Mirziyoyev Erdo‘g‘anni prezident saylovidagi g‘alaba bilan tabrikladi

O‘zbekiston 22:00 / 28.05.2023 17433

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 may kuni telefon orqali muloqotda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni bugun bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida erishgan ishonchli, tarixiy g‘alabasi bilan samimiy qutladi.

«Saylovning ikkinchi turida saylovchilar ishtirokining yuqori darajasi va ovoz berish natijalari qardosh Turkiya xalqi amaldagi davlat rahbarining siyosati va islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlayotganining ishonchli ifodasi ekani qayd etildi.

Suhbatda O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Oliy darajadagi Kengashning navbatdagi yig‘ilishi kun tartibini tayyorlash maqsadida barcha darajalarda faol muloqotlarni davom ettirishga kelishib olindi.

Davlat rahbarlari xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar», deyiladi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabarida.

  • Turkiyada bugun, 28 may kuni prezidentlik saylovlarining ikkinchi turi bo‘lib o‘tdi. 14 may kuni o‘tkazilgan birinchi turda nomzodlarning hech biri g‘alaba uchun talab qilingan 50 foizdan ortiq ovozga erisha olmagandi.
  • Dastlabki natijalarga ko‘ra, saylov byulletenlarining 97 foizi hisob-kitob qilinganidan keyin amaldagi prezident 52,14 foiz ovoz to‘plagan, muxolifat nomzodi Kamol Qilichdoro‘g‘liga saylovchilarning 47,86 foizi ovoz bergan.
  • Saylovda davomat 85 foizdan ortiqroqni tashkil etgan (birinchi turda saylovchilarning 90 foizga yaqini saylov uchastkalariga borgandi).
Ko‘proq yangiliklar: