Turkiyada O‘zbekistonning 13 fuqarosi qidirilmoqda

O‘zbekiston 21:52 / 07.02.2023 37826

Turkiyada O‘zbekistonning 13 nafar fuqarosi vayronkor zilzilalar zonasida qidirilmoqda. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.

«2023 yil 7 fevral soat 17:00 holatiga Turkiyadagi tabiiy ofat oqibatida 1 nafar fuqaro vafot etgan, 15 nafar vatandoshlarimiz qidirilayotgan edi, bulardan 2 nafari bilan aloqa o‘rnatilib, 13 nafarini qidiruv ishlari davom etmoqda», deyiladi xabarda.

O‘zbekistonning Turkiyadagi diplomatik vakolatxonalari, shuningdek, 17 nafar vatandoshni, jumladan, 13 nafar sportchini tabiiy ofat hududidan Istanbulga olib borishda yordam bergan.

Qidiruv ishlari va yordam ko‘rsatish ishlari davom etmoqda.

Bundan avvalroq O‘zbekiston TIV Malatya viloyatida O‘zbekistonning bir fuqarosi halok bo‘lgani va 4 nafar o‘zbekistonlik qidirilayotgani haqida xabar bergandi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 6 fevral kuni Turkiya janubi-sharqida sodir bo‘lgan 7,8 balli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 4 544 nafarga yetgan, 26 725 kishi jarohat olgan. Shuningdek, Suriyada 1700 dan ortiq kishi vafot etib, 5 mingga yaqin kishi jabrlangan.

Ko‘proq yangiliklar: