Melitopol uchun jang: Rossiya ukrainlarning keyingi hujumiga qarshi tura oladimi?

Jahon 19:39 / 29.11.2022 27915

Xo‘sh, Melitopol Kiyevning qishki kampaniyasi uchun bosh maqsad bo‘la oladimi va Moskva tayyorlanayotgan hujumni qaytara oladimi?

Avvalgi qarshi hujumlar shuni ko‘rsatdiki, Ukraina armiyasi tashabbusni o‘z qo‘liga olib, qarshi jang olib borish uchun Rossiya qo‘shinlarini o‘z shartlarini qabul qilishga majburlay olishdi. Boz ustiga, urush olib borish usullari va G‘arb davlatlari tomonidan taqdim etilgan eng zamonaviy qurol-yarog‘larni qo‘llashni o‘rganib olishdi.

Kiyev G‘arb ishlanmalarini muvaffaqiyatli tarzda mahalliylashtirib, taktika va strategiyani o‘zgartirdi. Bundan tashqari, Ukraina qurolli kuchlari hamon razvedkada ustunlikka ega va dronlar hamda ittifoqchilarining imkoniyatlaridan foydalanib, dushmanning harakatlarini kuzatib tura oladi.

Qish an’anaviy tarzda jangovar harakatlar uchun faol fasl bo‘lmasa-da, Ukraina qurolli kuchlari kuzdagi muvaffaqiyatlarini rivojlantirishi mumkin. Rossiya qo‘shinlari Donetskdan tashqari, barcha frontlar bo‘ylab mudofaaga o‘tgan, demak Kiyev yana zarba nuqtasini tanlashi mumkin. Katta ehtimol bilan bunday joy Zaporijjya bo‘ladi. «Mojyem ob’yasnit» kanali Ukraina armiyasining ushbu frontdagi strategik ustunligi nimada ekanligi va Ukraina armiyasi qaysi vositalar bilan Rossiya mudofaasini sindirishi mumkinligini tushuntirdi.

Imkoniyatlar darchasi

Rossiya armiyasi Dnepr daryosi so‘l sohiliga chekinishidan so‘ng Xerson oblastining butun sharqiy qismi, shuningdek okkupatsiya qilingan Zaporijjya oblastining shimoliy qismi Ukraina artilleriyasi va Amerikaning HIMARS qurilmalari zarba berishi mumkin bo‘lgan radiusda qoldi. Bu ushbu uchastkadagi front ortidagi ta’minot chiziqlariga jiddiy zarba degani. Ukraina qurolli kuchlari avval ham aynan shu taktikani qo‘llagan — ta’minot chiziqlari va omborlarga zarba berib, Rossiya armiyasini Xersondan chekinishga majbur qilgan. Ukraina artilleriyasi bundan keyin ham shunday obektlarni nishonga olishi ehtimoli yuqori.

Dnepr daryosining o‘ng sohilidan turib jiddiy artilleriya zarbasi berish orqali nazariy jihatdan narigi sohilda turgan va ayni paytda suv chegarasi bo‘ylab istehkom barpo etayotgan Rossiya qo‘shinlari guruhini ushlab turish ham mumkin. Guruhning ta’minoti jiddiy tarzda qiyinlashadi, chunki Qrimdan (Armyanskda xandaq qazilmoqda) va Melitopoldan keladigan yo‘llar hozir zarba ostida bo‘lib turibdi.

Dneprning o‘ng sohilidan turib Ukraina qurolli kuchlari rus qo‘shinlarining bir qismini ipsiz bog‘lab, Rossiya armiyasining qayta guruhlanib olishiga va bamaylixotir zaxira olib kirishiga qo‘yib bermaydi. Bu esa Kiyevga bo‘lajak hujum joyini yana tanlash imkoniyatini beradi. Agar Donetsk yo‘nalishida Rossiya qo‘shinlarining yopirilma hujumlari davom etayotgan, jangga eng layoqatli kuchlar safarbar qilingan bo‘lsa, Zaporijjyada hozircha mudofaa istehkomi qurilmoqda, jumladan Melitopol atrofida.

Hozircha Ukraina kuchlari kelgusida bu frontning qayeridan hujum boshlashini aytish qiyin. Lekin shunisi aniqki, Melitopol har ikki  tomon uchun strategik ahamiyatga ega. Boz ustiga, Amerikaning Urushni o‘rganish instituti (ISW) Ukraina allaqachon bo‘lajak hujum uchun artilleriya tayyorgarligini boshlab, Rossiya kuchlari jamlanmasi va yo‘llarga zarba berayotganini aytmoqda.

Harbiy ekspert Aleksey Melnikning so‘zlariga ko‘ra, «Qandaydir ilgarilashlar yoki rus qo‘shinlari bo‘linmasiga o‘sha Melitopol yoki Mariupol tomon yo‘lning kesilishi shunday jarayonlarni keltirib chiqaradiki, ulardan keyin urushning borishi batamom o‘zgardi deyish mumkin bo‘ladi. Chunki bu shaharlarning olinishi Ukraina qurolli kuchlari uchun Perekop bo‘yniga va Qrimga yo‘l ochadi va Rossiyaning asosiy kuchlarini yarimoroldan uzadi.

Bundan tashqari, Dnepr daryosining so‘l sohilida joylashgan guruhni o‘rab olish Kiyev uchun eng optimistik ssenariylarda ulkan olovli qurshov yaralishi va Rossiya uchun bir necha o‘n minglab jiddiy yo‘qotishlarga olib keladi.

Nima bilan hujum qilinadi?

Qish har qanday hujumkor operatsiya uchun bir qator muammolarni keltirib chiqaradi. Birinchidan, yoz va kuzda o‘zini yaxshi tomondan namoyish etgan texnikalardan past harorat va qorda nechog‘lik foydalanish mumkin. Ikkinchidan, har qanday hujumkor yurish quruqlikdagi qo‘shinlar harakatini taqozo etadi. Qishda bu juda og‘ir: egnidagi qalin kiyimlariga qaramasdan odamlar sovuq qotishadi, kasal bo‘lishadi va holdan toyishadi. Uchinchidan, harakatlanuvchi nishonlar, ayniqsa katta guruhlar qor ustida havodan turib aniq ko‘rinadi, binobarin, depsinib qolgan har qanday hujum dushman artilleriyasi va aviatsiyasi uchun shu zahoti nishonga aylanadi.

Aftidan, operatsiyaga tayyorgarlik bosqichida Ukraina kuchlari yo‘llar va Rossiya qo‘shinlari jamlanmasiga zarba berishda davom etishadi. Boz ustiga, hozir injyenerlik qo‘shinlari Melitopol va Mariupolga eltuvchi yo‘llarni mustahkamlamoqda, bu uchastkalarda maxsus texnikalarni jamlashgan, bu esa ularni artilleriya va HIMARS baravar o‘t ochish tizimlari uchun oson nishonga aylantiradi.

G‘arb davlatlari bayonotiga ko‘ra, Kiyevda yangi imkoniyatlar yaqin orada paydo bo‘lmaydi. AQSh Ukraina armiyasini qo‘shimcha Humvee yo‘ltanlamaslari bilan ta’minlashga va’da berdi. Ular nazariy jihatdan qorda yaxshi yura olsa-da, yopirilma hujumda ko‘p ham yordami tegmaydi. Ittifoqchilarning asosiy yordami hozir Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimini mustahkamlashga qaratilgan.

Biroq shu faktni ham unutmaslik kerakki, Xersondagi muvaffaqiyat Ukraina qurolli kuchlariga ehtimolli hujum uchun kuchlarni bo‘shatish va rotatsiya qilish imkonini beradi. Bu yo‘nalishda xuddi Rossiya qo‘shinlari kabi katta kuchlar va eng tajribali bo‘linmalar safarbar qilingan edi. Endi ular Zaporijjya oblastiga yangi hujum uchun yoki va Donetsk yo‘nalishida hujumni qaytarish uchun tashlanishi mumkin.

Avvalgi tajribalaridan kelib chiqib, Kiyev Rossiya logistikasining zaif nuqtalaridan foydalanishda davom etishi mumkin. Rossiya qo‘shinlari uchun ta’minot muammoga aylangan avvalgi safarlarda Moskva kuchlarni hududdan olib chiqish haqida qaror qabul qilardi. Avvaliga Kiyev ostonasida shunday bo‘ldi, keyin bu hol Ilonli (Zmeiniy) orolida, Xarkiv oblastida va Xersonda kuzatildi. Biroq o‘shanda Rossiya generallarida orqaroqdagi avvaldan tayyorlangan marralargacha chekinish imkoniyati bor edi. Melitopol, undan so‘ng Mariupolga hujum qilinganida ularda bunday imkoniyat bo‘lmaydi.

Moskva bunga qarshi nima qila oladi?

Qaysidir ma’noda, Rossiya qo‘shinlari ham Xersondagi mag‘lubiyatdan so‘ng nafas rostlab oldi. Eng tajribali havo-desant qo‘shinlari bo‘linmalari va Qrimdan kelgan sohil himoyasi batalonlari ortga chekinib, frontning boshqa uchastkasiga o‘tkazildi.

Katta ehtimol bilan ulardan Moskva hujumkor yurishni rivojlantirishni istayotgan Donetskda foydalaniladi. Zaporijjyadagi mustahkamlangan pozitsiyalarga kuchsiz tayyorlangan safarbar qilinganlar va ko‘ngillilar qo‘shilmasi jo‘natilishi mumkin.

Bundan tashqari, G‘arbning yordamiga qaramasdan, Rossiya armiyasi hamon artilleriya va aviatsiya borasida Ukrainanikidan ustunroq bo‘lib turibdi. Elektr va issiqlik ta’minotini keltirib chiqargan shaharlarga yopirilma bombardimon qilinganini ham nazardan qochirmaslik kerak. Sovuq tushishi bilan bu omil katta rol o‘ynashi mumkin. Rossiya raketalari Zaporijjya frontiga yaqin bo‘lgan Zaporijjya va Kriviy Rih shaharlariga ayniqsa ko‘proq tushmoqda.

HIMARSʼlarni yaqinroq pozitsiyalar (Xerson)ga o‘tkazish Kiyev uchun ham, Moskva uchun ham foydali bo‘lishi mumkin. Front chizig‘iga yaqinlashgan Amerika tizimlari Eron dronlari va aviatsiya nishoniga aylanishi mumkin. Bunday to‘qnashuv natijasi hozir tinch shaharlarga yog‘dirilayotgan raketalarni urib tushirish to‘liq safarbar qilingan Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimlari imkoniyatiga bog‘liq bo‘ladi.

Ulkan qurshov

Moskva uchun negativ ssenariyda Ukraina armiyasi yaqin haftalar ichida qayta saflanib, Zaporijjyaga hujumga tayyorgarlikni boshlashi mumkin. Bu haqda oblastning okkupatsiya qilingan hududlarida Rossiya pozitsiyalari va yo‘llar o‘qqa tutilishi ham, ekspert va harbiylarning bayonotlari ham dalolat berib turibdi. Muvaffaqiyat qozonilgan taqdirda Rossiya qo‘shinlarining katta guruhi qurshovda qolib, faqat Perikop bo‘yni orqali Qrimga chekinishi mumkin bo‘ladi.

Bu hujumni faqat qish hamda Rossiya armiyasining boshqa yo‘nalishlarida, birinchi navbatda Donetskdagi ehtimolli g‘alabalari to‘xtatishi mumkin. Agar Rossiya armiyasi va xususiy harbiy kompaniyalarni to‘xtatish uchun kattaroq kuch kerak bo‘lsa, Kiyev Melitopolga hujum qilishni to‘xtatib turishga majbur bo‘ladi. Bu esa Moskvaga nafas rostlash uchun zarur fursatni taqdim etadi va pozitsiyalarni mustahkamlash imkoniyatini yaratadi.

Biroq hattoki shu holat ham odatiy tarzda Rossiya qo‘shinlarining «Axill tovoni»ga (zaif nuqtasi) aylangan ta’minot muammosini hal qila olmaydi. O‘q yomg‘iri ostida qolgan yo‘llar Dnepr uzra solingan ko‘priklardek muhim bo‘lmasa-da, qishki muzlama va bo‘lajak bahorgi loygarchiliklar sharoitida ular ustidan nazorat muhim ahamiyat kasb etadi.

Ko‘proq yangiliklar: