Eron va AQSh «o‘lim o‘yini»ni o‘ynaydi, Argentina hali masalani hal qilmadi. Guruhlardagi vaziyat haqida

Sport 20:18 / 27.11.2022 38433

Jahon chempionatida A, V, S va D guruhlarida oxirgi turda kimga qanday natija kerak?

A guruhi

1-tur: Qatar — Ekvador — 0:2, Senegal — Niderlandiya — 0:2
2-tur: Qatar — Senegal — 1:3, Niderlandi — Ekvador — 1:1
3-tur: Niderlandiya — Qatar (29 noyabr, 20:00), Ekvador — Senegal (29 noyabr, 20:00)

1. Qatar 1/8 finalga chiqish uchun nazariy imkoniyatga ham ega emas, ammo jahon chempionati mezbonlari hali guruhdagi vaziyatga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

2. Niderlandiya va Ekvadorga pley-offga chiqish uchun hech bo‘lmaganda bittadan ochko kerak bo‘ladi. Agar bu ikki jamoa ham so‘nggi turda mag‘lub bo‘lsa (ehtimoli kam), bu ikki jamoaning to‘plar nisbati bo‘yicha yaxshiroq ko‘rsatkichga ega bo‘lgan bittasi keyingi bosqichga yo‘l oladi, to‘plar nisbati bo‘yicha ko‘rsatkichlar teng kelgan taqdirda, kim ko‘proq gol urganiga qaraladi.

3. Senegal uchun ham barchasi oddiy — oxirgi turdagi g‘alaba afrikaliklar ishtirokini davom ettirishiga imkon beradi. Ekvador bilan o‘yinda durang hisob qayd etilgan taqdirda, imkoniyat minimal darajaga tushadi — buning uchun Niderlandiya Qatarga kamida ikki to‘p farqi bilan yutqazishi talab etiladi.

4. Guruhda birinchi o‘rinni olish uchun kurashda niderlandlar favorit bo‘lib qolmoqda, ammo ular Qatarga qarshi o‘yinda imkon qadar ko‘proq gol urishi zarar qilmaydi. Agar Ekvador ham o‘z o‘yinida g‘olib chiqsa — barchasini gollar nisbati hal qiladi. Agar niderlandlar kutilmaganda ochko yo‘qotsa, Senegal ham birinchi o‘ringa da’vogarlik qilishi mumkin.

V guruhi

1-tur: Angliya — Eron — 6:2, AQSh — Uels — 1:1
2-tur: Uels — Eron — 0:2, Angliya — AQSh — 0:0
3-tur: Uels — Angliya (30 noyabr, 00:00), Eron — AQSh (30 noyabr, 00:00)

1. Angliyaning pley-offga o‘tish imkoniyati 100 foizga yaqin. Britanlar so‘nggi turda g‘alaba qozonsa, birinchi o‘rin bilan guruhdan chiqishi kafolatlangan, durang qayd etilsa — ikkinchi o‘ringa tushib ketishi mumkin, buning uchun Eron AQShni yengishi kerak. Agar Uels g‘olib bo‘lsa-chi?

2. Garet Sautgeyt jamoasining baxtiga, jahon chempionatida (Yevro-2020 dan farqli o‘laroq) ochkolar teng bo‘lib qolganda, o‘rinlarni taqsimlashdagi asosiy mezon — o‘zaro uchrashuvlardagi natijalar emas, to‘plar nisbati bo‘ladi. Shuning uchun inglizlar so‘nggi turda yirik hisobda yutqazmasa (Uels kamida 4:0 hisobida g‘alaba qozonishi talab etiladi), uelsliklarni oldinga o‘tkazib yubormasligi aniq. Eron yoki AQSh Angliyani faqat inglizlar mag‘lub bo‘lgan taqdirda quvib o‘ta oladi, ammo britanlar uchun ayni vaqtdagi eng yomon real ssenariy — ikkinchi o‘ringa tushib ketishgina bo‘ladi.

3. Eron — AQSh uchrashuvi g‘olibi pley-offga chiqadi, mag‘lub bo‘lgan jamoada bunday imkon bo‘lmaydi. Durang amerikaliklarni 1/8 finalsiz qoldiradi, ammo osiyoliklar ham xavf ostida qoladi. Agar Uels Angliyani yengsa, uch jamoada to‘rttadan ochko bo‘ladi, bu holda umumiy to‘plar nisbati hisoblanadi, bu borada esa eng yomon vaziyat Eronda.

Pley-off

Unutmaslik kerakki, A va V guruhidan chiqqan jamoalar 1/8 finalda o‘zaro to‘qnashadi. Hozir eng ehtimoliy qiziq ssenariy — pley-offning startidayoq Niderlandiya va Angliya to‘qnashuvi bo‘lib turibdi. Ikki jamoa ham hozirda birinchi o‘rin uchun yaxshi imkoniyatga ega va ular guruhlarida birinchi o‘rinni saqlab qolishsa, o‘zaro to‘qnashuvdan qochib qolishadi, ammo bu ikki jamoa uchun ham guruhning so‘nggi turi oson bo‘lishi kafolatlanmagan.

S guruhi

1-tur: Argentina — Saudiya Arabistoni — 1:2, Meksika — Polsha — 0:0
2-tur: Polsha — Saudiya Arabistoni — 2:0, Argentina — Meksika — 2:0
3-tur: Saudiya Arabistoni — Meksika (1 dekabr, 00:00), Polsha — Argentina (1 dekabr, 00:00)

1. G‘alabadan boshqa natija argentinaliklarni qoniqtirmaydi. Agar ular Polshaga mag‘lub bo‘lishsa, jahon chempionatini tark etadi, durang qayd etilsa, barchasi guruhning ikkinchi o‘yinidagi natijaga bog‘liq bo‘ladi. Saudiya Arabistoni oxirgi turda g‘alaba qozonsa, Lionel Messi jamoa bilan uyga qaytishiga to‘g‘ri keladi, saudiyaliklar va meksikaliklar uchrashuvida durang hisob albiselestaga 1/8 finalda o‘ynash imkonini beradi, Meksika g‘alaba qozonsa, to‘plar nisbatiga qarash kerak bo‘ladi. Agar, masalan, meksikaliklar 3:0 hisobida g‘alaba qozonsa — argentinaliklar uchinchi o‘rinda qolib ketadi.

2. Agar janubiy amerikaliklar Polsha ustidan g‘alaba qozonsa, katta ehtimol bilan guruhdan birinchi o‘rin bilan chiqishadi — faqat buning uchun Saudiya Arabistoni Meksikani yirik hisobda tor-mor etmasligi kerak bo‘ladi.

3. Polshaga pley-offga chiqish uchun durang ham yetarli, bu hatto birinchi o‘rinni kafolatlashi mumkin. Polshaliklar mag‘lubiyatga uchrasa, Meksika Saudiya Arabistoniga yutqazmasligi, g‘alaba qozonsa, yirik hisobda g‘alaba qozonmasligidan umid qilishi kerak.

4. Saudiyaliklar 1/8 finalga chiqishi uchun g‘alaba qozonishi kifoya. Durang hisob qayd etilgan taqdirda, to‘plar nisbatiga ko‘ra Polsha yoki Argentinadan yomonroq natija qayd etib, uchinchi o‘rinda qolib ketish xavfi bo‘ladi.

5. Meksikaga faqat g‘alaba kerak, qolaversa, parallel uchrashuvda qoniqarli hisob qayd etilishi talab etiladi. Polyaklar to‘plar nisbatiga ko‘ra ortda qoldirilishi uchun yoki Argentinaning mag‘lubiyati, yoki, aksincha, uning yirik hisobdagi g‘alabasi (yoki Meksika o‘zi juda yirik hisobda g‘alaba qilishi kerak).

D guruhi

1-tur: Daniya — Tunis — 0:0, Fransiya — Avstraliya — 4:1
2-tur: Tunis — Avstraliya — 0:1, Fransiya — Daniya — 2:1
3-tur: Avstraliya — Daniya (30 noyabr, 00:00), Tunis — Fransiya (30 noyabr, 00:00)

1. Fransiya g‘alaba qozonib, pley-offga birinchi o‘rin bilan  chiqishi mumkin. Amaldagi jahon chempionlarini quvib yetish uchun Avstraliyada nazariy imkoniyat bor, ammo gollar nisbatidagi farqni (hozirda fransuzlarda «+4», avstraliyaliklarda «-2») yo‘qqa chiqarish imkon doirasidan tashqaridagi ish bo‘lib ko‘rinmoqda.

2. Tunis katta ehtimol bilan pley-offga chiqa olmaydi. Buni uddalash uchun ular Fransiyani yengishi va yoki avstraliyaliklar daniyaliklar bilan durang o‘ynashi yoki skandinavlar g‘olib chiqishiga umid qilishi kerak bo‘ladi, shunda ham afrikaliklar guruhni Kasper Yulmann shogirdlaridan yaxshiroq to‘plar nisbati bilan yakunlashi talab etiladi. Boshqacha vaziyat tunisliklarni qanoatlantirmaydi.

3. Guruhdagi ikkinchi o‘rin masalasi taqdiri, katta ehtimol bilan Avstraliya — Daniya o‘yinida hal bo‘ladi. Yevropaliklarga g‘alaba kerak, yashil qit’a vakillarini esa durang hisob ham qanoatlantiradi.

Pley-off

S va D guruhlaridan chiqqan jamoalar 1/8 finalda bir-biri bilan o‘ynaydi. Eng intrigali syujyet — Fransiya va Argentina to‘qnashuvi ehtimoli. Bu reallikka aylanishi uchun, janubiy amerikaliklar polyaklar bilan durang o‘ynashi va meksikaliklar saudiyaliklarga qarshi o‘yinda yirik hisobda g‘alaba qozona olmasligi talab etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: