. 2012 yilda GFR prezidenti Kristian Vulf xizmat lavozimini suiite'mol qilganlikda ayblanib, iste'foga chiqishga majbur bo‘lgan. Uning o‘z karerasini bunday ayanchli holda tugallashiga sabab bo‘lgan voqea bir qaraganda kimlargadir kulgili tuyulishi mumkin - Vulf uy sotib olish uchun imtiyozli kredit olgan bo‘lib, tanishlaridan biriga uning hisobiga kredit uchun bir necha yuz yevro to‘lashga izn beradi. 

Biroq nemislar uchun bu jiddiy qonunbuzarlik hisoblanadi - qonun hamma uchun bir, bunda qancha miqdordagi pora haqida gap ketayotgani ahamiyatsiz. Shu bois GFRda faqatgina yuqori mansabdagi amaldorlargina jamoatchilik nazorati ostida deb bo‘lmaydi. Germaniyaning boshqa jabhalarida korrupsiyaga qarshi kurash qanday kechadi?

Politsiyachiga atalgan gamburger

Foto: Arnd Wiegmann / Reuters

Bir necha yil ilgari Quyi Saksoniyada poraxo‘rlikda ayblangan politsiyachilar guruhi sud oldida javob berdi. Anonim xabarchi mahalliy politsiya boshqarmasiga huquq tartibotchilarining tungi smenada ko‘pincha "Makdonalds"ga kirishlari haqida xabardor qilgan. Ma'lum bo‘lishicha, bunday tungi soatlarda restoran xodimlari ko‘pincha paketga bir yevro qiymatidagi to‘lanmagan gamburgerni qo‘shib solishgan. Voqealar sutkalik smenaning oxirida ro‘y bergani uchun taomning sotilmagan qoldiqlari har qanday holatda ham tashlab yuborilar edi. Biroq qo‘shni Gamburgdan tergov uchun yo‘llangan maxsus politsiyachilar guruhi bu bilan oqlana olmadi. 

Ichki tergov "xizmat lavozimi orqasidan noqonuniy foyda olish" faktini aniqladi

Keyinchalik barcha ayblanuvchilar sud tomonidan oqlandi, biroq voqea OAVda keng tarqaldi va bunday nohaqlikning jamoatchilikda qizg‘in muhokamasiga sabab bo‘ldi. Germaniyaliklar bir yevro qiymatidagi gamburger ishi bir necha kishidan iborat komissiya tomonidan ko‘rib chiqilishi qanchalik to‘g‘ri ekani borasida bahslashishardi. 

Bu voqea GFRning har qanday darajadagi korrupsiyaga bo‘lgan munosabatiga yaqqol dalildir. Davlat xizmatchilari uchun eng qat'iy qoidalar belgilangan, davlat xizmatchilari deganda, Germaniyada faqatgina amaldorlar nazarda tutilmaydi - davlat jamiyat bilan muloqotda kimlarni o‘zining vakili hisoblasa, shularning bari davlat xizmatchisi hisoblanadi. Bu - politsiyachilar, o‘qituvchilar, shifokorlar, oliy ta'lim muassasalari xodimlari, sudyalar va h.k.

"Korrupsiyaning hattoki bir holati ham - haddan ziyod ko‘p hisoblanadi", - deyiladi Gamburg davlat xizmatchilari ittifoqi tomonidan imzolangan bitimda. Bu shaharda juda qat'iy aksilkorrupsiya qonunlari hukmron. Davlat xizmatchilari maxsus ruxsatsiz hech qanday sovg‘ani qabul qila olishmaydi. Bu hatto o‘qituvchilarga - guldasta, shifokorlarga esa shokolad sovg‘a qilish mumkin emasligini anglatadi. Davlat xizmatchilari pora berishga urinish orqali ularning qaroriga ta'sir o‘tkazishlar haqida rahbariyatga xabar berish majburiyatini olishadi. 

Qonunchilikni buzganlar uchun qat'iy jazolar belgilangan: jarima, ishdan bo‘shatish, o‘z kasbini davom ettirish huquqidan mahrum qilish. 10 ming yevro miqdoridagi pora olishga uringan davlat xizmatchisi esa nafaqat ozodlikdan mahrum bo‘ladi, balki davlat xizmatchisi maqomidan umrbod ayriladi. 

Bir yarim milliardlik ziyon

"Korrupsiyani aniqlash juda qiyin, chunki tomonlarning hech biri o‘z qilmishini fosh qilishdan manfaatdor emas", - deydi Gamburgning Korrupsiyaga qarshi Markaziy idora rahbari Mixael Shviring. Uning so‘zlariga ko‘ra, statistikada poraxo‘rlik bilan bog‘liq qonunbuzarliklarning atigi 5 foizigina aks etadi. Germaniya Federal kriminal byurosi so‘nggi olti yil davomida har yili 8000 dan 47000 gacha korrupsiya holatlarini qayd etgan. Bunday katta tafovut bir muassasada yirik korruptsion sxema aniqlangan holatda u statistikani bir necha mingga o‘zgartirishi mumkinligi bilan izohlanadi. 

Masalan, 2014 yilda 20000 qoidabuzarlik aniqlandi, ularning aksariyati Bavariyada sodir etilgan. Politsiya suratkashlar guruhining s'yomka buyurtmalari uchun bog‘cha va maktab direktorlarini "sotib olgan"ini aniqlagan. O‘quv muassasalari rahbarlari suratkashlar olgan pulning 20 foiziga ega bo‘lishgan. Qizig‘i, bu pullarning cho‘ntakka emas,  maktab va bog‘cha ehtiyojlariga sarflangani hech qanday ahamiyat kasb etmagan. 

Foto: Patrick Pleul / dpa / Globallookpress.com

Korruptsion jinoyatlarning yarmidan ko‘pi iqtisodiyot sohasiga to‘g‘ri keladi, uchdan biri - davlat boshqaruv organlariga, siyosatda esa barqaror - bir foiz. Mamlakatdagi korrupsiya natijasidagi yo‘qotishlarning umumiy summasi 2011-2015 yillarda 1,4 milliard yevroni tashkil qilgan. Agar nemis poraxo‘rining umumlashgan portretini oladigan bo‘lsak, bu 3 yildan ortiq vaqt davomida ma'muriy lavozimdagi katta yoshli kishidir. 

Transparency International versiyasiga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurashda eng muhim jihatlardan biri - hamkasblar ta'qibiga uchramay va ish o‘rnini yo‘qotmay turib, "mojaroni uydan tashqariga olib chiqish imkoniyati". Bugungi kunda Germaniyada xabar beruvchini himoya qilish mexanizmi yo‘q, shunday bo‘lsa-da, ba'zi hududlar buning yechimini topishga harakat qilishmoqda.

Quyi Saksoniyada hukumat anonim xabar qoldirish mumkin bo‘lgan saytni ishga tushirdi. Ro‘yxatdan qonunbuzarlik turi (pora berish yo olish, xizmat lavozimini suiste'mol qilish va hokazo)ni tanlanib, berilgan hujjat shakli to‘ldiriladi. Zaruratga qarab qo‘shimcha hujjatlar va suratlar taqdim etiladi. Bu yerda xabar beruvchi to‘qima nom ostida pochta yaratadi, shu pochta orqali unga ariza taqdiriga doir hisobot yo‘llanadi. Bunday saytlar kelgusida mamlakatning barcha federal hudularda paydo bo‘lishi rejalashtirilgan. Shu tariqa jinoyatlarni fosh qilish yengillashishiga umid qilinmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: