XVJ Ukrainadagi urush tufayli Markaziy Osiyoda kambag‘allar soni 1 millionga ko‘payishini taxmin qildi

Jahon 13:20 / 01.12.2022 8836

Bu haqda Xalqaro valuta jamg‘armasining (XVJ) tahliliy hisobotida aytiladi. 

«Biz dastlab Rossiyaning Ukrainadagi urushi Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishini kutgan edik. Biroq, bizning so‘nggi «Mintaqaviy iqtisodiyot rivoji istiqbollari» nashrimizda qayd etilganidek, hozirgacha qayd etilgan kutilmagan ijobiy yon ta’sirlarga qaramay, Ukrainadagi urush inflatsiya va pulga ta’sir qilish orqali mintaqa bo‘ylab qashshoqlik darajasining taxminan 1 foizga oshishiga olib kelishi mumkin. Demak, yaqin yillarda mintaqada yana bir millionga yaqin aholi kambag‘allar safiga qo‘shilishi mumkin. Eng qashshoq mamlakatlardagi eng qashshoq odamlar urush bilan bog‘liq eng og‘ir sinovlarga duch kelishadi», deyiladi hujjatda. 

Qayd etilishicha, urushdan oldin ham mintaqada inflatsiya ortib borayotgan edi. Biroq, urushning jahon oziq-ovqat va energiya narxlariga ta’sirini hisobga olgan holda, inflatsiya prognozi yomonlashdi. Garchi oziq-ovqat narxi hozirda urushdan oldingi darajadan past bo‘lsa-da, u hali ham 2021 yilgi o‘rtacha qiymatdan ancha yuqori. Oziq-ovqat narxlarining yuqoriligi, ayniqsa, Ozarboyjon, Qirg‘iziston va Tojikistonda kam jamg‘armalarga ega bo‘lgan va daromadlarining katta qismini - 60-70 foizini oziq-ovqatga sarflaydigan kam ta’minlangan oilalarga ta’sir qiladi.  

Armaniston, Gruziya, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda pul o‘tkazmalari yalpi ichki mahsulotning 10-30 foizini tashkil qiladi. Bu mamlakatlarning aksariyati, xususan, Qirg‘iziston va Tojikiston uchun pul o‘tkazmalarining eng muhim manbai Rossiya hisoblanadi. Tajriba shuni ko‘rsatadiki, Rossiyadan pul o‘tkazmalari YaIM bilan chambarchas bog‘liq - YaIM qanchalik yuqori bo‘lsa, pul o‘tkazmalari darajasi ham shunchalik katta bo‘ladi. 

Biroq, Rossiyaga qarshi sanksiyalarning davom etishi uning ishlab chiqarish qobiliyatiga putur yetkazishi mumkin, natijada migratsiya shakllari uzoq muddatli o‘zgarishlarga olib keladi va Rossiyadan pul o‘tkazmalari kamayadi. Rossiya yalpi ichki mahsulotining rejalashtirilgan pasayishi hisobga olinsa, bu sezilarli bo‘lishi mumkin va ko‘plab oilalar uchun daromad manbai bo‘lib xizmat qiladigan omillarga chuqur ta’sir qiladi. 

2023 yilga borib oziq-ovqat narxlarining yuqori inflatsiyasi mintaqaning aksariyat mamlakatlarida qashshoqlik darajasini o‘rtacha 0,7 foiz punktga oshirishi kutilmoqda. Qashshoqlik darajasi allaqachon yuqori bo‘lgan kambag‘al mamlakatlarda ta’sir ancha yuqori bo‘ladi. Qirg‘iziston va Tojikiston eng ko‘p xavf ostida. Tojikistonda pul o‘tkazmalarining keskin kamayishi qashshoqlikning 1,4 foiz punktgacha ortishiga olib kelishi mumkin. 

XVJ ekspertlarining ta’kidlashicha, siyosatchilar ijtimoiy himoya tizimlarining qamrovi, yetarliligi, maqsadliligi va samaradorligini oshirish uchun katta sarmoyalar kiritish orqali urushning aholining zaif qatlamlariga potensial ta’sirini yumshatishga ustuvor ahamiyat berishlari kerak. 

Pul o‘tkazmalari doimiy ravishda pasaygan taqdirda, qo‘shimcha maqsadli yordam talab qilinishi mumkin. 

«Hukumatlar qashshoqlikning kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik, so‘nggi yigirma yil ichida Ukrainadagi urush va Rossiyaga qarshi sanksiyalarning kengayishi natijasida erishilgan mashaqqatli yutuqlar bekor bo‘lishining oldini olish uchun zudlik bilan harakat qilishi kerak», deyiladi xulosada. 

Ko‘proq yangiliklar: