Bir yilda 3 gigavatt yangi quvvat: energetikadagi yirik loyihalar

Iqtisodiyot 14:11 / 02.02.2023 73988

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan bir qancha loyihalar amalga oshirilyapti. Jamiyat va davlat hayotida kuzatilayotgan bu kabi o‘zgarishlar, eng avvalo, elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj ham o‘sishiga olib kelmoqda. Respublikadagi elektr energiyasining 85-90 foizi issiqlik elektr stansiyalarida (IES) ishlab chiqariladi. Qurilmalar nihoyatda eskirib ketgani va elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun tabiiy gaz yoqilg‘isi yetishmasligi oxirgi yillarda tez-tez kuzatilayotgan anomal issiq va sovuq kunlarda taqchillikni yuzaga keltirmoqda.

Energetika – iqtisodiyot, umuman, taraqqiyotning “qon tomiri” hisoblanadi. Iste’molning yilda yilga oshib borayotgani, resurslar qisqarib borishi va qimmatlashishi, importga bog‘liqlik kuchayishiga olib kelmoqda. O‘z navbatida, atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash masalasi bugungi kundagi eng muhim jihatlardan biri hisoblanadi. Shu sababli qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish kun sayin muhim ahamiyat kasb etib bormoqda.

O‘zbekiston yashil energetikaga qanday o‘tmoqda?

Yashil energetikani rivojlantirish uchun katta miqdorda moliyaviy sarmoya talab etiladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda energetika sohasiga investorlarni jalb qilish potensiali ham, sohaga xorijiy investorlar tomonidan bildirilayotgan qiziqish ham mavjud.

Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda umumiy quvvati 2897 megavattga teng quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha xalqaro kompaniyalar bilan 10ta bitim imzolangan. Ushbu loyihalarning umumiy qiymati qariyb 3 milliard dollarni tashkil etib, ularning barchasi xorijiy kompaniyalar tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga amalga oshiriladi.

2021 yilning avgust oyida Navoiy viloyatining Karmana tumanida birinchi 100 megavatt quvvatli yirik quyosh fotoelektr stansiyasi, 2022 yilning may oyida Samarqand viloyatining Nurobod tumanida ham xuddi shunday ikkinchi stansiya ishga tushirildi.

2023-2024 yil yakuniga qadar umumiy quvvati 1197 megavatt bo‘lgan 5 ta, jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak, Surxondaryo viloyatining Sherobod, Jizzax viloyatining G‘allaorol, Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on va Navoiy viloyatining Nurota tumanlarida ham quyosh va shamol elektr stansiyalari foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan.

2024-2025 yillarda Buxoro viloyatining Peshku va G‘ijduvon tumanlarida hamda Navoiy viloyatining Tomdi tumanida har birining quvvati 500 megavattdan bo‘lgan 3 ta shamol elektr stansiyasi ishga tushiriladi.

Bundan tashqari, 2024 yil oxirigacha Buxoro viloyatida 250 megavatt, Xorazm viloyatida 100 megavatt quvvatlik fotoelektr stansiyalar qurilib, ishga tushiriladi.

Hozirda Namangan viloyatida umumiy quvvati 150 MW bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi; Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida 300 MW quvvatli quyosh elektr stansiyasi va energiya saqlovchi tizimlar; Qoraqalpog‘iston Respublikasida 200 MW quvvatli shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha tender tanlovlari davom etyapti.

Reja bo‘yicha, 2026 yilga borib O‘zbekistonda umumiy quvvati 8 000 megavattga teng quyosh va shamol elektr stansiyalari, 868 megavatt quvvatga ega gidroelektr stansiyalari ishga tushirilishi kutilmoqda.

“2030 yilgacha 30 foiz elektr energiyasi qayta tiklanadigan manbalardan ishlab chiqariladi”

Yevropaning EU Reporter axborot-tahlil portali yozishicha, O‘zbekiston 2026 yilgacha qayta tiklanadigan manbalardan elektr energiyasining 25 foizini ishlab chiqarish majburiyatini olgan va 2050 yilga borib karbonat angidrid chiqindilarini nolga tenglashtirish bo‘yicha o‘z oldiga maqsad qo‘ygan.

«Hukumat qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish orqali energetika sektorini o‘zgartirish tarafdori. O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatini 2026 yilga borib 8 GVtga, 2030 yilga borib esa 12 GVtga oshirish niyatida», deya O‘zbekiston energetika vaziri birinchi o‘rinbosari Azim Ahmadxo‘jayev so‘zlaridan iqtibos keltiradi EU Reporter.

Euronews'ning qayd etishicha, O‘zbekiston 2030 yilgacha 30 foiz elektr energiyasini qayta tiklanadigan manbalardan ishlab chiqarishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

O‘zbekistonda quyosh yiliga o‘rtacha 330 kun nur taratgani bois bu yerda quyosh energiyasidan foydalanish imkoniyati juda katta. Mamlakat kelgusi yillarda quyosh energiyasidan maksimal darajada foydalanishga intilmoqda, deb xulosa qiladi Euronews.

O‘zbekiston gidroenergetik salohiyatning atigi 24 foizidan foydalanmoqda

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti tahlillariga ko‘ra, O‘zbekistondagi daryo oqimlarining nazariy gidroenergetika salohiyati yiliga 88,5 mlrd kVt soatni, texnik gidroenergetika salohiyati esa 27,4 mlrd kVt soatni tashkil etadi. Hozirda ushbu imkoniyatlarning 24 foizidan foydalanilmoqda.

Gidroenergetika sohasida yiliga o‘rtacha 6 mlrd kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Uning aholi jon boshiga ulushi 168 kVt soatni tashkil etadi.

2022 yilda jami elektr energiyasining 9 foizi (6,5/74,3 mlrd kVt soat) va amaldagi quvvatlarning qariyb 12,9 foizi (2 072/16 030 MW) gidroelektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, hududlarda innovatsion texnologiyalar (suv to‘lqinlari, turbulent oqimli gidroturbina, shnekli turbinalar)dan foydalangan holda qo‘shimcha elektr energiyasini ishlab chiqarish imkoniyatlari bor. Misol uchun, sug‘orish kanallaridagi barcha suv olish nuqtalariga 18,5 ming dona turbulent oqimli gidroturbinalarni o‘rnatish natijasida 1,1 million uy xo‘jaligini sof elektr energiyasi bilan ta’minlash mumkin. Bu jami uy xo‘jaliklarining 15 foizini tashkil etadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 yanvar kuni energiya ta’minotini yaxshilash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi hamda gidroenergetika tarmog‘idagi rejalar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimot haqidagi rasmiy xabarda aytilishicha, so‘nggi yillarda gidroenergetika yo‘nalishida 500 million dollarlik 27 ta loyiha amalga oshirilib, qo‘shimcha 260 megavattli quvvatlar yaratildi. “O‘zbekgidroenergo” tizimidagi stansiyalarning umumiy quvvati 2 ming megavattdan oshdi. Bu yiliga 2 milliard kub metr tabiiy gaz tejalmoqda, degani.

2023 yilda gidroenergetikada 197 megavattli 7 ta loyiha va 10 ta mikro GES ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Keyingi bir necha yilda Farg‘ona vodiysining o‘zida 100 ta mikro GES qurilishi kutilmoqda (Andijonda 41 ta, Namanganda 32 ta va Farg‘onada 27 ta).

Vodiy viloyatlarida, shuningdek, ijtimoiy soha obektlari va sanoat korxonalariga 160 megavattli quyosh panellari o‘rnatilishi ham ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda 1 fevral kuni Andijonga tashrifida aytib o‘tgan prezident Shavkat Mirziyoyev yashil energetikaga o‘tishni tezlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

2023 yil uchun qanday loyihalar mavjud?

Joriy yil yakuniga qadar respublikada umumiy quvvati 2910,6 MW bo‘lgan 7ta elektr stansiya (1ta IES, 1ta shamol, 3ta quyosh va 2ta GES) ishga tushirilishi (yagona elektr tarmog‘iga ulanishi) rejalashtirilgan. Xususan:

  • Sirdaryo viloyatining Shirin shahri va Boyovut tumanlari hududida quvvati 1500 MW bo‘lgan zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi;
  • Navoiy viloyatining Tomdi tumanida quvvati 500 MW bo‘lgan shamol elektr stansiyasi;
  • Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida quvvati 457 MW bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi;
  • Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida quvvati 220 MW bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi;
  • Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida quvvati 220 MW bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari ishga tushirilishi (yagona elektr tarmog‘iga ulanishi) rejalashtirilgan.

Ahamiyatlisi, ushbu elektr stansiyalar xorijiy kompaniyalar tomonidan 100 foiz to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, gidroenergetikada:

  • Samarqand viloyatida umumiy quvvati 13,6 MW bo‘lgan 2 ta gidroelektr stansiya ishga tushiriladi;
  • To‘palang GES modernizatsiya qilinadi va uning quvvati amaldagi 30 MWdan 175 MWga oshiriladi.
Energetika vazirligi taqdim etgan ma’lumotlar asosidagi diagramma

Energetika vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2017-2022 yillarda umumiy hisobda 5021 MW yangi quvvatlar ishga tushirilgan. Taqqoslash uchun, 1991-2016 yillarda bu ko‘rsatkich 3300 MWni tashkil qilgan.

2022 yilning o‘zida umumiy quvvati 1474 MW bo‘lgan 7 ta yangi elektr stansiya ishga tushirilgan.

Muammoli jihatlar nimada?

Birinchidan, sohaga yetarli darajada investitsiya jalb qilish uchun erkin bozor yaratish talab etiladi.

Bozorni bir kunda yaratib bo‘lmaydi, bu juda murakkab ish, ammo amalga oshirish imkonsiz bo‘lgan vazifa ham emas. Ko‘plab mamlakatlar bu yo‘lni bosib o‘tgan, O‘zbekiston ularning tajribalarini o‘rganishi kerak.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yil yakuni bo‘yicha parlamentga qilgan an’anaviy murojaatnomasida tabaqalashtirilgan tariflarga va umuman erkin bozorga o‘tish bosqichma-bosqich bo‘lishini ta’kidladi.

Ikkinchidan, mulk huquqini ta’minlash. Investorlar mablag‘larini xavf-xatarga qo‘ygan holda, barcha risklarni inobatga olib, O‘zbekistonda stansiya quradi va mijozlarni jalb qilgan holda ishlab chiqargan elektr energiyasini yetkazib beradi. Bu borada ularga huquqiy kafolatlar bo‘lishi kerak.

Doston Ahrorov

Ko‘proq yangiliklar: