Yaponiyada tug‘ilish darajasi bilan bog‘liq vaziyat murakkab ekani ma’lum qilindi 

Jahon 22:58 / 28.11.2022 7820

Yaponiyada 2022 yildagi tug‘ilish darajasi yangi minimal darajaga tushib ketish bilan xavf solmoqda, dedi mamlakat Vazirlar Mahkamasi bosh kotibi Hirokazu Matsuno. 

«Aholining o‘sishi o‘tgan yilgidan ham sekinroq (...) men tushunganimdek, bu juda murakkab vaziyat», - deb uning so‘zlarini keltiradi AP. 

Uning tushuntirishicha, 2022 yilning yanvar-sentabr oylarida Yaponiyada tug‘ilgan bolalar soni qariyb 600 mingni tashkil etgan, bu 2021 yilga nisbatan 4,9 foizga kam. 

2021 yilda mamlakatda 811 ming chaqaloq tug‘ilgan edi. 2022 yilda bu ko‘rsatkich pasayishi kutilmoqda. 

Shu bilan birga, Matsuno nikohlar sonini ko‘paytirish va aholi sonining o‘sishiga yordam berish uchun keng qamrovli choralar ko‘rishga va’da berdi. 

AP ma’lumotlariga ko‘ra, Yaponiya dunyoda uchinchi yirik iqtisodiyotga ega bo‘lsa-da, yashash narxi yuqori, ish haqi esa sekin o‘sib bormoqda. Ilgari hukumat tomonidan qo‘shimcha nafaqalar to‘lanishi kabi choralar ko‘rilgan bo‘lishiga qaramay, demografik holat yaxshilanmayapti. 

Hozirda taxminan 124,2 million aholiga ega bo‘lgan Yaponiyada tug‘ilish darajasi yildan yilga pasaymoqda. Taqqoslanadigan bo‘lsa, 1973 yilda mamlakatda 2,1 million bola tug‘ilgan edi. 

Mamlakat aholisi 14 yildan beri qisqarib bormoqda va prognozlarga ko‘ra, 2040 yilda tug‘ilish darajasi 740 ming bolani tashkil etadi. 2060 yilga borib esa mamlakat aholisi soni 86,7 million kishigacha kamayishi mumkin. 

O‘tgan hafta hukumat komissiyasi Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisidaga hisobot taqdim etdi. Unga ko‘ra aholi tabiiy o‘sish sur’ati pastligi va fuqarolar sonining kamayishi mamlakat milliy qudratiga zarba berishi mumkin. 

Ko‘proq yangiliklar: