Sayyohlar soni oshmoqda. Bu O‘zbekiston uchun qanchalik foyda?

O‘zbekiston 18:42 / 31.01.2023 31066

Sayyohlar O‘zbekistonda qancha mablag‘ qoldirmoqda?

2017 yilda O‘zbekistonga 2,7 mln nafar turist kelgan bo‘lsa, o‘tgan 2022 yilda ularning soni 1,9 barobarga o‘sib, 5,2 mlnni tashkil qildi. Bu koronavirus pandemiyasidan chiqqan, 2021 yilda 1 mln 880 ming nafar sayoh tashrif buyurgan O‘zbekiston uchun yaxshigina ijobiy ko‘rsatkich. Qolaversa, ichki turizm ko‘rsatkichlari ham har yili yuqorilamoqda. 2022 yilda ichki sayohat qiluvchilar soni 2017 yilga nisbatan (10,5 mln nafar) 107,0 foizga o‘sib, 11,3 mln nafarni tashkil qildi. Bu yil esa xorijiy sayyohlar soni 7 mln nafarga yetishi prognoz qilinmoqda.

Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi
Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi

Mablag‘lar bilan ifodalaydigan bo‘lsak, turizm xizmatlari eksporti o‘tgan yilda 1,6 mlrd dollarni tashkil etdi (2017 yilda 531 mln dollar). Sobiq turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimovning ma’lum qilishicha, 2019 yilda sayyohlar O‘zbekiston shaharlarida o‘rtacha 195 dollargacha mablag‘ sarflab, 2-3 kun qolishgan bo‘lsa, 2022 yilda sayohatlar davomiyligi 4-5 kunga, sarf-xarajatlar esa 305 dollargacha oshgan.

Sayyohlar oqimi ko‘payishining asosiy sababi

O‘zbekistonga sayyohlar oqimi oshishiga asosiy sabablardan biri mamlakatga kirishdagi viza rejimi soddalashtirilishida, deyish mumkin. 2018 yildan boshlangan xorijiy davlatlar fuqarolari uchun kirish vizasi bekor bo‘lgan davlatlar soni 2022 yilga kelib 93 taga yetdi. Shuningdek, 2018 yildan boshlab 56 ta davlat fuqarolari uchun elektron kirish vizalarini berish tizimi ishga tushirildi, 47 ta davlat uchun besh kunlik tranzit vizasiz kirish tartibi belgilandi. 55 yoshga to‘lgan va turizm maqsadida 30 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga respublikaga keluvchi XXR, AQSh va Vetnam fuqarolari uchun vizasiz kirish rejimi joriy qilindi.

Ko‘p yillar davomida O‘zbekistonda sayohat qilish oson bo‘lmagan. Kirish vizasini olish uzoq va murakkab jarayon edi. Buning ustiga sayohatchilar har kecha mehmonxonada ro‘yxatdan o‘tishlari kerak edi. Bu mamlakatni kashf qilishni istagan ko‘plab sayohatchilarni to‘xtatdi. Endi bunday emas va viza jarayoni ancha osonlashdi.

Ammo shu sababli O‘zbekistonda hamon sirli aura mavjud. Odamlar O‘zbekiston tashrif buyurish uchun xavfsiz mamlakatmi yoki undan qochish kerakmi, bilishmaydi. O‘zining “-iston” qo‘shimchasi tufayli mamlakat ko‘pincha Afg‘oniston kabi kamroq mashhur va xavfli yo‘nalishlar bilan bog‘lanadi. O‘zbekiston hech qayerga o‘xshamaydigan davlat. Bu Samarqand, Buxoro va Xiva kabi ajoyib arxitekturaga ega qadimiy shaharlarga, shuningdek, dunyodagi eng ajoyib metro bekatlariga ega mamlakat”, - deb yozmoqda belgiyalik sayohatchi Sintiya Bil.

Sintiya Bil

Statistik ma’lumotlarga yuzlanadigan bo‘lsak, Qozog‘iston, Janubiy Korea, Hindiston kabi davlatlardan O‘zbekistonga tashrif buyuruvchilar soni yillar davomida deyarli o‘zgarmagan bo‘lsa, Qolgan MDH, Yaqin Sharq, Yevropa mamlakatlari, shuningdek, AQSh, Braziliya, Kolumbiya, Avstraliya, Nigeriya, Marokko, Shri-Lanka, Nepal kabi davlatlardan kelgan sayyohlar soni so‘nggi 5 yilda bir necha 10 baravarga oshgan.

Turistlar soni ko‘paygan, xizmat ko‘rsatish darajasi-chi?

2017 yilda joylashtirish vositalari soni 767 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda ularning soni 5 mingtaga yetkazildi. 2018 yilda 106 ta (o‘rinlar soni 841 ta) oilaviy mehmon uylari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 3,1 mingta va o‘rinlar soni 27,8 mingga yetkazildi. Shu bilan birgalikda sohada tadbirkorlik sub’yektlari soni ortdi. Turistlarga xizmat ko‘rsatuvchi sub’yekt va obektlar soni 4091 (2017 yilda – 749 ta) taga, jumladan, turoperatorlar – 1663 ta (2017 yilda – 749 ta), turagentlar – 119 ta (2017 yilda – mavjud bo‘lmagan) va gid-ekskursovod soni 2309 taga (2017 yilda – 574 ta) yetkazildi. 2018-2022 yillarda sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida yo‘l bo‘ylari va aholi gavjum joylardagi 7,6 mingta sanitariya-gigiyena shoxobchalari holati yaxshilandi (3,9 mingta yangidan ko‘rildi, 3,7 mingta ta’mirlandi). Respublikadagi mavjud avtomobillarga yoqilg‘i quyish stansiyalarining 96 foizida sanitariya-gigiyena shoxobchalari tashkil qilingan.

Muammolar-chi?

Erishilgan yutuqlar o‘zimizniki. Lekin hal etilishi zarur bo‘lgan masalalar ham hali talaygina. Ulardan ba’zilariga to‘xtalib o‘tsak:

Yo‘l. Turizmda yo‘l infratuzilmasi eng asosiy omillardan biri sanaladi. Turistik shaharlar, obektlar, yo‘nalishlararo yo‘llarning ahvoli yaxshilanmas ekan, bu sayyohlarda O‘zbekiston turizmiga nisbatan antipatiya uyg‘otadi.

Transport. Mahalliy sayyohlar uchun shaharlararo transportlar qatnovi ham juda noqulay. Masalan, Surxondaryodan Samarqand, Buxoro, Xivaga to‘g‘ridan to‘g‘ri qatnovchi transportlar faoliyati yo‘lga qo‘yilmagan. Boshqa viloyatlar bilan ham bunday noqulayliklar mavjud.

Raqamli xizmat ko‘rsatish. Mingdan ortiq joylashtirish vositalari mavjud O‘zbekistonda ularning joylashuvi, narxlari, xizmat ko‘rsatish turlari bo‘yicha yagona platforma shakllantirilmagan yoki bor platformalarga ham barchasining ma’lumotlari joylashtirilmagan. Bu esa mehmon uylari, hostellar, arzon mehmonxonalar qidirgan ichki va xorijiy sayyohlar uchun qo‘shimcha qiyinchilik tug‘diradi.

Ekstremal, tibbiyot, gastronomik, agro, eko, tarixiy turizm yo‘nalishlari bo‘yicha har bir hududlar uchun qulay yo‘nalishlar shakllantirilmagan.

Yaqindagina qayta tashkil etilib, Aziz Abduhakimovdan Ozodbek Nazarbekov boshqaruviga o‘tgan sohani yanada rivojlantirish uchun istiqbolda qanday vazifalar borligini, o‘ylaymizki, tizim tepasida turganlar yaxshi anglashadi.

Sardorbek Usmoniy tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: