Ko‘rishda nuqsoni bor nogironligi bo‘lgan shaxslar budjet hisobidan sog‘lomlashtirib boriladi

O‘zbekiston 11:35 / 01.06.2023 3780

“Nogironligi bo‘lgan shaxslarni sog‘lomlashtirish hamda O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati a’zolariga tibbiy xizmat ko‘rsatishda yanada qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Loyihaning maqsad va vazifasi – ko‘rishda nuqsoni mavjud nogironligi bo‘lgan shaxslarni O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyatiga qarashli “Yangiyo‘l” yurak-asab kasalliklari sihatgohida sog‘lomlashtirish yo‘llanmalari xarajatlarini davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berish.

Taklif etilayotgan qaror loyihasi qabul qilinishi natijasida:

2024 yildan boshlab O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati tavsiyasiga asosan ko‘rishda nuqsoni mavjud nogironligi bo‘lgan shaxslarga O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyatiga qarashli “Yangiyo‘l” yurak-asab kasalliklari sihatgohiga yo‘llanmalar berish joriy etiladi;

har yili 1200 nafar ko‘rishda nuqsoni mavjud nogironligi bo‘lgan shaxslarning “Yangiyo‘l” yurak-asab kasalliklari sihatgohida sog‘lomlashtirish xarajatlari davlat budjeti hisobidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan qoplanadi.

Dam oluvchi sihatgohda 12 kunlik sog‘lomlashtirish kursidan tekin o‘tish huquqiga ega bo‘ladi va dam oluvchiga mazkur qaror doirasida ikki yilda bir martadan ko‘p yo‘llanma ajratilishi taqiqlanadi.

Qaror loyihasiga muvofiq, har yili 1200 nafar ko‘rishda nuqsoni mavjud nogironligi bo‘lgan shaxslar “Yangiyo‘l” yurak-asab kasalliklari sihatgohida davlat budjeti mablag‘lari hisobidan sog‘lomlashtirib boriladi.
 
2024 yil uchun davlat budjeti parametrlari doirasida 1200 nafar shaxslarning sog‘lomlashtirilishi uchun 3,4 mlrd so‘m (bir yilda) mablag‘ talab etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: