AQSh hukumati Venesueladan neft import qilishga ruxsat berdi

Jahon 23:02 / 26.11.2022 7588

Qo‘shma Shtatlar hukumati mamlakatdagi eng yirik neft kompaniyalaridan biri bo‘lgan Chevron korporatsiyasiga Venesueladan neft va neft mahsulotlarini import qilishga ruxsat berdi. Bunga hukumat va muxolifat o‘rtasida kelishuvga erishilgani sabab bo‘lgan.

Shu tariqa Vashington Lotin Amerikasidagi ushbu davlatga qarshi joriy etilgan sanksiyalarni yumshatdi.

«Chevron  qo‘shma korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan neft yoki neft mahsulotlarini 6 oy davomida Qo‘shma Shtatlarga sotish, eksport yoki import qilishga ruxsat beriladi», deyiladi Moliya vazirligi litsenziyasida.

Avvalroq, The Wall Street Journal Vashington Chevron kompaniyasiga Venesuelada neft qazib olish uchun litsenziya bermoqchi ekani haqida xabar qilgan edi. Nashrning tushuntirishicha, bu Venesuelaga qarshi sanksiyalar yumshatilishiga ishoradir. Chevron kompaniyasi Petroleos de Venezuela SA bilan tuzilgan qo‘shma korxonalar orqali Venesuela konlarida neft qazib olish ustidan qisman nazoratni tiklashga qaror qildi.

AQSh Venesuelaga qarshi to‘liq iqtisodiy sanksiyalarni 2019 yil avgust oyida joriy qilgan edi. 

Ko‘proq yangiliklar: