Taniqli advokat Ilya Novikov Rossiyada qidiruvga berildi

Jahon 08:35 / 01.12.2022 7532

Rossiya Ichki ishlar vazirligi advokat Ilya Novikovni qidiruvga berdi. 30 noyabr kuni vazirlikning qidiruv bazasida uning ma’lumotlari aks etgan karta paydo bo‘lgan. Ichki ishlar vazirligi materiallaridan ma’lum bo‘lishicha, Novikov Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining moddasi bo‘yicha qidiruvga berilgan, ammo aniq qaysi modda ekani haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

Ilya Novikov sudda asirga olingan ukrainalik uchuvchi Nadejda Savchenko va chechen huquq himoyachisi Ayub Titiyevni himoya qilgan. Kasbiy faoliyatidan tashqari Novikov «Nima? Qayerda? Qachon?» teleklubining sobiq o‘yinchisi, Olmos boyo‘g‘li va ikkita Billur boyqush sohibi sifatida ham tanilgan.

Hozir advokat Kiyevda yashaydi. Ilya Novikov o‘zining qidiruvga berilgani haqidagi ma’lumotga Facebook'dagi qisqa posti bilan munosabat bildirdi.

25 noyabr kuni Rossiya Adliya vazirligi Ilya Novikovni jismoniy shaxs - «xorijiy agent» deb e’lon qilgani ma’lum bo‘ldi. Shu bilan birga, xuddi shunday maqom Yekaterinburgning sobiq meri Yevgeniy Royzman, «Dojd» telekanalining ijodiy prodyuseri Anna Mongayt va bir qancha rossiyalik muxolifat faollariga ham berildi. Ularning barchasi, Rossiya Adliya vazirligiga ko‘ra, Ukrainadan moliyalashtiriladigan «siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanadi».

Sentabr oyida Novikov DW nashriga intervyu berdi, unda u Rossiyada e’lon qilingan safarbarlikni «Kalmar o‘yini» bilan taqqosladi. «Rossiya hukumati o‘z qonunlariga qanchalik bog‘liqligini bo‘rttirib ko‘rsatishning hojati yo‘q, - dedi u. - Gap shundaki, u nafaqat ularni istalgan vaqtda o‘zgartirishi mumkin, balki ularni buzishdan ham tortinmaydi».

Ko‘proq yangiliklar: