O‘zbekistonlik bokschilar Osiyo chempionatida umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi

Sport 18:36 / 10.05.2016 27854

  
Boks bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Qozog‘istonda o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida uchtadan oltin, kumush va bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

Mazkur chempionatda Osiyo qit'asining yigirmaga yaqin davlatidan yuzdan ortiq sportchi bahs olib bordi.

Boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida jahon va Osiyo chempioni Bilolbek Mirzarahimov chempionatning vazni 60 kilogrammgacha charm qo‘lqop ustalari  bellashuvida oltin medalga sazovor bo‘ldi. Mustahkam himoya, aniq va kuchli zarbaga ega bokschimiz finalda hindistonlik Ankush Dahiyani katta ustunlik bilan mag‘lubiyatga uchratdi.

Osiyo boks konfederatsiyasi veb-saytida (boxingasia.org) yosh sportchimizning g‘alabasi yuksak baholandi:

“O‘zbekistonlik 17 yoshli ulkan iqtidor egasi birinchi raundda ritmni yetarlicha yaxshi his qilib, boshqacha taktika qo‘lladi, bu esa bellashuv oxirida unga omad keltirdi. Bugun Bilolbek Mirzarahimov hindistonlik raqibiga nisbatan yuqori darajada edi va u o‘z faoliyatida yana bir oltin medalni naqd qilib qo‘ydi”.

69 kilogrammgacha vazndagi bokschilar o‘rtasida ringga chiqib, Xitoy Taypeyi, Yaponiya va qozog‘istonlik sportchilarni yenggan Ulug‘bek Sobirov ham Osiyo chempioni bo‘ldi.

Og‘irligi 81 kilogrammgacha bokschilar bahsida Sanjar Tursunov tengsiz ekanini isbotladi. U turkmanistonlik Mustapa Chariyevni uchinchi raundda, xitoylik Maimaiti Maiyerdanni birinchi raundda texnik nokautga uchratib, final bellashuvida hindistonlik Reyal Puri ustidan g‘alaba qozondi va shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.

O‘z vazn toifasida Otabek Xolmatov, Shohruz Rahimov va Abdulla Hudorganov kumush medal bilan taqdirlangan bo‘lsa, Shunqor Abdurasulov, Ziyodbek O‘rolov va Shohrux Rustamov bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Ko‘proq yangiliklar: