Prokuror Qozondagi maktabga hujum qilgan shaxsga umrbod qamoq jazosi berilishini so‘radi

Jahon 09:23 / 30.03.2023 6768

Tatariston prokuraturasi suddan 2021 yil may oyida Qozon gimnaziyalaridan birida 9 kishi halok bo‘lgan otishmada ayblanayotgan Ilnaz Galyaviyevni umrbod qamoq jazosiga hukm qilishni so‘radi. Bu haqda 29 mart, chorshanba kuni Rossiya Bosh prokuraturasi ma’lum qildi.

Idora xabarida aytilishicha, tomonlarning Tatariston Respublikasi Oliy sudidagi majlisi chog‘ida viloyat prokurori Ildus Nafikov sudga Galyaviyevni birinchi 5 yilni qamoqda o‘tkazish, so‘ngra maxsus rejimli axloq tuzatish koloniyasida umrbod qamoq jazosiga hukm qilishni taklif etgan.

2021 yil 11 may kuni kollej o‘quvchisi Galyaviyev qonuniy ravishda sotib olingan miltiq va qo‘lbola portlovchi moslama bilan qurollanib, o‘zi bir paytlar o‘qigan maktabga bostirib kirib, tartibsiz o‘q uzgan. Hujum oqibatida to‘qqiz kishi (shu jumladan yetti bola) halok bo‘ldi, ularning aksariyati sakkizinchi sinf o‘quvchilari edi. Yana 23 kishi jarohatlangan. Ishda jabrlanuvchi sifatida 600 dan ortiq kishi qatnashyapti.

Otishma sodir etgan shaxsga miya kasalligi tashxisi qo‘yilgan. U o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lib, qurbonlarning yaqinlaridan kechirim so‘radi. Kompleks psixologik-psixiatrik ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ayblanuvchi aqli raso deb topildi, u jinoiy javobgarlikka tortiladi.

2021 yil dekabrida Galyaviyevga Jinoyat kodeksining to‘rt moddasi bo‘yicha yakuniy ayblov e’lon qilindi: ikki yoki undan ortiq shaxsni, shu jumladan voyaga yetmaganlarni umumiy xavfli yo‘l bilan o‘ldirish va o‘ldirishga suiqasd qilish; portlovchi moddalar va portlovchi qurilmalarni ishlab chiqarish va saqlash; shuningdek, o‘zganing mulkini qasddan yo‘q qilish va shikastlash.

Ko‘proq yangiliklar: