“35,1 ming gektar yer talon-toroj qilingani bo‘yicha 987 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan” – Bosh prokuratura hay’at yig‘ilishi tafsilotlari

O‘zbekiston 18:50 / 03.12.2022 15647

Hay’at majlisida Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev ma’ruza qilib, joriy yilda prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklarga birma bir to‘xtalib o‘tdi, deb xabar bermoqda idora matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, 2022 yilning o‘tgan davrida prokuratura organlari tomonidan aniqlangan qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 116 mingga yaqin nazorat hujjatlari qo‘llanib, 217 ming fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangan. Prokuror tekshirishlari va dastlabki tergov davomida aybdor shaxslardan fuqarolarga va davlat manfaatlariga yetkazilgan 1,5 trln so‘mlik zararning undirilishi ta’minlangan.

Aholini ijtimoiy muhofaza qilish, bandligini ta’minlash, muhtoj oilalarni, yoshlar va xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab - quvvatlashga oid qonunchilik ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Bevosita prokurorlar sa’y-harakati bilan qisqa muddatda 161 mingdan ortiq ehtiyojmand oilaga ko‘mak berilgan, qariyb 175 ming nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlangan.

Hay’at yig‘ilishida mavjud muammolarni bartaraf qilish borasida ayrim hududlarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqid qilinib, tadbirlarni yanada jonlantirish, ayniqsa, “Mahallabay” ishlarni samarali tashkil etish, tegishli daftarlarga kiritilgan fuqarolar bilan manzilli ishlash bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosiga e’tiborni yanada kuchaytirish zarurligi ta’kidlangan.

Tadbirkorlik sub’yektlarini har tomonlama qo‘llab - quvvatlash, qulay biznes muhitini yaratish masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tilgan. Qayd etilishicha, tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, eksport hajmini oshirish kabi iqtisodiyot rivojidagi dolzarb yo‘nalishlarda tizimli tadbirlar amalga oshirilib, 7 ming nafardan ortiq tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklangan, 25 ming nafardan ortig‘iga muammolarini bartaraf etishda ko‘maklashilgan.

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Tadbirda qurilish sohasida qonuniylikni ta’minlash, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirishga oid investitsiya dasturlari, shu jumladan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari ijrosi ahvoli ham muhokama qilingan.

Jumladan, Bosh prokuraturada tashkil qilingan alohida shtab va ishchi guruhlar tomonidan dasturlar ijrosi qat’iy nazoratga olingan, qonunbuzilishlarni, ayniqsa, ajratilgan mablag‘lardan oqilona va samarali foydalanish, talon-torojliklarning oldini olish bo‘yicha boshqa idoralar bilan hamkorlikda tizimli tadbirlar amalga oshirilayotganligi qayd etilgan.

Bosh prokuror o‘z chiqishida sohada nazoratni yanada kuchaytirish bo‘yicha 2022 yil 11 noyabrdagi “Qurilish loyihalarini amalga oshirishda nazorat mexanizmlarini takomillashtirish, jarayonning ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori ijrosini so‘zsiz ta’minlash lozimligini xodimlarga uqtirgan.

Yig‘ilishda yer resurslaridan samarali va oqilona foydalanishni ta’minlash masalalariga ham to‘xtalib, bu borada o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida o‘zboshimchalik bilan egallanganligi aniqlangan 3 336 gektar yer maydonlari zaxirasiga qaytarilishi ta’minlanganligi, shuningdek, 35 161 gektar yer maydonlarini talon-toroj qilish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan 987 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligiga urg‘u berildi.

Ushbu masalada prokuratura organlari zimmasiga katta mas’uliyat va javobgarlik yuklatilganligi mas’ullarga yana bir bor uqtirilib, galdagi vazifalar belgilab berilgan.

Qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishga oid vazifalar ijrosi, ayniqsa oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash ishlariga jiddiy e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlangan.

Yangi yil bayrami kunlarida aholini sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, bu borada dehqon bozorlari va ijtimoiy soha obektlarida savdo yarmarkalarini tashkil etishga doir vazifalar ijrosini ta’minlash lozimligi qayd etilgan.

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Bosh prokuror o‘ta dolzarb bo‘lgan jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlarini tashkil qilish borasidagi muammolar va yo‘l qo‘yilayotgan xato-kamchiliklarni keskin tanqid ostiga oldi.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi tadbirlarini yanada kuchaytirish, vaziyatning barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchining omillarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish, jinoyatga jazo muqarrarligini ta’minlashning barcha choralarini ko‘rish zarurligi qat’iy ta’kidlangan.

Sudlarda fuqarolik, jinoiy, ma’muriy va iqtisodiy ishlar ko‘rilishida prokuror vakolatini ta’minlash masalalari ham hay’at e’tiboridan chetda qolmagan.

Sudda prokuror vakolatini samarali ta’minlash, ayniqsa, sud ishlariga asossiz aralashishlarning oldini olish, shu bilan birga, noqonuniy sud qarorlariga nisbatan o‘z muddatida munosabat bildirib borish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab berilgan.

So‘z yuritilganidek, xalq bilan ochiq muloqot qilish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni hal etishga ustuvor ahamiyat qaratilib, hisobot davrida 220 mingdan ortiq murojaat bevosita prokuraturada hal etilgan va 40 ming nafardan ortiq shaxsning buzilgan huquqlari tiklab berilgan.

Murojaatlar bilan ishlash, faoliyatga oshkoralik berish, qonun ijodkorligi, prokuratura ishiga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilishga oid ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish lozimligi qayd etilgan.

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Yig‘ilishda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Majburiy ijro byurosi faoliyati haqida ham so‘z yuritilgan. Jumladan, Departament va Byuro faoliyati samaradorligini oshirish borasida aniq vazifalar belgilab berilgan.

Umuman, hay’at yig‘ilishida asosiy e’tibor prokuratura organlarining joriy yildagi faoliyatida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, xato va nuqsonlar, ularni bartaraf etish choralari hamda galdagi dolzarb vazifalarga qaratilgan. Majlisda mas’ullarning izohlari tinglanib, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ijro muddatlari aniq ko‘rsatilgan topshiriqlar berilgan.

“Barcha xodimlar xotirjamlikka berilmasdan, yuklatilgan vazifalarni to‘laqonli va so‘zsiz ijro etishlari, tashabbuskor va fidoyi bo‘lishlari shartligi qat’iy belgilandi. Hay’atda ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi”, deyiladi Bosh prokuratura rasmiy saytida e’lon qilingan xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 18 noyabr kuni Bosh prokuraturada o‘tkazilgan kengaytirilgan hay’at yig‘ilishida faoliyatida jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan hamda xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lgani uchun 18 nafar xodim intizomiy jazoga tortilgani ma’lum qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: