Kanada Hind-Tinch okeani mintaqasi uchun o‘z strategiyasini e’lon qildi

Jahon 08:36 / 28.11.2022 3400

Kanada hukumati Hind-Tinch okeani mintaqasi uchun yangi iqtisodiy va diplomatik strategiyani e’lon qildi va mintaqaga sarmoya kiritish uchun deyarli 2,3 milliard Kanada dollari (1,65 milliard yevro) ajratdi. Hujjat 27 noyabr, yakshanba kuni mamlakat hukumati saytida e’lon qilindi.

«Ushbu strategiya kelgusi o‘n yillikda Hind-Tinch okeani mintaqasida faoliyatimizni chuqurlashtirish, mintaqaviy tinchlik va xavfsizlikka qo‘shgan hissamizni oshirish, iqtisodiy o‘sish va barqarorlikni mustahkamlash bo‘yicha keng qamrovli yo‘l xaritasini taqdim etadi», — deyiladi tavsifda.

Mintaqada kiberxavfsizlikni rivojlantirish, unda Kanada harbiy-dengiz kuchlarining mavjudligini kuchaytirish va Kanada Qurolli kuchlarining mintaqaviy harbiy mashg‘ulotlarda ishtirokini oshirish uchun 540 million dollarga yaqin mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

240,6 millioni mintaqadagi savdo va sarmoyani kengaytirishga, 750 millioni FinDev Canada tashabbusi doirasida xususiy sektorni rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Strategiyaning muhim qismi Kanadaning Xitoy bilan munosabatlarini rivojlantirishga bag‘ishlangan bo‘lib, hujjatda «borgan sari buzg‘unchi qudratli davlat» deb nomlanadi. «Xitoy xalqaro tartibni biznikiga tobora qarama-qarshi bo‘lgan manfaatlar va qadriyatlar uchun yanada qulay muhitga aylantirishga intilmoqda», — deyiladi strategiyada.

Hujjatda «Xitoyning kattaligi va ta’siri iqlim o‘zgarishi va biologik xilma-xillikning yo‘qolishi, global salomatlik va yadro quroli tarqatilishi kabi dunyoning ba’zi ekzistensial muammolarini hal qilish uchun hamkorlikni muhim qilishi» va Xitoy iqtisodiyoti «Kanada eksportchilari uchun muhim imkoniyatlar» taqdim etishi e’tirof etiladi.

«Kanada har doim o‘z milliy manfaatlarini murosasiz himoya qiladi. Bizning Xitoyga munosabatimiz bugungi Xitoyni real va hushyor baholashga asoslanadi. Chuqur bo‘linishlar mavjud bo‘lgan hududlarda biz Xitoyga qarshi chiqamiz», - deyiladi strategiyada.

Reuters ta’kidlaganidek, bosh vazir Jastin Tryudo hukumati ko‘p jihatdan AQShga qaram bo‘lgan savdo-iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilishga intilmoqda. Mamlakatning o‘zaro savdo aylanmasining 68 foizi Qo‘shma Shtatlar hissasiga to‘g‘ri keladi, Xitoyga esa bor-yo‘g‘i 7 foizga to‘g‘ri keladi, deb yozadi Reuters.

Ko‘proq yangiliklar: