«Har qanday lavozim vaqtinchalik, xalq esa abadiy» - To‘qayev rasman Qozog‘iston prezidentligi uchun ishga kirishdi

Jahon 11:57 / 26.11.2022 11382

Qozog‘iston prezidenti lavozimiga kirishgan Qosim-Jo‘mart To‘qayev nutq so‘zlab, kelgusidagi rejalari, mamlakat oldida turgan islohotlarga to‘xtalib o‘tdi. To‘qayevning nutqidagi asosiy jihatlarni qisqacha keltiramiz.

«Bizning endigi umumiy maqsadimiz — qonun ustuvor bo‘lgan, tartib-intizomga rioya qilinadigan, fuqarolarning huquqlari tegishli tarzda hurmat qilinadigan Adolatli Qozog‘istonni qurish», — dedi To‘qayev

To‘qayev shuningdek Qozog‘istonni haqiqiy demokratik institutlar bilan chinakam rivojlangan davlatga aylantirish va jamiyatni transformatsiya qilish borasidagi kelgusidagi katta ishlar haqida so‘zladi. Unga ko‘ra, ayni damda millatning yangi sifati shakllanmoqda va mustaqillik mustahkamlanmoqda.

«Biz hozir bu sermashaqqat yo‘lning eng boshida turibmiz. Oldimizda juda ko‘p ishlar bor. Har bir fuqaro mamlakat kelajagi uchun mas’ul ekanligini anglab yetishi kerak».

«Ustuvor vazifa — fuqarolarimizning tadbirkorlik ruhini to‘sib turgan barcha sun’iy to‘siq va cheklovlarni olib tashlash. Tadbirkorlar o‘z biznesining sababsiz tekshirilishini batamom unutishi kerak, ular faqat soliq reviziyasi bilan to‘qnash kelishlari kerak».

«Adolatli bozor iqtisodiyotini barpo etish, xususiy mulkni himoya qilish, raqobatni rivojlantirish, korrupsiyani qo‘porib tashlashga qonunning chinakam ustuvorligisiz erishish qiyin. Shu sababli barchaning qonun oldida barobarligi — davlatimizning uzoq muddatli rivojlanishi uchun asosiy shart. Jamiyatda nifoq urug‘ini sochuvchi va millatning birligiga raxna soluvchi, pirovard natijada davlatimizga qarshi qaratilgan provokatsiyalarga qat’iy barham beriladi».

«Biz fuqarolarning so‘rovi hamda vaqt talabiga javob beradigan samarali davlat qurishga majburmiz».

«Bizning eng katta boyligimiz — bu insonlar. Shuning uchun fuqarolarimiz farovonligi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish juda muhim».

«Qozog‘iston milliy manfaatlarni himoya qilishga yo‘g‘rilgan, muvozanatlashgan va konstruktiv tashqi siyosat yuritishda davom etadi. Biz AQSh, Yevropa Ittifoqi, Osiyo, Yaqin Sharq va Kavkazorti davlatlari, shuningdek barcha manfaatdor davlatlar bilan ko‘pqirrali hamkorlikni rivojlantirish maqsadida ishlashda davom etamiz. Qozog‘iston zamonaviy xalqaro huquq va BMT Nizomiga sodiq qoladi».

«Biz adolatli davlat, adolatli iqtisodiyot va adolatli jamiyat quramiz. Bu prinsiplar mening saylovoldi dasturimda aniq mujassam qilindi. Men o‘z saylovoldi dasturimning har bir punktini to‘liq amaliyotga joriy qilish uchun bor kuchimni sarflayman. Shu sababli, uni amalga oshirish uchun maxsus farmon imzolayman. Shaxsan o‘zim dasturning og‘ishmay bajarilishi ustidan nazorat o‘rnataman». 

«Har qanday lavozim vaqtinchalik, xalq esa abadiy», — dedi Qozog‘iston prezidenti. U kelgusi 7 yilda xalqning qo‘llovi bilan o‘z missiyasini sharaf ila ado qilishiga ishonishini aytdi.

Shu bilan inauguratsiya marosimi yakunlandi.

Ko‘proq yangiliklar: