Belgiyada jahon chempionatidagi mag‘lubiyatdan keyin tartibsizliklar ro‘y berdi

Jahon 08:00 / 28.11.2022 18327

27 noyabr, yakshanba kuni Belgiya milliy jamoasi Qatardagi jahon chempionatida Marokashga 0:2 hisobida mag‘lub bo‘lgach, Belgiyaning bir qancha shaharlarida, jumladan, poytaxt Bryusselda ham futbol muxlislari politsiya bilan to‘qnashuvga bordi.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, o‘nlab odamlar Bryussel markazida g‘alayon ko‘tarib, politsiyaga hujum qilgan, ular suv purkagichlar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz bilan javob bergan. Shunga o‘xshash hodisalar Lej va Antverpenda ham sodir bo‘lgan.

Belgiya huquq-tartibot idoralari vakillarining so‘zlariga ko‘ra, final hushtagi chalinguncha ham, yuzlarini yashirgan «o‘nlab odamlar» politsiya bilan to‘qnashuv boshlash uchun «fursat qidirayotgan» bo‘lgan. AFP ma’lumotlariga ko‘ra, Bryusselda odamlar do‘kon oynalarini sindirgan, shuningdek, chiqindi qutilari, elektr skuterlar va avtomobilni yoqib yuborishgan. Qayd etilishicha, to‘qnashuvlar marokashlik muxlislar gavjum bo‘lgan hududlarda boshlangan.

Tartibni tiklash uchun yuzga yaqin politsiyachi va bir vertolyot jalb qilingan, ayrim metro bekatlari va markaziy ko‘chalar yopilgan. Hammasi bo‘lib 11 ga yaqin kishi hibsga olingan. Kechga yaqin tartibsizliklar to‘xtatildi, dedi Bryussel meri.

Belgiya sharqidagi Lej shahrida 50 ga yaqin kishi politsiya bo‘limiga hujum qilib, oynalarini sindirib, ikki politsiya mashinasiga zarar yetkazdi. Bunga javoban huquq-tartibot idoralari xodimlari suv purkagichdan foydalangan. Antverpenda ham shunga o‘xshash hodisalar ortidan o‘nga yaqin odam hibsga olingan.

O‘yindan keyin Niderlandiyaning bir qancha shaharlarida ham tartibsizlik bo‘lib o‘tdi. Rotterdam, Haaga, Amsterdam va Utrext politsiyasi tartibsiz uyushtirgan marokashlik futbol muxlislarini tarqatish uchun tayoqlardan foydalangan, deb yozadi AFP.

Ko‘proq yangiliklar: