Jamshid Qo‘chqorov ShHTda yangi qo‘mita tuzishni taklif qildi

O‘zbekiston 10:57 / 29.05.2023 6401

O‘zA xabariga ko‘ra, forumning ochilishi hamda yalpi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda nafaqat ShHT maydonidagi, balki Osiyo, Afrikadagi Xitoy tajribasiga qiziqqan davlatlar vakillari ishtirok etmoqda.    

Forum ishida O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov boshchiligidagi mamlakat delegatsiyasi ham qatnashyapti. Yalpi yig‘ilishda so‘zga chiqqan Jamshid Qo‘chqorov forum ahamiyatini ta’kidlab o‘tdi.  

–O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirish borasida muhim farmon va qarorlar qabul qildi. Kasbga o‘qitish, imtiyozli kredit ajratish va yumshatilgan soliq, ish o‘rni yaratish, munosib ish haqi to‘lash kabi bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan islohotlar amalga oshirilmoqda, – dedi bosh vazirning o‘rinbosari. – Bu ishlarga davlat 1 milliard dollarga teng mablag‘ ajratdi. Natijada 2022 yilning o‘zida 1 million odam kambag‘allikdan chiqarildi.  

Jamshid Qo‘chqorov yalpi majlisda O‘zbekiston tomonining amaliy takliflarini ham aytdi.  

–Kambag‘allikni qisqartirish tajribasi Xitoyda orttirilgan va bugun barcha mamlakatlarga taklif etilayotgan bo‘lsa-da, har bir davlat uni boyitib boryapti. Masalan, O‘zbekistonda qishloq aholisi turmush sharoitini yaxshilash, infratuzilma yaratish, ta’lim, sog‘liqni saqlash sohalarini rivojlantirish, kichik biznes yuritish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor berilmoqda. Hatto har bir mahallada hokim yordamchisi instituti tashkil etildi. Shuning uchun ham ShHT qoshida kambag‘allikni qisqartirish tajribasini tahlil va targ‘ib qiluvchi doimiy faoliyat ko‘rsatadigan qo‘mita tuzishni taklif etaman, – dedi Jamshid Qo‘chqorov.  

Yalpi yig‘ilishda so‘zga chiqqan Pokiston bosh vaziri o‘rinbosari Mirza Muhammad Afridi, ShHT Bosh kotibi Chjan Min, Shansi provinsiyasi vitse gubernatori Van Syao Chen va boshqalar kambag‘allikni qisqartirish umuminsoniy muammo va zamon oldida turgan vazifa, u bilan hamjihatlikda kurashish zarur, dedilar.

Ko‘proq yangiliklar: