Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi ma’lumotlar deklaratsiya qilinadi - Senat bu to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi

O‘zbekiston 11:32 / 01.06.2023 18255

Ta’kidlanishicha, mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan islohotlar bilan bir qatorda, bugungi kunda ayrim yo‘nalishlarda muammolar saqlanib qolmoqda. Bir qator qonun hujjatlarida manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida tushuntirish berilgan bo‘lsa-da, davlat organlari va muassasalarida ularni amalga oshirish va nazorat qilishning aniq mexanizmlari belgilanmagan. Sohada yagona amaliyotni shakllantiruvchi vakolatli organ mavjud emas, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabar berish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmagan.

“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunda davlat organlarining manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish yoki uni bartaraf etish talablari buzilishiga yo‘l qo‘ygan xodimlari, shuningdek, ularning rahbarlari qonunchilikka muvofiq javobgar bo‘lishi belgilangan bo‘lishiga qaramasdan, qonunchilik hujjatlarida javobgarlik masalalari nazarda tutilmagan.

“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonun yuqoridagi muammolarni bartaraf etishi bilan birga korrupsiyaviy holatlarni keltirib chiqaruvchi manfaatlar to‘qnashuvi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.

Qonun bilan manfaatlar to‘qnashuvining tushunchasi, davlat xizmatchilarining majburiyatlari hamda uni tartibga solish bo‘yicha aniq mexanizmlar belgilangan. Qonun bilan uning qo‘llanilish doirasi aniqlashtirilmoqda.

Qonun davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat muassasalariga, davlat unitar korxonalariga, davlat maqsadli jamg‘armalariga, shuningdek, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlariga, ustav fondida davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning ulushi jami 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.

Davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining yaqin qarindoshlari, davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi va (yoki) uning yaqin qarindoshlari qaysi yuridik shaxsning ustav fondi aksiyalariga yoki ulushlariga egalik qilsa, o‘sha yuridik shaxs ushbu xodimga aloqador shaxs hisoblanishi mustahkamlanmoqda.

Davlat tashkiloti faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solishda vakolatli organlar belgilanmoqda.

Endilikda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, davlat tashkilotlarining odob-axloq komissiyalari, kadrlar bo‘linmalari va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solishni amalga oshiradigan organlar sifatida mustahkamlanmoqda.

Qonunda davlat tashkiloti xodimlariga nisbatan manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha cheklovlar, manfaatlar to‘qnashuviga oid talablarni buzganlikning huquqiy oqibatlari, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan holda qabul qilingan va tuzilgan bitimlarni sud tartibida haqiqiy emas deb topish asoslari, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlik choralari belgilanmoqda.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Ko‘proq yangiliklar: