Yevrokomissiya: Ukrainadan kelgan qochqinlar uyiga tezda qaytib ketmaydi

Jahon 12:12 / 26.11.2022 4034

Germaniya va ukrainalik qochqinlarni qabul qilgan boshqa davlatlar ular urush tugagandan so‘ng darhol vataniga qaytmasligi ehtimoliga tayyor bo‘lishi kerak. Bu fikrni Yevrokomissiya (YeK) vitse-prezidenti Dubravka Shuytsa 26 noyabr, shanba kuni chop etilgan Redaktionsnetzwerk Deutschland (RND) nashrlar guruhiga bergan intervyusida bildirdi

«Menimcha, biz bunga tayyor bo‘lishimiz kerak, - dedi Shuytsa. - Asosiy muammo shundaki, bu oilalar urush tugaganidan keyin birinchi kundayoq uylariga qaytamiz deb o‘ylashadi. Ammo o‘shanda ular hali uylariga qayta olishmaydi, sababi uylari vayron bo‘lgan, ish o‘rinlari yo‘qolgan. Ochig‘ini aytishim kerak, men o‘zim sobiq Yugoslaviyadagi Xorvatiyada urushni boshdan kechirganman».

Dubravka Shuytsa Yevropa Komissiyasida demokratiya va demografik muammolar uchun mas’ul bo‘lib, Yevropa darajasida bolalar huquqlari bilan shug‘ullanadi. RND nashriga bergan intervyusida u qochqinlarni qabul qilgan davlatlar qandaydir noqulayliklarga chidashga to‘g‘ri kelishini tan oldi: «Ha, agar biz bog‘cha guruhlari va maktablardagi bolalar soni haqida gapiradigan bo‘lsak, bizning standartlarimiz yomonlashdi. Hozir sinfdagi bolalar soni 15 yoki 20 nafar emas, balki 35 nafarni tashkil qilyapti. Sobiq o‘qituvchi sifatida men bu - muammo ekanligini bilaman». 

Shu bilan birga, Yevrokomissiya raisi o‘rinbosari bu qiyinchiliklarga qaramay, yevropaliklar yordam berayotganlar bilan birdamlik ko‘rsatishlari muhimligini ta’kidladi: «Biz birdamlikni yaxshiroq ifodalashimiz kerak, aks holda odamlar xudbin bo‘lib, o‘z pullarini qaytarishni xohlashadi. To‘g‘ri, standartlar mavjud. Lekin shunday standartlar ham borki, ularni urush tugamaguncha tiklab bo‘lmaydi».

Dubravka Shuytsa, shuningdek, qishning yaqinlashib kelayotgani va davom etayotgan Rossiya hujumlari bilan, prognozlarga ko‘ra, Ukrainadan qochqinlar soni yanada ortishi mumkinligini aytdi.

Rossiya Ukraina bilan urushda «terrorchilik vositalaridan» foydalanayotgani to‘g‘risida Yevroparlament rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatlashga tayyormi, degan savolga amaldor aniq javob bermadi. Ammo Rossiya qo‘shinlarining qo‘shni davlatga bostirib kirishini izohlar ekan, u shunday dedi: «Ular Ukrainadagi odamlarga nisbatan shafqatsiz va ular qilayotgan ishlar mutlaqo qabul qilinishi mumkin emas». 

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning keng ko‘lamli tajovuzi boshlanganidan keyin 14 millionga yaqin odam Ukrainani tark etgan. Germaniyada 2022 yil oktyabr oyi oxiriga kelib, 1 millionga yaqin ukrainalik qochqin ro‘yxatga olingan. 

Ko‘proq yangiliklar: