Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Qoraqalpog‘istonda “Sahro sadosi” festivalini o‘tkazdi

O‘zbekiston 09:00 / 03.06.2023 7945

Joriy yilning 1-2 iyun kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tomonidan ilk bor “Yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz!” shiori ostida “Sahro sadosi” yoshlar festivali o‘tkazildi. Mazkur festival mamlakatimiz, shu jumladan, Qoraqalpog‘istonning turistik salohiyatini oshirishga ham xizmat qiladi.

“Sahro sadosi” yoshlar festivalini Ellikqal’a tumani hokimi Seydamat Avezov ochib berdi. Shundan so‘ng festival doirasida hokim boshchiligida mahalliy aholi va TDIU vakillari tumandagi Markaziy stadionda “5 ming qadam” loyihasini amalga oshirdi. Bolalar-o‘smirlar sport maktabida esa kurash, suvda futbol, stol tennisi kabi musobaqalar o‘tkazildi. 

1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan universitet rahbariyati Ellikqal’ada yagona bo‘lgan oilaviy mehribonlik uyidagi bolalar holidan xabar olib, bayram bilan tabriklab keldi. Festival doirasida Aqchako‘l sohilida Amfiteatr ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda “Zakovat” intellektual o‘yini, milliy sport o‘yinlari, qoraqalpoq milliy taomlari chempionatlari o‘tkazildi. Bundan tashqari, milliy kuy-qo‘shiqlar va spektakl talaba yoshlar tomonidan ijro etildi. 

Qolaversa, festival doirasida Tuproqqal’ada qoraqalpog‘istonlik va TDIU yoshlari o‘rtasida rasm chizish bo‘yicha ko‘rik-tanlov o‘tkazildi.

Festivalning ikkinchi kunida Ayozqal’ada kurash, shaxmat, shashka, arqon tortish kabi sport o‘yinlari o‘tkazildi. Bundan tashqari, qoraqalpoq afsonasi “Nazlimxon suluv” asosida universitet tomonidan film suratga olish ishlari yakunlandi.

Festival ikki kun davomida ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi. Faol ishtirok etgan yoshlar turli nominatsiyalar asosida taqdirlandi. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bir qator tashkilotlar bilan hamkorlik memorandumlari va kelishuvlarga erishdi.

Reklama huquqi asosida

Ko‘proq yangiliklar: