Barcha masalaga oydinlik kiritadigan 5 uchrashuv

Sport 18:09 / 20.05.2017 22812

Yevropada futbol mavsumi o‘z nihoyasiga yetmoqda. Birgina Italiya A seriyasini hisobga olmaganda, qolgan barcha yetakchi chempionatlarida so‘nggi tur uchrashuvlari o‘tkaziladi. «Real» va «Yuventus» aynan shu haftada chempionlikni qo‘lga kiritishi mumkin. Tribuna.Uz barcha masalaga oydinlik kiritishi mumkin bo‘lgan uchrashuvlarga to‘xtalib o‘tdi.

«Borussiya» Dortmund — «Verder» (20 may, 18:30, Match!Futbol 3)

Foto:  Google Images

Bundesligada oltin va kumush medal masalasi hal bo‘lib ulgurgan. Sovrinli uchinchi (YeChL guruh bosqichiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma) o‘rin masalasi esa so‘nggi turda hal bo‘ladi. «Borussiya» «Verder» bilan kuch sinashsa,  «Hoffenhaym» «Augsburg»ni qabul qiladi. Bir xilda ochko to‘plab turgan jamoalarda to‘p nisbati bo‘yicha ustunlik dortmundliklarda bo‘lib turibdi. «Hoffenhaym» uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritishi uchun beshta to‘p ko‘proq farq bilan yutishi kerak bo‘ladi.

Ikki jamoa o‘rtasidagi so‘nggi 11 uchrashuvning faqat bittasida «Verder» g‘alaba qozongan. Qolgan 10ta uchrashuvning barchasida «Borussiya»ning qo‘li baland kelgan. Dortmundda bo‘lib o‘tgan so‘nggi 8 uchrashuvning barchasida «Borussiya» g‘alaba qozongan. So‘nggi marta «Verder» bu yerdan 2009 yilda g‘alaba bilan ortga qaytgandi.

«Napoli» — «Fiorentina» (20 may, 23:45 Sport, Match! Futbol 2)

Italiyada ham vaziyat shunga o‘xshash: «Yuventus» eng yaqin ta'qibchisidan 4 ochko oldinda bormoqda va bu turda «Krotone»ni mag‘lub etishiga hech kim shubha qilmayotgan bo‘lsa kerak. Shu boisdan asosiy kurash YeChL guruh bosqichiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma uchun kechishi kutilmoqda. Raqibidan bir ochko oldinda borayotgan «Roma» so‘nggi ikki turda «Kevo» va «Jyenoa»ga qarshi maydonga tushadi. Neapolliklar esa «Fiorentina» va «Sampdoriya»ga qarshi maydonga tushishi lozim bo‘ladi. «Napoli»ning kurashni davom ettirishi uchun aynan «Fiorentina»ni mag‘lubiyatga uchratishi lozim bo‘ladi.

Ikki jamoa o‘rtasidagi so‘nggi besh uchrashuvning 3tasida «Napoli» g‘alaba qozongan. Neapolda kechgan so‘nggi 4 uchrashuvning 3tasida mezbonlarning qo‘li baland kelgan. «Fiorentina» so‘nggi marta Neapolda 2014 yilning martida g‘alaba bilan ortga qaytgandi.

«Lokomotiv» — «Zenit» (21 may, 17:00, Match TV, Nash Futbol)

Agar Italiyada chempionlar ligasi uchun ikki jamoa to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma olsa, Rossiyada bu borada faqat bitta jamoa bunday imkoniyatga ega bo‘ladi. Ikkinchi o‘rinni egallagan jamoa esa YeChL saralash bosqichida qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritadi. «Spartak» chempionlik masalasini hal qilib olgach, YeChL yo‘llanmasi uchun ikki jamoa kurashni davom ettirmoqda. TsSKA «Anji» bilan kuch sinashsa, «Zenit» esa «Lokomotiv» mehmoni bo‘ladi. Moskva klubidan bir ochko ortda borayotgan piterliklar uchun oldiga qo‘yilgan vazifani bajarib bo‘lgan Syomin jamoasiga qarshi uchrashuvda g‘alaba qozonish vazifasi qo‘yilgan.

Ikki jamoa o‘rtasidagi so‘nggi o‘nta uchrashuvdan so‘nggi bittasida «Lokomotiv» «Zenit»ni mag‘lubiyatga uchrata olgan. 10 uchrashuvning 5tasida «Zenit»ning qo‘li baland kelgan bo‘lsa, 4 uchrashuvda durang qayd etilgan. «Lokomotiv» mezbonligida kechgan 9 uchrashuvning ikkitasida Lokomotiv g‘alaba qozongan. Ikki durang, 5 mag‘lubiyat.

«Arsenal» — «Everton» (21 may, 19:00, UzReport, Match! Futbol 1)

Foto:  Google Images

Arsen Vengerni qutqarib qolishi mumkin bo‘lgan uchrashuvlardan biri sifatida qabul qilinmoqda. «Arsenal» 1996 yildan buyon ilk marta to‘rtinchi o‘rindan pastroq o‘rinni egallashi mumkin. Bu degani jamoa YeChL yo‘llanmasidan quruq qolishi mumkin. Ammo kam bo‘lsada jamoada imkoniyat saqlanib qolmoqda. «Siti» londonliklardan uch ochko oldinda bo‘lsa, «Liverpul»da bir ochkoga ko‘proq. Bu ikki jamoa mos ravishda «Uotford» va «Midlsbro»ga qarshi maydonga tushadi. Venger jamoasi esa «Everton» bilan kuch sinashishi lozim.

«Liverpul» ochko yo‘qotganda, har qanday g‘alaba «Arsenal»ni to‘rtinchi o‘ringa olib chiqadi. «Siti» mag‘lubiyatga uchragan taqdirda esa «Arsenal» kamida to‘rtta to‘p farqi bilan Liverpulning ikkinchi jamoasini mag‘lub etishi kerak bo‘ladi.

«Everton» ikki jamoa o‘rtasidagi so‘nggi 20 uchrashuvning 3tasida «Everton»ning qo‘li baland kelgan. 12 uchrashuvda «Arsenal» g‘alaba qozongan bo‘lsa, 5 uchrashuvda durang qayd etilgan.

Premer-liga tashkil etilgan 1992 yildan buyon «Everton» hech qachon «Arsenal» uyidan g‘alaba bilan qaytmagan. O‘tkazilgan 24 uchrashuvning 19tasida «Arsenal» g‘alaba qozongan. Umuman olganda «Everton» so‘nggi marta «Arsenal»ni Londonda 1987 yilning martida mag‘lubiyatga uchratgan. Oradan 30 yil o‘tib bu ishni amalga oshira oladimi-yo‘qmi ertaga bilib olishimiz mumkin.

«Malaga» — «Real» (21 may, 23:00, UzReport)

Foto:  Google Images

«Barselona» Ispaniya chempioni bo‘lishi uchun «Eybar»ni mag‘lubiyatga uchratishi, «Real» esa «Malaga» uyida mag‘lubiyatga uchrashi lozim. Qolgan istalgan natijalarda Zayniddin Zidan o‘zining murabbiylikdagi faoliyati davomida ilk marta mamlakat chempioniga aylanishi mumkin.

«Barselona» bu kecha «Malaga»ga muxlislik qilishi tayin, ammo bir qiziq sabab borki, bu madridliklarni amalda chempionga aylantirishi kutilmoqda. Gap shundaki, «Malaga» Iskoni «Real»ga transfer qilayotganida futbolchi Ispaniya chempionatida zafar quchsa, uning uchun qo‘shimcha 1 million yevro bonus olishi lozim. Taqdirni qarangki, «Real»ning chempionligini hal qilib beradigan o‘yin aynan «Malaga»ga qarshi to‘g‘ri kelmoqda. Sport prinsiplari ustun keladimi yoki yo‘q, buni ertaga bilib olamiz.

Ikki jamoa o‘rtasidagi chempionat doirasida kechgan so‘nggi 10 o‘yinning bittasida «Malaga» g‘alaba qozongan. 2 uchrashuvda durang qayd etilgan bo‘lsa, «Real» 6 uchrashuvni o‘z foydasiga hal qilgan. Malagada kechgan so‘nggi to‘rt uchrashuvning faqat ikkitasida «Real» g‘alaba qozongan. So‘nggi marta «Malaga» 2012 yilning dekabrida «Real»dan ustun kelgandi.

Ko‘proq yangiliklar: