Yakka tartibdagi tadbirkor bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan shaxslar to‘laydigan ijtimoiy soliq summasi kamaytirilmoqda

O‘zbekiston 12:57 / 01.06.2023 3778

Senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga norasmiy bandlikni qisqartirishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Qonun aholi bandligini ta’minlash va ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, norasmiy bandlik ulushini qisqartirish, shuningdek, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Qonun bilan Soliq kodeksi hamda “Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risidagi” qonunga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Amaldagi tartibga ko‘ra, yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun har oylik ijtimoiy soliq summasi miqdori yuqori edi.

Endilikda, yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun ijtimoiy soliq summasining eng kam miqdori oyiga bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizidan yiliga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravarigacha kamaytiriladi.

Lekin savdo majmualari va bozorlarda faoliyatni amalga oshirayotgan yakka tartibdagi tadbirkor bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy soliq summasi oyiga bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida majburiy tartibda to‘lanadi.

Shuningdek, amaldagi qonunchilikda shaxsiy tomorqa yer uchastkasida band bo‘lgan yer uchastka egasi yoki uning oila a’zolariga mehnat staji hisoblab chiqarilmagan.

Soliq kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga ko‘ra, endilikda, shaxsiy tomorqa yer uchastkasida band bo‘lgan yer uchastka egasi yoki uning oila a’zolariga mehnat staji hisoblab chiqariladi. Buning uchun ular tomonidan yiliga bazaviy hisoblash miqdorining kamida 1 baravari miqdorida soliq to‘lab boriladi.

Qolaversa, “Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasidan tomorqa yer uchastkasi maydoniga kamida 0,04 gektar bo‘lishi kerakligi to‘g‘risidagi talab chiqarib tashlanmoqda.

Bundan tashqari, kiritilayotgan o‘zgartishga ko‘ra, chorvachilik (qoramol, qo‘y, echki, ot va boshqalar), issiqxona, parrandachilik (bedana, kurka, g‘oz, o‘rdak), quyonchilik, asalarichilik, baliqchilik, bog‘dorchilik, limonchilik, gulchilik faoliyat turlari bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarga ularga tegishli bo‘lgan tomorqa yer uchastkasi maydoni yoki ular tomonidan parvarish qilinayotgan uy hayvonlari va parrandalarning sonidan qat’i nazar ixtiyoriy tartibda ijtimoiy soliqni to‘lashga ruxsat etilishi belgilanmoqda.

Soliq yukini kamaytirish, turli cheklov va talablarni bekor qilish ostida faqat raqam va mablag‘lar emas, buning zamirida yuz minglab fuqarolarimizning ijtimoiy himoyasi turibdi. 

Ya’ni bundan buyon ularning ish staji hisobi yuritiladi, pensiya hisoblanadi va boshqa mehnat huquqlari kafolatlanadi.

Biroq qonun to‘laqonli ishlab ketishi, yurtdoshlarimizni aytib o‘tilgan ijtimoiy kafolatlar bilan real qamrab olinishi uchun ushbu kiritilayotgan yangiliklardan aholi, ayniqsa norasmiy sektorda band bo‘lganlarning xabardorlik darajasini oshirish talab etiladi.

Shuningdek, ushbu normalarning mazmun-mohiyatini tushuntirish bo‘yicha ishlar faqatgina davlat organlari tomonidan amalga oshirilmasligi kerak. Jarayonga nodavlat sektor resurslarini ham jalb qilish lozim. O‘zbekiston ish beruvchilari Konfederatsiyasi va uning ta’sischilari bo‘lgan uyushmalar shular jumlasidandir.

Norasmiy sektorda band bo‘lganlarning rasmiy mehnat munosabatlari maydoniga olib chiqilishidan davlat ham, nodavlat sektori ham birdek manfaatdordir”, — deya ta’kidlagan Senat raisi Tanzila Norboyeva qonun muhokamasida.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Ko‘proq yangiliklar: