O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risidagi qonun ishlab chiqiladi

O‘zbekiston 21:16 / 05.10.2016 60486

O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi qonuniy asosda kurash olib boriladi. Shu maqsadda, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqiladi. Bu haqda, O‘zA xabar qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonning sakkizinchi bandiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Oliy sud, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda, fuqarolar va tadbirkorlarning, eng avvalo, davlat organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga, respublikaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga, shuningdek, korrupsiya tusidagi huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika qilishga qaratilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini ishlab chiqadi. 

Bundan tashqari, Bosh prokuratura jinoyat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq normalarini yanada liberallashtirish bo‘yicha hamda qonun hujjatlariga, eng avvalo, xususiy mulk daxlsizligini ta'minlashga, tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatiga asossiz aralashishga va ularning faoliyati to‘xtatib qo‘yilishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan, qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari bo‘yicha moliya-xo‘jalik faoliyati tekshiruvlarini (taftishlarni) tayinlash, o‘tkazish va ularning muddatini uzaytirishning aniq protsessual tartibi belgilanishini nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni belgilangan tartibda kiritadi. 

 

Ko‘proq yangiliklar: