Rossiyada xorij fuqarosi deportatsiya o‘rniga harbiy qismga jo‘natildi - OAV

Jahon 22:23 / 03.06.2023 19357

30 yoshli Tojikiston fuqarosi Dalerjon (u familiyasini aytmaslikni so‘radi) Sankt-Peterburg yaqinida qo‘lga olindi. Sud uni mamlakatda noqonuniy bo‘lganlikda aybdor deb topib, vataniga deportatsiya qilish to‘g‘risida qaror chiqardi. Biroq u xorijliklarni vaqtincha saqlash markazidan harbiy qismga yuborildi. Bu haqda «Xolod» xabar berdi.

Dalerjon so‘zlariga ko‘ra, 4 may kuni yo‘l politsiyasi xodimlari uning mashinasini Leningrad viloyatidagi Kingisepp yaqinida to‘xtatgan. Hujjatlar tekshirilganda uning Rossiyada qolishga ruxsati yo‘qligi ma’lum bo‘lgan. Shundan so‘ng u hibsga olingan. 5 may kuni Leningrad viloyatining Kingisepp shahar sudi uni Rossiyadan mustaqil ravishda chiqib ketishdan bo‘yin tovlaganlikda aybdor deb topgan. Sud Dalerjonni 3 ming rubl miqdorida jarimaga tortish va mamlakatdan deportatsiya qilish haqida qaror chiqargan.

Tojikiston fuqarosi Sankt-Peterburg va Leningrad viloyatidagi xorijliklarni vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilib, u yerda 25 kun bo‘lgan. Keyin, 30 may kuni Leningrad viloyatidagi harbiy qismga yuborilgan.

U harbiy xizmatni o‘tash uchun shartnoma tuzmaganini ta’kidlaydi, lekin o‘zining o‘rniga boshqa odam imzo chekkanini taxmin qiladi.

«Harbiy qismda biz uchun barcha hujjatlar imzolanganini aytishdi. Men urushga bormoqchi emasman, uyga ketaman, dedim. Ular (uyga) faqat qamoqxona orqali bora olishimni aytishdi». Bu gapni aytgan odam kim ekanini Dalerjon bilmaydi. U harbiy kiyimda ekanini aytdi.

Dalerjon so‘zlariga ko‘ra, undan pasporti olib qo‘yilgan. U harbiy qismda o‘zi bilan birga O‘zbekiston fuqarosi ham borligini, u ham frontga borishni istamasligini aytdi. Ushbu qismda boshqa odamlar ham borligi, ular ko‘ngilli sifatida o‘q otish mashg‘ulotlarida ishtirok etayotganini ma’lum qildi. Dalerjon mashqlarda qatnashmayapti.

Xabarda Dalerjon aytgan O‘zbekiston fuqarosining ismi-sharifi keltirilmagan.

Ko‘proq yangiliklar: