AQSh dunyodagi birinchi 6-avlod bombardimonchi samolyotini namoyish etdi

Jahon 15:26 / 03.12.2022 24239

Qo‘shma Shtatlar oltinchi avlod B-21 Raider bombardimonchi samolyotini taqdim etdi, ishlab chiqaruvchining fikriga ko‘ra, u kelajakda Amerika harbiy aviatsiyasining tayanchiga aylanadi. Mudofaa vaziri Lloyd Ostin 2 dekabr, juma kuni bo‘lib o‘tgan taqdimotda bu AQShda so‘nggi 30 yil ichida yaratilgan birinchi yangi bombardimonchi samolyot ekanini ma’lum qildi.

B-21 Raider dunyodagi birinchi oltinchi avlod bombardimonchi samolyot hisoblanadi, deydi ishlab chiqaruvchi Northrop Grumman va uni «AQSh harbiy-havo kuchlari strategik bombardimonchi flotining navbatdagi evolyutsiyasi» deb atadi. Yuqori texnologiyali raqamli yashirin bombardimonchi oddiy va yadroviy qurollarni olib yurishga qodir. U «dushmanning havo hujumidan mudofaa tizimiga kirib bora oladi va dunyoning istalgan nuqtasidagi obektlarni nishonga oladi», deb ta’kidlaydi ishlab chiqaruvchi. 

Northrop Grumman bosh ijrochi direktori Keti Uordenning so‘zlariga ko‘ra, B-21 oldingi B-2 modellariga o‘xshasa-da, «ichkariga kirganingizdan so‘ng, o‘xshashlik yo‘qoladi». «Uning ichki ishlashi B-2 bilan solishtirganda juda ilg‘or, chunki texnologiya hisoblash qobiliyatlari nuqtayi nazaridan shunchalik rivojlanganki, endi biz uni B-21 dasturiy ta’minotiga kiritishimiz mumkin», dedi Uorden. 

«Ushbu samolyotning yaratilishiga yashirin texnologiyalarning ellik yillik yutuqlari sabab bo‘ldi. Hatto eng ilg‘or havo mudofaa tizimlari ham B-21'ni osmonda aniqlay olmaydi», - dedi Ostin. 

Oltita bombardimonchi samolyot Kaliforniyadagi Northrop Grumman zavodida yakuniy yig‘ish va sinovdan o‘tishning turli bosqichlarida, deb xabar qildi kompaniya. Hammasi bo‘lib 100 ta samolyot ishlab chiqarish rejalashtirilgan, deya qayd etgan CNBC telekanali.

Pentagon va ishlab chiqaruvchi B-21 narxini oshkor qilmayapti. Reuters eslatishicha, 2010 yilda AQSh harbiy-havo kuchlari uni 550 million dollarga baholagan, bu bugungi kunda 753 million dollarga to‘g‘ri keladi. Yakuniy xarajat Pentagon qancha bombardimonchi sotib olishiga bog‘liq bo‘ladi. 

«Yaqin kelajakda biz bu samolyotni uchiramiz, sinovdan o‘tkazamiz va keyin ishlab chiqarishga kiritamiz. Kelayotgan strategik muhitga mos keladigan miqdorda bombardimonchi kuchlarni yaratamiz», - dedi Ostin. Birinchi parvoz 2023 yildan oldin amalga oshirilmaydi, deb ma’lum qildi ishlab chiqaruvchi. 

Ko‘proq yangiliklar: