Rossiya davlat mudofaa buyurtmalarini moliyalashtirishni 1,5 barobarga oshirmoqchi

Jahon 16:47 / 30.11.2022 8255

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu «qo‘shinlar va harbiy qismlarni qurol-yarog‘ hamda texnika bilan doimiy shay holatda 97 foiz darajada ta’minlash imkonini beradi», deb vazirning so‘zlaridan iqtibos keltirgan «Interfaks». 

Ukrainadagi urush va safarbarlik natijasida, Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, «nazorat va ijroning barcha darajalarida davlat buyurtmalariga qo‘yiladigan talablar ortdi».

Ukraina harbiy qo‘mondonligi ma’lumotlariga ko‘ra, urushning to‘qqiz oyi davomida Rossiya yillik budjet daromadlarining chorak qismini – 82 milliard dollarni sarflab bo‘ldi. Buni Ukraina Forbes jurnali hisoblab chiqdi.

Qayd etilishicha, bu miqdor barqaror mudofaa xarajatlari va sanksiyalar natijasida iqtisodiyotdagi yo‘qotishlarni hisobga olmagan holda Ukrainaga qarshi harbiy tajovuzni qo‘llab-quvvatlash uchun zarur bo‘lgan bevosita xarajatlarni o‘z ichiga oladi. 

Rossiyaning 2021 yilgi budjet daromadlari 340 milliard dollarni tashkil etganligi sababli, «urush uchun chek»ning joriy miqdori ushbu mamlakat yillik budjetining chorak qismiga teng, deb ta’kidlaydi Forbes. Nashr Kreml uchun «urush bo‘yicha hisob to‘lovi» kelgusi yil juda yuqori bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi, chunki Rossiyaning harbiy ehtiyojlarini qondirish uchun o‘z resurslari tugaydi. 

Nashrning tushuntirishicha, neft va gaz eksportidan tushumlar kamayishi, «Shimoliy oqim» orqali yetkazib berish to‘xtatilganidan keyin Yevropa Ittifoqi gaz bozorining katta qismi yo‘qolishi va Rossiya neftiga qarshi dekabrdan kuchga kiradigan sanksiyalar fonida urushni davom ettirish uchun Kremlga ko‘proq pul kerak bo‘ladi. Tahlilchilarning fikricha, Rossiya uchun urushga sarflanadigan xarajatlar kuzda ikki barobarga oshgan va hozirda har oy kamida 10 milliard dollarni tashkil etadi. 

Rossiya har bir harbiy xizmatchisiga kuniga o‘rtacha 200 dollar sarflaydi. Harbiy harakatlarda qatnashgan harbiylarning ish haqining umumiy qiymati safarbarlikdan keyin oyiga taxminan 2,7 milliard dollarni tashkil qiladi. Agar yozda halok bo‘lganlar va yaradorlarga to‘lanadigan tovon miqdori oyiga 1 milliard dollarga yaqin bo‘lgan bo‘lsa, urushning so‘nggi oyida u 3,5 milliard dollardan oshdi. 

Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga qarshi urushda kuniga 10 000 dan 50 000 gacha snaryadlar ishlatgan, bu pul bilan ifodalanganda 5,5 milliard dollardan oshadi. Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududiga 4000 dan ortiq raketa uchirdi. Ularning har birining narxi o‘rtacha 3 million dollarni tashkil qiladi. 

Rossiya Ukrainada o‘rtacha 18 million dollarlik 278 ta jangovar samolyotni va o‘rtacha 10,4 million dollarlik 261 ta vertolyotni yo‘qotdi. Rossiya harbiy aviatsiyasining umumiy yo‘qotishlari pul ko‘rinishida 8 milliard dollarni tashkil qiladi. 

Tahlilchilar hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga bostirib kirishgacha bo‘lgan davrda zaxirasida turgan deyarli barcha tankni yo‘qotgan (24 fevral holatiga ko‘ra, taxminan 3300 ta tankdan 2897 tasi). Hozirda Kreml o‘nlab yillar davomida omborlarda saqlangan va sezilarli modernizatsiya va moliyaviy xarajatlarni talab qiladigan uskunalarni tiklashga harakat qilmoqda. 

Umuman olganda, Ukrainaga qarshi to‘qqiz oylik urushda yo‘qotilgan barcha texnikalar Rossiyaga 20,8 milliard dollarga tushdi, deya ta’kidlaydi Forbes jurnali.

Ko‘proq yangiliklar: