Londonda badavlat rossiyalik biznesmen hibsga olindi. Bu Fridman bo‘lishi mumkin

Jahon 21:38 / 03.12.2022 13274

Buyuk Britaniyaning Jinoyatchilikka qarshi kurashish milliy agentligi (NCA) «badavlat rossiyalik tadbirkor» pul yuvish, Ichki ishlar vazirligini aldash va yolg‘on ko‘rsatma berish uchun til biriktirish kabi jinoyatlarda gumonlanib hibsga olinganini ma’lum qildi.

Agentlik saytida yozilishicha, 58 yoshli erkak 1 dekabr, payshanba kuni Londondagi qarorgohida NCA kleptokratiyaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan hibsga olingan. 

Binoda ishlagan 35 yoshli erkak ham hibsga olingan. U bir necha ming funt naqd pul solingan sumka bilan binodan chiqishga uringan. 

Yana bir mahbus, 39 yoshli erkak Londondagi uyida bir qator jinoyatlar, jumladan, pul yuvish va firibgarlik uchun til biriktirganlikda gumonlanib hibsga olingan. 

Rossiyalik tadbirkorning millionlab funt sterling turadigan uyini tintuv qilish chog‘ida bir nechta raqamli qurilmalar va katta miqdordagi naqd pul musodara qilingan. 

Hibsga olinganlar NCA tomonidan so‘roq qilingan va keyinchalik garov evaziga qo‘yib yuborilgan. Agentlik «rossiyalik badavlat tadbirkor» va boshqa ishtirokchilar ismini oshkor qilmadi. 

Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, bu tadbirkor sanksiyalar ostida bo‘lgan rossiyalik oligarx Mixail Fridman bo‘lishi mumkin. U ham 58 yoshda va Londondagi Athlone House qarorgohida yashaydi. 

Mixail Fridman Rossiyaning eng boy odamlaridan biri hisoblanadi. U bir qator kompaniyalarda, xususan, «Alfa Grupp»da o‘z ulushiga ega. 2015 yildan beri Fridman Buyuk Britaniya rezidenti bo‘lib, 2016 yilda Londondagi Athlone House villasini 65 million funt sterlingga sotib olgan. 

Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi boshlangan urush tufayli «Alfa Grupp» asoschilari (Mixail Fridman, Pyotr Aven va German Xan) Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqining sanksiyalariga tushgan. 

Ko‘proq yangiliklar: