Rossiyada «xorijiy agentlar» reyestri yana olti kishi bilan to‘ldirildi

Jahon 08:34 / 26.11.2022 3394

Rossiya Adliya vazirligi jismoniy shaxslar - «xorijiy agentlar» reyestrini yana olti nafar shaxs bilan to‘ldirdi. Bu Adliya vazirligining 25 noyabr, juma kuni e’lon qilingan yangilangan ro‘yxatidan kelib chiqadi. «Xorijiy agent» maqomi Yekaterinburgning sobiq meri Evgeniy Royzman, advokat Ilya Novikov, Aleksey Navalniyning Ufadagi shtabi sobiq advokati Fedor Telin, Permdagi «Golos» harakati koordinatori Vitaliy Kovin, «Dojd» telekanalining ijodiy prodyuseri Anna Mongaytga, shuningdek, «Svobodnaya Buryatiya» rahbari, jurnalist Aleksandra Garmajapovga berildi. Olti kishida ham Ukraina moliyalashtiruvchi davlat sifatida ko‘rsatilgan, Anna Mongaytga esa Latviyadagi SIA «TV Rain» yuridik shaxsi ham biriktirib qo‘yildi.

Saxalinlik jurnalist Lyubov Barabashova «OAV-xorijiy agent» deb tan olingan shaxslar reyestriga, Sankt-Peterburgdagi tashabbus guruhi, shuningdek, «Sotsialnoye partnerstvo» inson huquqlari jamg‘armasi «ro‘yxatdan o‘tmagan birlashmalar-xorijiy agentlar» ro‘yxatiga kiritildi.

2012 yilda Davlat dumasi deputatlari «Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartishlar kiritdi, unga ko‘ra Rossiya Federatsiyasi hududida «siyosiy faoliyat» bilan shug‘ullanadigan va chet eldan moliyalashtirish qabul qiluvchi Rossiya nodavlat notijorat tashkilotlariga «xorijiy agent» maqomi beriladi. Shu bilan birga, qonunda «siyosiy faoliyat» tushunchasiga aniq ta’rif berilmagan.

2017 yilda Rossiyada «OAV-xorijiy agentlar» to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi, unga ko‘ra bu maqom chet eldan moliya va mulk oladigan har qanday OAVga berilishi mumkin. 2018 yilda shaxslarni «OAV-xorijiy agentlar» ro‘yxatiga ijtimoiy tarmoqlardagi postlar uchun ham kiritishga ruxsat beruvchi qonun qabul qilindi.

2022 yil 1 dekabrdan boshlab Rossiyada nafaqat xorijdan mablag‘ oladigan, balki chet eldan «ko‘mak» olganlarni (masalan, tashkiliy-uslubiy yoki ilmiy-texnik), shuningdek, «xorijiy ta’sir ostida» bo‘lganlarni «xorijiy agentlar» deb e’lon qilish imkonini beruvchi qonun kuchga kiradi.

Ko‘proq yangiliklar: