CNN: Tramp maxfiy hujjatlarni saqlab kelganini tan oldi

Jahon 11:23 / 01.06.2023 4635

AQSh prokuraturasi sobiq prezident Donald Trampning Oq uydan olib ketgan maxfiy hujjatlardan birini muhokama qilgani yozilgan audioyozuvni topdi. Bu haqda 31 may, chorshanba kuni manbalarga tayanib CNN xabar berdi. 2021 yil yozida yozilgan audioyozuvda Tramp Eronga ehtimoliy hujum haqida Pentagonning maxfiy hujjati borligini tan olgan. Sobiq prezident hujjat AQSh Qurolli kuchlari shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi, general Mark Millidan olinganini da’vo qilgan. 

Tramp saylovoldi kampaniyasi vakili CNN xabariga izoh berar ekan, bunday «sizib chiqish»lar faqat «keskinlikni kuchaytirish»ga qaratilganini aytdi. «Adliya vazirligining prezidentlik saylovlariga aralashuvi davom etishi uyatdir va bu asossiz tergovni, AQSh soliq to‘lovchilarining pullarini demokratik siyosiy sabablarga ko‘ra behuda sarflashni to‘xtatish kerak», dedi u. 

2022 yilda FTB Trampning Floridadagi Mar-a-Lago mulkidan 300 dan ortiq hujjatni qaytarib oldi: ulardan 184 tasi 15 qutida AQSh Milliy arxivlar va yozuvlar boshqarmasiga yanvar oyida yuborilgan, 38 tasi Trampning advokati tomonidan tergovchilarga topshirilgan. 8 avgust kuni sud ruxsati bilan o‘tkazilgan tintuv paytida 100 dan ortiq hujjat topildi. FTB agentlari tomonidan Tramp qarorgohida topilgan hujjatlar ro‘yxatiga, jumladan, «o‘ta maxfiy» va «maxfiy» hujjatlar ham kiritilgan. 

Ko‘proq yangiliklar: