Soliq qarzlari, penyalar va undiruvlarga moratoriy - sovuq tufayli tadbirkorlarga yengilliklar berilyapti

Iqtisodiyot 17:40 / 07.02.2023 30044

Tadbirkorlar soliq qarzlarini 1 iyulga qadar bo‘lib to‘lashi mumkin. Bundan tashqari, tadbirkorlik sub’yektlarining soliq qarziga penya hisoblash 2023 yil 1 aprelgacha to‘xtatiladi. Bundan maqsad – havo harorati keskin sovib ketishining iqtisodiyotga salbiy ta’sirini kamaytirish. Bu borada prezident qarori qabul qilindi.

Kun.uz Soliq qo‘mitasining soliq qarzini undirishni tashkil qilish departamenti bosh inspektori Bekzod Jalilovdan bu tartib borasida izoh oldi.

“Tadbirkorlik sub’yektlarining 2022 yil yanvarga nisbatan 1 fevral holatiga oshgan, ya’ni hosil bo‘lgan soliq qarzini 2023 yil 1 martdan 1 iyulgacha – 4 oy muddatgacha bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi. Bu imkoniyatdan tadbirkorlar foizsiz, garov ta’minotisiz va qo‘shimcha shartlarsiz foydalanishi mumkin. Masalan, “A” korxonaning 1 yanvar holatiga 100 mln so‘m qarzi bor. 1 fevral holatiga 180 mln so‘mni tashkil etadi. Shunda yanvar oyida 80 mln so‘m soliq qarzi hosil bo‘lgan. Shu soliq qarzini 1 martdan 1 iyulgacha 4 oy muddatda bo‘lib to‘laydi. 80 mln so‘mni har oy 20 million so‘mdan teng ulushlarda to‘lash imkoniyati berilyapti. Qaror kuchga kirgan sanadan, ya’ni 2023 yil 3 fevraldan boshlab barcha soliq qarzlariga 1 aprelgacha penya hisoblash to‘xtatiladi”.

Qaror 3 fevral kuni kuchga kirdi, ammo u 6 fevralda e’lon qilindi. 3 kun ichida tadbirkorlardan penya undirilgan bo‘lsa, bu pullar qaytarib beriladi. Buning uchun yozma ravishda soliq qo‘mitasiga murojaat qilish lozim.

Shuningdek, tadbirkorlarning soliq qarzlarini bo‘lib to‘lash borasidagi arizasi Soliq qo‘mitasi tomonidan 5 kun muddatda ko‘rib chiqiladi.

“Tashqi savdo operatsiyalari uchun muddati o‘tgan debitorlik qarzdorligi uchun jarima qo‘llanishi 1 aprelga qadar to‘xtatiladi. Qaror kuchga kirgan sanagacha jarima qo‘llangan bo‘lsa, ularni undirish ham to‘xtatib turiladi”, – dedi Soliq qo‘mitasi mas’uli.

Soliqqa oid moratoriylardan tashqari, qarorda tadbirkorlar uchun yana ayrim yengilliklar nazarda tutilgan.

  • Tadbirkorlar 2022 yil dekabr va 2023 yil yanvar-fevral oylarida davlat mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovlarini 2023 yil 1 martdan 1 iyulgacha teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lashi mumkin.
  • Tadbirkorlar tomonidan bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olingan davlat aktivlari bo‘yicha 2022 yil dekabr va 2023 yil yanvar oylarida to‘lanishi lozim bo‘lgan to‘lovlar, shu jumladan dastlabki to‘lov to‘lanmagani uchun foizlar va penyalar hisoblash 2023 yil 1 aprelgacha to‘xtatib turiladi.
  • 2022 yil dekabr va 2023 yil yanvar oylarida davlat xaridlari doirasida tuzilgan shartnomalar shartlari havo haroratining keskin sovib ketishi tufayli bajarilmagani uchun tadbirkorlarga jarima va penyalar qo‘llanmaydi.
  • Havo haroratining keskin sovib ketishi oqibatida qiyinchiliklarga duch kelgan tadbirkorlarga nisbatan 2023 yil 1 aprelgacha davlat foydasiga undiruvlar bilan bog‘liq sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining majburiy ijrosi to‘xtatiladi.
  • Tadbirkorlarga havo haroratining keskin sovib ketishi oqibatida nosoz holga kelgan asosiy vositalarni ta’mirlash uchun ajratilgan kreditlar bo‘yicha kredit summasining 50 foizigacha (50 foizi ham kiradi), lekin umumiy qiymati 2,5 mlrd so‘mdan oshmagan miqdorda kafillik beriladi.

Madina Ochilova tayyorladi.
Operator – Javohir G‘ayratov,
Montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov.

Ko‘proq yangiliklar: