ISW: Rossiya Belarusdan Ukraina shimoliga hujum tayyorlayotgani ehtimoldan yiroq

Jahon 12:26 / 29.11.2022 7641

Noyabr oyi o‘rtalarida olingan sun’iy yo‘ldosh suratlari Brest viloyatidagi 230-umumqo‘shin Obuz-Lesnovskiy poligonida rus texnikasi ko‘payganini ko‘rsatadi. 

Bu joylashuvlar Rossiyaning o‘z kuchlarini tayyorlash borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi va Belarusdan amalga oshiriladigan jangovar harakatlarga tayyorgarlik emas, deydi tahlilchilar. 

Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi bir kun avval, uning hisob-kitoblariga ko‘ra, bo‘linmalar «jangovar shay holatga keltirilgach» Rossiya Federatsiyasi «alohida bo‘linmalarni» Belarusdan Ukrainaning aniqlashtirilmagan hududiga o‘tkazishini ma’lum qilgan edi. 

Shu bilan birga, Ukraina Bosh shtabi Ukrainaning shimoliy chegaradosh viloyatlari yaqinida Rossiya Federatsiyasining hujumkor guruhlarini shakllantirish belgilarini kuzatmayotganini qayd etdi. 

Ushbu bayonot ISW’ning rossiyalik yo‘riqchilar orasidagi jangovar yo‘qotishlar va safarbarlik bilan bog‘liq stress Rossiyada o‘qitish imkoniyatlarini kamaytirgani va Belarusdagi mashg‘ulotlar imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchini oshirganligi haqidagi bir nechta taxminlarni qo‘llab-quvvatlaydi. 

ISW ekspertlari xulosalariga ko‘ra, Kreml shuningdek, Rossiya kuchlarining Belarusda joylashtirilishidan Kiyev atrofida Ukraina qo‘shinlari harakatini kechiktirish va shu tariqa ularni janub hamda sharqda foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik uchun axborot operatsiyasi sifatida qo‘llashga harakat qilmoqda. 

Bundan oldin ISW ekspertlari Rossiya hukumati axborot maydoni ustidan nazoratni kuchaytirishga intilayotganini ma’lum qilgandi. 

Ularning fikriga ko‘ra, bu mamlakatning o‘zida ham, xorijda ham ommaviy axborot vositalarida rossiyalik harbiylar harakati tobora ko‘proq tanqid ostiga olina boshlangani bilan bog‘liq. 

ISW tahlilchilari o‘z hisobotlarida, shuningdek, Zaporijjya atom elektr stansiyasidagi yadroviy falokat tahdidining doimiy muhokamasi G‘arbning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashiga putur yetkazishga qaratilgan axborot kampaniyasining bir qismi bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda. 

Moskva Zaporijjya atom elektr stansiyasini o‘qqa tutishdan stansiya ustidan to‘liq ma’muriy nazoratga erishish va yadroviy falokatning oldini olish kafolatiga ega bo‘lish uchun foydalanmoqda, deb hisoblaydi institut. 

ISW press-relizida, shuningdek, Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga tayangan holda, Rossiya maxsus xizmatlari Belarus harbiylarini Ukrainaga qarshi urushga kirishishga undash uchun Belarusning muhim infratuzilmasiga yolg‘ondan hujumlar uyushtirishni rejalashtirayotgani keltirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: