Poliklinikalarda navbatlar: vazirlik prezident topshirig‘ini qachon bajaradi?

Jamiyat 19:47 / 19.04.2023 24775

Poliklinikalardagi navbatlar – aksariyat o‘zbekistonliklar uchun juda tanish manzara. Ayniqsa, yosh bolali va homilador ayollar, keksalar – poliklinikalarda navbatda turuvchi asosiy qatlamdir.

Kun.uz muxbiri muammoni o‘rganar ekan, Toshkentdagi bir nechta oilaviy poliklinikalarda bo‘lib, bemorlar va shifokorlar bilan suhbatlashdi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali fikrlar yig‘di. Nega hamon aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishda qulaylik masalasi yechilmaganini o‘rganishga harakat qildi.

“Navbatlar bo‘lishi tabiiy hol, lekin...”

Poytaxtdagi poliklinikalardan birida ishlaydigan shifokorning aytishicha, navbatlar kun davomida emas, asosan ertalab kuzatiladi.

“Toshkent shahridagi poliklinikalardan birida 2022 yildan beri ishlayman. Navbatlar bo‘ladi, chunki odam juda ko‘p, hududdagi ko‘p mahalla, bog‘cha va maktablar bizga qaraydi. Navbat bo‘lishi tabiiy hol. Ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limida ko‘pchilik ishlashni xohlamaydi, chunki juda boshog‘riq joy. O‘tgan hafta bir bemor rosa janjal qildi. Navbatlar asosan ertalab 8dan 10gacha bo‘ladi. Ertalabdan hamma doktorga ko‘rinib, ishini bitirib ketgisi keladi. Masalan, mening qabulimga kelgan bemorlar ham ko‘p hollarda betoqatlik qiladi. “Tezroq ko‘ring, ketishim kerak” deyishadi. Sabr nimaligini bilmaydi.

Mana bugun (14 aprel) vazirlikdan tekshiruv bor. Keyingi paytlar tekshiruvlar juda ko‘paydi. Kasal qolib, hujjat tayyorlaymiz. Bu hisobotlar tizimni rivojlantirmaydi, ishimizmi qiyinlashtiradi”.

Toshkentdagi poliklinikalardan biri. Kun.uz

Kun.uz suhbatlashgan yana bir poliklinika xodimi navbatlar poliklinikaning og‘riqli nuqtasi ekani, shu sababli kelgan bemorlarni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi bo‘limda ishlash qiyinligini aytadi.

“Oilaviy poliklinikada patronaj edim, sog‘lig‘im tufayli registraturaga o‘tdim. Lekin registraturaning ishi oson emas ekan. Hammaga muomala qilaverib, tinkam qurib qolyapti. Navbat kutolmay, sabri chidamay baqirib ketadigan bemorlar borligi uchun ko‘pchilik bu bo‘limda ishlashni xohlamaydi. Navbat kutib turganlarga yosh bolasi bor ayollarni o‘tkazib yuborishlarini so‘rab, chiroyli muomala qilib o‘tkazib yuboraman. Navbatlar asosan qon topshirish va laboratoriyaga. Poliklinikamizda “jivoy” navbatda turishadi. Kompyuterlar endi olib kelindi. Kim kelsa, anketasini olib beraman, o‘zidan oldin kelgan odamdan keyin navbatga turaveradi”.

Uning gaplaridan tushunish mumkinki, navbatlar yuzaga kelishining yana bir sababi – shifokorlar zimmasidagi og‘ir yuklama. Ular bemorlarni ko‘rishdan tashqari, bir nechta ro‘yxatlarni shakllantirib berishga ham majbur.

“Shifokorlarga ham oson emas. Tepadan ularga katta yuklama berilgan. Bemorlarni tekshirishdan tashqari yozuv-chizuv, majlislar ham bor. Bemorlar buni tushunmaydi, “bizni ko‘rmay, qayerga ketyapsan?” deydi. Shifokor ham bemorlarni ko‘rib, ham yozuv-chizuvini qilib, yana odamlardan gap eshitsa… Nahotki shuni tepadagilar o‘ylamaydi? Masalan, har kuni “onkonazorat”da turadiganlar ro‘yxati yig‘ib beriladi, keyin har bir bemorga telefon qilib, analiz topshirib ketishi aytiladi. Bemorni doktor ko‘rikdan o‘tkazgach, ro‘yxat tuzish kerak, ro‘yxatni ham doktor, ham hamshira berishi kerak. Agar bir xil ro‘yxat bermasa, yana gap eshitadi. Nechta aholi “D” nazoratida, nechtasi nogironlik, nechtasi ko‘r-soqov, nechtasi temir daftarda, nechtasi ayollar daftarida turadi – hammasining ro‘yxatini qilib berish talab qilinadi. Yana arzimas oylikka ishlaymiz, tepadagilar “oylik olyapsan”, deb baqiradi. Bir shifokor 1 mln 400 ming so‘m oylik oladi, lekin uning ishi 4-5gacha. Shaxsan men 1 mln 200 ming so‘m olaman. O‘zingiz o‘ylang, shu pulga ishlasa bo‘ladimi? Lekin buni odamlar tushunmaydi”.

Navbatda turgan ayollar...

Toshkent shahridagi bir nechta oilaviy poliklinikalarda bo‘lib, navbatlar asosan ginekolog-shifokor xonasi oldida yuzaga kelganiga guvoh bo‘ldik.

Bir nechta ayol biz bilan suhbatda ginekologga navbati kelishini kamida 1-2 soat kutishga to‘g‘ri kelishini aytadi. Toshkent shahridagi o‘ziga yaqin poliklinikaga farzandini emlashga olib boradigan Lobar esa emlashga navbat kutish katta mashaqqatligini ta’kidlaydi.

“Farzandimni emlash uchun yonimizdagi oilaviy poliklinikaga 5 marta chiqqanman. Kamida bir soat, ko‘pi bilan 3-4 soat navbat kutaman”, – deydi u.

Yana bir ayol poliklinikaga borganida, bir kun uchun umuman navbat yo‘qligi sababli xususiy shifoxonaga borishga majbur bo‘lganini aytadi.

“Yangihayot tumanida yashayman. Skrining maqsadida poliklinikaga ertalab soat 8:30da borganimda, navbat allaqachon to‘lib bo‘lgan ekan. Chunki bir kunda ko‘pi bilan 20 nafar ayolni skrining qila olishar ekan, shu sababli navbat raqamlari 20 tagacha. Bu raqamlar esa tong sahardayoq tugab bo‘lar ekan. Biz-ku xususiy klinikaga borib qo‘ya qoldik, lekin bunga imkoni bo‘lmaganlar-chi? Davlat tibbiyotda hamma uchun bo‘lmasa ham, hech bo‘lmaganda homilador ayollar va bolalar uchun normal sharoit yaratishi kerak-ku?”

Facebook'ka joylagan so‘rovnomamizga ham aholi vakillari bu borada fikrlarini bildirdi.

Shahnoza:

“O‘zimdan misol keltirsam. Poliklinikamizda bitta ginekolog bor. U ham 9dan 14gacha ishlaydi. Xonada UZI apparati yo‘q. UZIga tushib kelganingizdan keyin yana navbat kutishingizga to‘g‘ri keladi. Menimcha, ginekologlar sonini ko‘paytirish kerak. UZI apparati ham xonada bo‘lgani yaxshi”.

Farhod qizi:

“Homilador vaqtimda soat 9da klinikaga navbat olib ketardim. Tushdan keyin 2-3larda borsam ham navbatim kelishiga 2-3 soat bo‘lardi. Lekin mutaxassis o‘z ishining ustasi edi. Shunday mutaxassislar ko‘paymas ekan, boshqa qilingan choralar bari bekor”.

Shohjahon Akbar:

“Hamma homilador ayollarni bir kunda chaqirishadi. Ertalab borib peshinda qaytardim. Tik oyoqda turishga to‘g‘ri kelardi, stul yetmasdi. Tug‘ish vaqti yaqinlashgan yoki yoshi katta homilador ayollar o‘tirardi. Chaqirgan kunining ertasiga borsam, navbat deyarli bo‘lmasdi”.

Charos:

“Faqat ginekolog emas, boshqa shifokorlarga ham navbat bo‘ladi. Lor, bolalar shifokori, tish doktori, xullas... Navbatsiz shifokor qabuli yo‘q. Navbatga qo‘yishni to‘g‘ri tashkil qilish kerak”.

Sitora:

“Poliklinikaga chiqsak, hududiy vrachlar faqat obedgacha yoki obeddan keyin ishlardi. Unda ham qog‘ozbozlikdan bo‘shashmas edi”.

Oysha:

“Haqiqatan ham shunday turnaqator navbat. Keles tuman Nurhayot mahallasi 22-oilaviy poliklinikaga ertalab soat 7:00dan navbat olish boshlanadi. 6:30 boshlanadigan paytni ham ko‘rdim. Homilador bo‘lib doktorga bunaqa navbatni birinchi ko‘rishim. Bizda ayollar ko‘pmi yoki ginekolog kammi, bilmayman.

Homilam 7 oylik bo‘lgunicha Isroilda yashaganman. Biror marta ginekologga navbatni ko‘rmadim. Bir kun oldin navbatga yozilasiz va o‘sha vaqtda sizni qabul qilishadi. Yana ginekologning o‘zida UZI apparati bor: ham ko‘rib qo‘yadi, ham UZI qiladi. Bizda UZIga ketsangiz, navbatingiz o‘tib ketadi, keyin yana kelib navbat olasiz. Navbatingiz kelganida doktor “ish vaqtim tugadi”, deydi. 22-poliklinikadagi ginekolog bir vaqtning o‘zida 2 yoki 3 ta bemorga qaraydi. Yana shoshilganidan unga aytadigan shikoyatlaringiz yodingizdan chiqib ketadi. Yana 20 ta bemor ko‘raman deb nomer beriladi, undan ortig‘ini ko‘rishga ulgurmayman deydi”.

Vazirlik izohi

Poliklinikalarda navbat kutishga majbur bo‘layotgan ayollar haqidagi savolimizga Sog‘liqni saqlash vazirligi bo‘lim boshlig‘i Barno Tursunova javob berdi.

“Juda to‘g‘ri, akusher-ginekolog xonasi oldida ayollar ko‘p navbatda turib qolyapti. Sabablari bor. Birinchisi, homilador ayollar tez-tez ambulator ko‘rikdan o‘tib turadi. Ikkinchisi, ko‘p tarmoqli poliklinikalarda ayollar maslahatxonasiga homilador ayollarimiz perinatal skriningdan o‘tish uchun kelishadi. Uchinchisi, fertil yoshidagi ayollarimiz tug‘uruq yoshi optimal bo‘lishi va sog‘lom oila yaratish uchun kontrotseptiv vositalardan olish uchun kelishadi. Shunday holatlarda tirbandlik holatlari yuzaga kelishi mumkin”, – deydi u.

Tursunova navbatlar uzun deb ginekologlar sonini ko‘paytirib bo‘lmasligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, shundoq ham ginekologlar soni 2021 yilda tasdiqlangan shtat me’yorlariga asosan 1,5 barobar oshirilgan.

“Har bitta poliklinikada ayollar maslahatxonasi tashkil qilindi. Avval u ham yo‘q edi. 8,5 mingta doya shtatlari joriy qilindi. 2022 yil yanvardan 4900ta, 2023 yildan 3600ta doya shtati berildi. Tirbandlik masalasiga kelsak, buning oldini olish uchun bizda universal patronaj tizim joriy qilingan. Ya’ni ayollar homilador bo‘lganda qanday ovqatlanish ratsioni va gigiyena qoidalariga rioya qilishi kerakligi haqida 8900 nafar doyamizni o‘qityapmiz. Ular kelgusida hozirda shifokor qilayotgan ishlarning bir qismini qilishadi. Ayollarning uyida maslahat berish tizimi joriy qilinadi. Hozir doyalarni o‘qitish jarayonidamiz, u tizim ham yurishib ketadi”.

2017 yildan poliklinikalar soni keskin qisqargan

Sog‘liqni saqlash vazirligining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda bugungi kunda 2300 tadan ziyod ambulator-poliklinika muassasalari bor (poliklinika va oilaviy shifokor punktlari).

2017 yil 1 yanvar holatiga ularning soni 3361 ta bo‘lgan. Raqamlar poliklinikalar soni yangi hukumat davrida 31,6 foizga qisqarganini ko‘rsatyapti.

Davlat statistika agentligi ma’lumotlariga tayansak, poliklinikalar soni kamayishi 2017 yilga to‘g‘ri keladi. Vazirlikning tushuntirishicha, bu – 2017 yildagi prezident farmoni asosida samarasiz faoliyat yuritayotgan qishloq vrachlik punktlari maqbullashtirilgani bilan bog‘liq.

“6110-sonli farmonga muvofiq, ularning sonini ko‘paytirish maqsadida yangi oilaviy poliklinikalar tashkil qilish rejalashtirildi. 2021 yilda 128ta, 2022 yilda 136ta oilaviy poliklinika va oila shifokorlik punktlari tashkil qilindi. 2023 yilda yana 140tasini tashkil qilish rejalashtirilgan.

Olis hududlarda joylashgan mahallalarda 1002ta ixcham konteynerlar tashkil qilindi, bu yil yana 500ta tashkil qilinishi reja qilingan”, – deydi SSV bo‘lim boshlig‘i Barno Tursunova.

Elektron navbat qachon yo‘lga qo‘yiladi?

Resurslar cheklangan sharoitda ulardan foydalanishni tartibga solishga raqamlashtirish yordam berishi mumkin. Bemorlar uyida o‘tirib, yagona portal va mobil telefoni orqali shifokor huzuriga navbatga yozilib qo‘yilishi, navbati kelgan vaqtda poliklinikaga borishi asabbuzarliklarni kamaytiradi.

Aslida, bu tizim joriy etilishi haqidagi va’dalarga ancha bo‘ldi. 2020 yildagi qarorga muvofiq, 2022 yil mart oyiga qadar “Elektron poliklinika” axborot tizimi joriy etilishi kerak edi.

“Elektron poliklinika” tizimi ro‘yxat va ma’lumotlarni avtomatlashtirish, yagona elektron ambulatoriya tibbiy kartasini yuritish kabi afzalliklarga ega. Bunda bemorlar masofadan turib, o‘zi uchun qulay vaqtda shifokor ko‘rigiga navbat olishi mumkin bo‘ladi.

Biroq Kun.uz muxbiri Toshkent shahridagi poliklinikalarda odamlar hamon jonli navbatda turganiga guvoh bo‘ldi. Bemor poliklinikaga kelganda “Ro‘yxatga olish” bo‘limidan anketasini oladi va ko‘p hollarda shifokor huzuriga kirish uchun jonli navbatda turadi. Ayrim poliklinikalarda ro‘yxatga olish bo‘limi xodimlari bemorlarning qo‘liga qog‘ozga yozilgan navbat raqamini berishadi.

Nima sababdan o‘tgan yil yo‘lga qo‘yilishi kerak bo‘lgan tizim hamon oqsayapti? Sog‘liqni saqlash vazirligi bo‘lim boshlig‘i Barno Tursunovaning so‘zlariga ko‘ra, “Elektron navbat” tizimini yo‘lga qo‘yish uchun ayrim muammolar bor.

“Birinchisi – bizda mavjud bo‘lgan aytimed tizimi. U “Elektron navbat” tizimini joriy qilib berishi kerak.

Ikkinchisi – muassasalardagi tayyorgarlik masalasi. Ya’ni lokal tarmoqlar o‘rnatilgani, kompyuter texnikasi borligi.

Uchinchisi – me’yordagi internet tezligi.

Eng muhimi, tibbiyot xodimlari shu tizimdan foydalanish ko‘nikmasini hosil qilgan bo‘lishi kerak.

Bugungi kunda har xil kompaniyalar tomonidan elektron navbat tizimi joriy qilingan, lekin bu elektron navbat sog‘liqni saqlash tizimining talablariga javob bermaydi. Chunki hozirgi holatda aholi kelib navbatga yozilishi kerak, xohlagan elektron tizim onlayn ishlaydi – aholi uyidan turib, smartfonidan foydalangan holda navbatga yozilishi va navbati kelgan vaqtda murojaat qilishi kerak. Vazirning talabiga asosan, bu tizim ishlab chiqildi. Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida qisman joriy qilindi. Bu tizim bosqichma-bosqich boshqa hududlarga ham joriy qilinadi”, – deydi Barno Tursunova.

Ko‘rib turganingdek, prezident qarorida belgilab qo‘yilgan talab o‘z vaqtida bajarilmayapti, uni ijro etishdagi mas’uliyatsizlik uchun esa javobgarlik masalasi kun tartibida emas. Qolaversa, elektron navbatga yozilish qachondan joriy etilishi borasida ham aniq muddatlar borga o‘xshamayapti.

Madina Ochilova tayyorladi 
Operator va montajchi – Nuriddin Nursaidov

Ko‘proq yangiliklar: