Yevrokomissiya Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini musodara qilishni rejalashtirmoqda

Jahon 14:04 / 30.11.2022 8990

«Biz Rossiya Markaziy bankining 300 milliard yevrolik zaxiralarini blokladik va rossiyalik oligarxlarning 19 milliard yevrolik pullarini muzlatib qo‘ydik», — dedi Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin kelajakda YeI va uning hamkorlari ushbu mablag‘larni boshqarish va sarmoya sifatida yo‘naltirishni o‘z zimmalariga olishlari mumkin. Undan tushgan mablag‘ Ukrainaga yetkazilgan zararni qoplash uchun yuboriladi. 

«Buni amalga oshirish uchun biz hamkorlarimiz bilan xalqaro shartnoma ustida ishlaymiz. Birgalikda buning qonuniy yo‘llarini topishimiz mumkin», dedi fon der Lyayyen.

Uning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi BMT ko‘magida Rossiya tajovuzkorligi jinoyatlarini tergov qilish va aybdorlarni jazolash uchun ixtisoslashtirilgan sud yaratishni taklif qilmoqda. 

Bundan oldin Yevropa Ittifoqi Kengashi bir ovozdan sanksiya choralarini buzish holatlarini Yevropa Ittifoqiga qarshi jinoyatlar ro‘yxatiga kiritishni ma’qullagandi. 

Yevroittifoq Kengashining ta’kidlashicha, keyingi qadam, Yevropa Komissiyasi tomonidan sanksiyalar va jazolarni chetlab o‘tish bilan bog‘liq jinoyatlarni tavsiflovchi direktiva taklifi bo‘ladi. Keyin u Yevropa Ittifoqi kengashi va Yevroparlament tomonidan muhokama qilinadi. 

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi harbiy mojaro boshlanganidan beri Yevropa Ittifoqi sakkizta sanksiya paketini joriy qildi. Ular Rossiya banklari, ishbilarmonlariga nisbatan cheklovlar, Rossiya ko‘mirini olib kirishni taqiqlash, neft embargosi, eksport cheklovlari va boshqalarni o‘z ichiga oladi. 

O‘tgan hafta Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen sanksiyalarning to‘qqizinchi to‘plami ustida ish qizg‘in ketayotganini aytdi. Politico nashrining yozishicha, to‘qqizinchi paket doirasidagi asosiy chora YeI sanksiyalariga duchor bo‘lgan shaxslar ro‘yxatini kengaytirish bo‘lishi mumkin. 

Ko‘proq yangiliklar: