Turkiya kuchli zilzila oqibatida 3 metrga yaqin siljigani aytildi

Jahon 22:31 / 07.02.2023 31629

Kuchli zilzila tufayli Turkiya uch metrga yaqin siljidi. Bu haqda Italiya Geofizika va vulqonologiya milliy instituti prezidenti Karlo Dolioni ma’lum qildi.

Falokatli hodisa natijasida Arabiston plitasi Anadolu plitasiga nisbatan janubi-g‘arbiy yo‘nalishda harakatlangan. Bu esa 15-20 kilometr chuqurlikda «transkurrent» yoriqni keltirib chiqargan.

Dolioni so‘zlariga ko‘ra, Turkiya Suriyaga nisbatan 5-6 metrga siljigan. Ammo aniq ma’lumotlar yaqin kunlarda ESA Sentinel va ASI CosmoSkymed sun’iy yo‘ldoshlari tomonidan olib borilgan kuzatuvlardan so‘ng ma’lum bo‘ladi.

Yoriq uzunligi 190 kilometr va kengligi 25 kilometr bo‘lgan maydonni qamrab oldi va to‘qqiz soatlik farq bilan ikkita eng kuchli zilzilaga sabab bo‘ldi. Ular Turkiya janubida va Suriya shimolida sodir bo‘lib, magnitudasi mos ravishda 7,8 va 7,5 ballga yetgan. Bu mintaqa seysmik «qaynoq nuqta» hisoblanadi, chunki u Anadolu, Arab, Yevroosiyo va Afrika plitalari kesishmasida joylashgan. Ular bir-biri bilan muntazam to‘qnashadi.

Zilzilalar uzoq davom etadigan «seysmik epidemiya»ning bir qismi bo‘lib, u kunlar, oylar va hatto yillar davomida takrorlanishi mumkin. Dolioni so‘zlariga ko‘ra, plitalar to‘qnashuvi natijasida yig‘ilgan energiya tarqalib ketmaguncha, silkinishlar davom etaveradi.

Turkiya seysmologiya xizmati sunami xavfi haqida ham signal bergan edi, biroq hosil bo‘lgan to‘lqin kuchsiz va kichik bo‘lib, balandligi atigi 30 santimetrga yetdi.

Ko‘proq yangiliklar: