«Har bir gapimga qaytarib uraverdi» – Surxondaryoda kaltaklangan o‘qituvchi ayol voqea tafsilotlarini so‘zlab berdi

Jamiyat 21:03 / 19.04.2023 113423

18 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi 31-maktabning 2 nafar ayol o‘qituvchisi erkak hamkasbi tomonidan do‘pposlangani aks etgan video tarqaldi. Shundan so‘ng, Bosh prokuratura mushtumzo‘r qo‘lga olingani, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi holat vazir nazoratiga olinganini ma’lum qildi.

19 aprelda esa do‘pposlangan ayollardan biri «Hudud24» internet nashriga bergan intervyusida aslida holat qanday bo‘lgani haqida gapirib berdi.

Ayolning aytishicha, «ko‘k rangli bosh kiyim kiyib olgan erkak» ularni do‘pposlagandan keyin darhol ichki ishlar organiga qo‘ng‘iroq qilishgan, og‘ir jarohatlar bo‘lmagani uchun tez yordam chaqirilmagan.

«Aslida urush, janjal, uradigan darajadagi voqea bo‘lgani yo‘q. Bizning direktor bilan hal qiladigan muammomiz bor edi, shunga maslahatlashmoqchi bo‘lib direktorning xonasiga kirgandik.

Ikki kun oldin ota-onalar yig‘ilishi bo‘lgan, maktabda men bo‘lmagandim. Janjalda men qatori tayoq yegan o‘qituvchi shu majlisda qatnashgan. Shunda bir ayol maktabda bir erkak va ayol o‘qituvchining xiyobonlarda, maktab hududida ham qo‘l ushlashib yurganini aytib, isbot tariqasida unda videotasvir borligini aytgan. U ayolning kimligini bilishmagan, shoshib chiqib ketishgan.

Biz butun o‘qituvchilar isnodga qolib yurmaylik, kimligini bilaylik, aniqlik kiritaylik, voqeani direktorga aytaylik, dedik. Bir kun oldin shunga kelishdik. O‘sha paytda oldimizda boshqa birov yo‘q edi, ammo hech qaysimiz o‘ylamagan ekanmiz, bizning gaplarimiz telefon orqali yozib olinib turgan ekan», – deydi u.

Ma’lum bo‘lishicha, 14 aprel kunining ikkinchi yarmida ayollar direktor qabuliga kirishga hozirlanadi. Shunda kimdir jismoniy tarbiya o‘qituvchisiga «bir guruh ayollar direktorning oldiga kirib, seni muhokama qilishyapti» degan xabarni bergan va u erkak majlis bo‘layotgan xonaga kirib kelgan. Ayol «bu yerda ayollar yig‘ilishi bo‘lyapti» deyishiga qaramay, direktorning yonidagi o‘rindiqqa o‘tirib olgan.

«Direktor hammaga umumiy qilib “ha, nima bo‘lyapti?” deb savol berdi. Shunda u o‘rnidan turdi-da, besh barmog‘ini yozib “nima deyapsan, sen kimsan o‘zi, maktab meniki, bilganimni qilaman”, dedi. Keyin “manaviyam gapirmasin” deb menga qarab kitobni uloqtirdi. Kitob menga tegmadi, u shahd bilan men tomonga aylanib keldi, o‘rnimdan turdim, ammo men uradi deb o‘ylaganim ham yo‘q. U esa yuzim aralash boshimga aylantirib solib, hojiligimni aytib, ketma-ket haqorat qila boshladi.

Chiqib ketmoqchi edim, u meni yana urdi. Qayta-qayta tayoq yeganimdan keyin “direktorning huzurida, ish joyimizda shuncha ayolni ursa-yu, bizni egamiz yo‘qmi, so‘raydigan yo‘qmi, deganimda “seni hech kim so‘ramaydi”, deb yana qaytarib urdi. Har bir gapimga qaytarib uryapti-da.

Shunda “opa sizga hech narsa degani yo‘q-ku” degan Abdusamatova Marg‘uba ustozni urib ketdi. Yana meni burchakka tiqib, o‘ng oyog‘ining tizzasi bilan biqinimga tepdi. Hammamiz xuddi tulki burchakka qamagan tovuqlarday turibmiz, qo‘lini paxsa qilib boshimizda turibdi, bir nima desak, kelib uryapti, tinmay haqorat qilyapti», – deya voqeani eslaydi jabrlanuvchi.

Ayolning aytishicha, o‘sha videodagi oq ko‘ylakdagi odam, maktab direktori «uchastkovoy» bilan gaplashganda janjalga ataylab aralashmaganini aytgan. Bu buni o‘shanda o‘zi ham kaltaklanishi mumkin bo‘lgani bilan izohlagan.

Ayni vaqtda jabrlanuvchilar shifoxonada qolmoqda. Ikkinchi o‘qituvchining bosh miyasi jarohatlangan bo‘lishi mumkinligi, boshi, bo‘yni bilan qisib og‘riyotgani, umurtqaning eng pastida og‘riq borligi aytilmoqda.

«O‘sha kuni ichki ishlarga murojaat qildik. Avval o‘zimiz uchastka noziriga telefon qildik. U qayerdadir yig‘ilishdamiz dedi. Nima bo‘lganini maydalab so‘rab turdi. Biz kameraga tushgan kadrlar yo‘qolib qolishidan qo‘rqdik, 102 ga telefon qildik.

Darrov ikkita mashinada yetib kelishdi. Shu yerning o‘zida biz bilan suhbat qilib, uni bitta mashinada, bizni boshqa mashinada olib ketishdi», – deydi ayol.

O‘qituvchi ayolning so‘zlariga ko‘ra, mushtumzo‘r maktab direktorligiga da’vo qilgan, uning tinimsiz janjallari, «yoza-yoz»laridan keyin avvalgi maktab direktori o‘z xohishi bilan maktabdan ketgan. Uning avval ham jamoa bilan, direktor o‘rinbosarlari bilan tez-tez kelishmovchiliklari bo‘lib turgan.

Ko‘proq yangiliklar: