Ukrainada 40 mingta urush jinoyati qayd etildi

Jahon 13:47 / 01.12.2022 5935

Ukraina adliya vaziri Denis Malyuska Germaniyaning Die Welt gazetasiga bergan intervyusida aytishicha, vazifa ikkita aniq jinoyat bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortishdan iborat: «xalqaro huquqqa zid bo‘lgan bosqinchilik harakati va genotsid akti». 

«Boshqa davlatga hujum asossiz sodir etilgan bo‘lsa va hujumga uchragan davlat ochiq qarshilik ko‘rsatsa, bu - jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos hisoblanadi. Buning uchun dalillar to‘playapmiz», - dedi Malyuska.

Bundan oldin Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayyen Rossiyaning Ukrainadagi tajovuzini tekshirish uchun BMT tomonidan qo‘llab-quvvatlangan maxsus sud tuzishni taklif qilgandi.

Ursula fon der Lyayyenning so‘zlariga ko‘ra, yangi tuzilma yaratish istagi Xalqaro jinoiy sud (XJS) bilan hamkorlikdan bosh tortishni anglatmaydi. 

«Biz ushbu ixtisoslashtirilgan sudni eng keng xalqaro qo‘llab-quvvatlashga erishish uchun xalqaro hamjamiyat bilan ishlashni boshlashga tayyormiz», dedi fon der Lyayyen. «Rossiya o‘zining dahshatli jinoyatlari, jumladan, suveren davlatga qarshi tajovuz uchun narx to‘lashi kerak», — deya qo‘shimcha qildi u. 

Yevrokomissiya rahbari Rossiya u keltirgan vayronagarchilik uchun moliyaviy tomondan ham narx to‘lashi kerakligiga ishonch bildirdi. Ukrainaga yetkazilgan zarar 600 milliard yevroga baholanmoqda, dedi u. 

Moskva va rus oligarxlari «Ukrainaga yetkazilgan zararni va mamlakatni tiklash xarajatlarini qoplashi kerak», dedi fon der Lyayyen. YeK rahbarining eslatishicha, Yevropa Ittifoqi Rossiya Markaziy bankining 300 milliard yevrolik zaxiralarini bloklagan va rossiyalik oligarxlarning 19 milliard yevrolik aktivlarini muzlatib qo‘ygan. 

Ko‘proq yangiliklar: