Oltinko‘l tumanida muhim siyosiy tadbirga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda

O‘zbekiston 09:16 / 26.04.2016 6975

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qaroriga asosan shu yilning may-iyun oylarida mamlakatimizda fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovlari bo‘lib o‘tadi. Mazkur saylovlarda har birimiz konstitutsion huquqimizdan foydalangan holda jamiyat ishlarini boshqarishda bevosita yoki o‘z vakillarimiz orqali yana bir bor ishtirok etamiz.

Ma'lumki, fuqarolik jamiyatida aholining turmush farovonligi, ish bilan bandligi, kuchli ijtimoiy himoya, tadbirkorlikni rivojlantirish kabi muhim masalalar birinchi navbatda, mahalliy davlat hokimiyati hamda fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan hal etiladi. Demak, ushbu maqsadlarning amalga oshirilishida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi bo‘lmish mahalla instituti ham muhim o‘rin tutadi. Shu bois ham yurtimizda fuqarolar mustaqil faoliyatining noyob shakli bo‘lgan mahalla instituti yil sayin takomillashtirilmoqda.

Butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida ham saylovga tayyorgarlik ishlari qizg‘in tus olgan. Joylarda tuzilgan ishchi guruhlari saylovlarni mavjud qonunlarga muvofiq tarzda tashkil etish va o‘tkazish uchun tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqdalar. Bo‘lajak saylovlarda tuman bo‘yicha fuqarolar yig‘inlariga 64 rais hamda ularga 550 nafardan ziyod maslahatchilar saylanadi.

Qo‘shtepasaroy qishlog‘ining Qo‘shko‘prik mahallasida tuzilgan ishchi guruhiga Elmurodjon Shokirov rahbarlik qilyapti. Ishchi guruhi yetti kishidan iborat. A'zolari orasida mahalla faollari bor.

–Ishchi guruhimiz mahalla ko‘chalarida vakillar saylovi yuzasidan aholining umumiy yig‘ilishlarini o‘tkazyapti. Shuningdek, mahalla ahlining fikrini hisobga olgan holda fuqarolar yig‘ini raisi va uning maslahatchilari lavozimiga nomzodlar bo‘yicha takliflar tayyorlayapti, – deydi Elmurodjon. –Shu bilan birga tushuntirish ishlarini olib boryapmiz.

Darhaqiqat, yaqinlashib kelayotgan saylovlarda faol ishtirok etish, eng munosib nomzodlarning saylanishiga erishish bu har birimizning siyosiy huquqimiz ta'minlanishini anglatadi. Qolaversa, bu - yurtimiz yanada obod, turmushimiz farovon bo‘lishining muhim shartidir.

Elmurod Ermatov, Andijondan
Kun.uz sayti uchun maxsus tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: