Tanlov yo‘q saylov. Qozog‘istondagi prezidentlik saylovi qanday o‘tdi va u qanchalik ahamiyatli?

Jahon 19:02 / 28.11.2022 13302

Qozog‘istonda 21 noyabrda bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida amaldagi davlat rahbari Qosim-Jo‘mart To‘qayev g‘alaba qozondi. U kuchsiz va mashhur bo‘lmagan nomzodlar bilan raqobatda 81 foiz ovozni qo‘lga kiritdi.

Mustaqil kuzatuvchilar saylovchilarning 70 foizi saylovda qatnashgani haqdagi ma’lumotni shubha ostida oldi. Saylovdagi bu natija, albatta, jiddiy noroziliklarga sabab bo‘lmadi. Chunki Qozog‘istonda yanvar oyida yuz bergan ommaviy norozilik namoyishlarida insonlar halok bo‘ldi, qozog‘istonliklar fevral oyidan beri Rossiyaning Ukrainadagi urushini kuzatmoqda va ular yangi tartibsizliklarni xohlamaydi.

Uchastka saylov komissiyasi raisi va komissiya joylashgan maktab direktori Oygul Nuradilova yig‘ilgan jurnalistlarga prezident sayloviga bayramdek munosabatda bo‘lishini aytadi. Uning saylov uchastkasidagi saylov komissiyasining barcha a’zolari milliy libos kiygan va birinchi kelgan saylovchilarni bo‘g‘irsoqlar bilan kutib olgan.

«Ovoz berish har bir qozog‘istonlikning fuqarolik burchidir. Va umid qilamanki, ko‘pchilik ovoz bilan amaldagi prezidentni saylaymiz, chunki biz bir xalq va bir millatmiz, bizni yagona kelajak kutmoqda», ­— degan Nuradilova ochiqchasiga.

Prezident va massovka

Bu kartina, umuman olganda, saylov qanday atmosferada o‘tganini ifodalaydi. Ushbu prezidentlik saylovlari muddatidan oldin bo‘lib o‘tdi: To‘qayev prezidentlik saylovi o‘tkazilishini, prezident endilikda faqat bir marta, ammo yetti yillik muddatga saylanishi belgilangan konstitutsiyaviy islohotlardan so‘ng e’lon qildi.

To‘qayev saylovda 81 foizdan ko‘proq ovoz oldi, ikkinchi o‘rinni esa «barcha nomzodlarga qarshi» rukni egalladi. 6 foiz saylovchilar nomzodlarning barchasiga qarshi bo‘ldi.

Uchinchi o‘rinni «Ovul» partiyasidan nomzod Jiguli Dairaboyev egalladi. Saylovchilarning 3,33 foizi uni qo‘llab ovoz berdi – bu Markaziy saylov komissiyasidan (MSK) majburiy garov pulini qaytarib olish uchun ham yetarli foiz emas (buning uchun 5 foiz ovoz yig‘ilishi kerak edi).

Qolgan to‘rt nomzod jiddiy targ‘ibot-tashviqot ishlari olib bormadi. Ular asosan bir-birini tanqid qildi va o‘z chiqishlarida To‘qayevni umuman tilga olmaslikni afzal ko‘rdi. Amaldagi prezident, sobiq SSSR mamlakatlarida 1990-yillardan beri mavjud bo‘lgan an’anaga ko‘ra, hatto teledebatlarda ham ishtirok etmadi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, saylovda 8,1 millionga yaqin fuqaro, ya’ni saylovchilarning deyarli 70 foizi ishtirok etdi. Qozog‘istonda saylovlarni mustaqil kuzatish instituti unchalik rivojlanmagan, biroq mustaqil kuzatuvchilar bo‘lgan saylov uchastkalarida saylovchilarning ishtiroki rasman e’lon qilinganidan sezilarli darajada kam bo‘lgan.

Masalan, Qozog‘iston g‘arbidagi Kaspiy dengizi bo‘yida joylashgan Atirau shahridagi saylov uchastkalarida kuzatuvchilar saylovchilarning 18 foizi ovoz berish jarayonida qatnashganini ma’lum qilgan.

Mamlakatning eng yirik shahri Olmaotada, hatto rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, saylovchilarning ishtiroki taxminan 28,7 foizni, poytaxt Ostonada esa 48,6 foizni tashkil etgan.

Yevropada hamkorlik va xavfsizlik tashkiloti (YeHXT) missiyasining 300 nafar kuzatuvchisi Qozog‘istondagi prezidentlik saylovini jiddiy tanqid qildi. Ular byulletenlar va saylovchilar ovozi hisoblanishida shaffoflik hamda eng asosiysi, saylovda haqiqiy raqobat yo‘qligini ta’kidlagan.

«Amaldagi prezident barcha parlament partiyalaridan birgalikdagi nomzod sifatida qatnashdi va aslida u kam imkoniyatli raqiblarining hech qanday qarshiligiga uchramadi», dedi YeHXT missiyasi rahbari Ursula Gatsek.

«Qozog‘istonda MSK to‘g‘ridan to‘g‘ri hukumatga bo‘ysunadi. Shuning uchun tushunish kerakki, hukumatda ko‘plab nazorat richaglari bor va ular saylovchilar ishtiroki yoki ovozlar haqidagi ma’lumotlarni manipulyatsiya qilishga to‘liq imkon beradi», deydi qozog‘istonlik siyosatchi Dimash Aljanov.

«Adolatli saylovlargacha yashay olamizmi?»

Agar bunday natija bilan tugagan saylovlar kimdadir norozilik uyg‘otgan bo‘lsa, bular faqat yosh va faol saylovchilarning kichik bir qismi bo‘ldi.

19 yoshli Qirmizining BBC nashriga aytishicha, uning o‘zi ovoz berishda qatnasha olmagan. Chunki u Olmaotada yashaydi, lekin doimiy yashash joyi sifatida boshqa viloyatda ro‘yxatdan o‘tgan.

U va uning «Uyg‘on Qozog‘iston» (demokratik islohotlarni targ‘ib qiluvchi va inson huquqlari himoya qiluvchi uyushma) harakatidan bo‘lgan do‘stlari Olmaota shahri bosh maydonida namoyish o‘tkazishga urinadi.

Ular qozoq tilida «Adolatli saylovlargacha yashay olamizmi?» yozuvi tushirilgan plakatlarni ko‘targan zahoti militsiya ularni ushlab, olib ketadi. Namoyishchilar uch soatdan keyin qo‘yib yuboriladi.

Alohida mitinglar «Qozog‘istonning demokratik tanlovi» harakati tarafdorlari tomonidan ham o‘tkaziladi (harakat radikal islohotlar tarafdori va mamlakatda ekstremistik tuzilma deb tan olingan). Ular ham hibsga olinadi. Umumiy hisobda, saylov kuni o‘ttizga yaqin kishi politsiya tomonidan qo‘lga olingan.

Foto: Getty Images

O‘nlab insonlar ishtirokidagi shunga o‘xshash norozilik namoyishlari Qozog‘istonning Yevropa mamlakatlaridagi, masalan, Niderlandiyadagi elchixonasi yonida bo‘lib o‘tdi.

Taqqoslash uchun, 2019 yilgi saylovlar davomida saylovlarning adolatli o‘tishi uchun namoyishlarda 5000 ga yaqin odam qatnashgan va ulardan 2000 nafari hibsga olingandi.

Hozirda muhimi barqarorlik, siyosat — kelajakda

«To‘qayevning saylovdagi raqiblari marginal va uncha mashhur bo‘lmagan siyosatchilar edi. Qolaversa, ular pafosli va be’mani bayonotlar bilan chiqdi. To‘qayev hech bo‘lmaganda xotirjam va barqaror, u mamlakatda yanvar voqealarining takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaydi», deydi olmaotalik 52 yoshli Davlat Anorboyev BBC nashri bilan suhbatda.

Instagram va TikTok'da To‘qayev nomzodini ilgari surgan yosh blogerlar ham taxminan shunday xulosaga kelgan. Ular o‘zlarining millionlab marta ko‘riladigan videolarida amaldagi prezidentni barqarorlik kafolati sifatida ko‘rsatgan. Uning raqiblarini esa faqatgina ular ustidan mem yasashga loyiq insonlar deb atashgan.

Ekspertlar hozirgi siyosiy vaziyatda ovoz berishning bunday natijasini mantiqiy deya hisoblamoqda. To‘qayev KXShT qo‘shinlarining bevosita yordami bilan bo‘lsa-da, yanvar oyidagi namoyishlarni bostirishga muvaffaq bo‘ldi. O‘shanda odamlar gaz narxi keskin oshishiga norozilik bildirib ko‘chaga chiqqandi.

Keyinroq To‘qayev uning mamlakati o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «DXR» va «LXR»ni tan olmasligini baland ovozda aytgan birinchi Markaziy Osiyo yetakchisiga aylandi. Shuningdek, u sanksiyalar tufayli Rossiyani tark etishga majbur bo‘lgan kompaniyalar va Qozog‘istonga ko‘chib kelgan rossiyaliklarga yordam berishga tayyorligini bildirdi.

Muxolifatchilar ham, hokimiyatdagilar ham Qozog‘istonda yanvar voqealari takrorlanishini istamaydi. Foto: Reuters

«To‘qayev uchun G‘arb bilan qo‘l berib ko‘rishishda davom etish va Putindan uzoqroq bo‘lish — sanksiyalardan qochish va o‘zining mashhurligi uchun juda muhim», deya tushuntiradi siyosatshunos Dimash Aljanov.

To‘qayev bir necha bor cheksiz hokimiyatni samarali deb bilmasligini aytgan. U sobiq prezident Nursulton Nazarboyevning obro‘sidan qutulish uchun hamma narsani qilyapti: mamlakat poytaxti Nursultondan yana Ostona nomiga o‘zgartirildi, sobiq prezidentning qarindoshlari hokimiyat va yirik kompaniyalardagi mavqeyini yo‘qotdi, Elboshining nomi bilan atalgan ko‘chalar nomi o‘zgartirildi.

«Jamiyatda ijtimoiy barqarorlikka talab juda katta. Biz yanvar voqealarini boshdan o‘tkazdik, odamlarimiz Rossiya-Ukraina urushini ko‘rmoqda. Hokimiyat ham, muxolifat ham siyosiy kurash bu bosqichga chiqishini xohlamaydi. Insonlar barqarorlik va kelajagini ko‘rishni istaydi», deydi Qozog‘iston xalqaro munosabatlar universitetining Amaliy siyosatshunoslik markazi rahbari Aydar Amrebayev.

Siyosiy kurash borasida esa Amrebayev katta avlod muxolifati o‘z kuchini tugatgani, endilikda yosh muxolifat o‘sib kelayotganini ta’kidlagan. «Ko‘ramiz ular (yosh muxolifat) o‘zini qanday ko‘rsatadi», degan siyosatshunos.

Dimash Aljanov ham agar kelajakda prezidentlik saylovida haqiqiy raqiblar va hokimiyat uchun haqiqiy siyosiy kurash paydo bo‘lsa, o‘shanda adolatli saylovlar haqida gapirish mumkin bo‘lishini aytadi.

«To‘qayev hozir, 2022 yilda cheksiz va mutlaq hokimiyatga ega bo‘lish nima ekanligini tushundi. Uning 2019 yilda olgan 70 foiziga nisbatan bu yil 81 foizlik natijaga erishishi buni yaqqol ko‘rsatib turibdi. Nazarboyev ham boshida pastroq foizlar bilan g‘alaba qilgan va oxirgisida 95,5 foiz ovoz olgandi», deydi Aljanov.

Ko‘proq yangiliklar: