«Bu eng og‘riqli masala» - Ishmetov budjetdan tashqari jamg‘armalar qanday ishlatilishi haqida

Iqtisodiyot 17:33 / 18.11.2022 37400

Senatning 35-yalpi majlisida Senat raisi Tanzila Norboyeva moliya vaziri Timur Ishmetovga vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari mablag‘lari borasida savol berdi. 

«Nega xalqning pulini boshqa yo‘nalishlarga ishlatyapsiz, desangiz, bu xalqning puli emas, jamg‘armalardagi pul, deydi. Jamg‘armadagi pullar ham xalqning puli-ku, to‘g‘rimi? Jamg‘armalardagi mablag‘lar ishlatilishi bo‘yicha qanday fikringiz bor, uni qanday hal qilsa bo‘ladi?» - deya savol berdi Norboyeva. 

Ishmetov jamg‘armalar masalasi eng og‘riqli masala ekanini aytdi. 

«Bu haqiqatan ham katta muammo. Vazirliklar bilan muhokama qilishdagi eng og‘riqli masala. Biz bunday jamg‘armalarning tushumlarini to‘g‘ri budjetga yo‘naltirib, xarajatlarni ham budjetdan amalga oshirish tarafdorimiz.

Mablag‘lar ishlatilishi yo‘nalishiga qarasak, eng asosiy qismi vazirliklar xodimlarining oyliklariga qo‘shimcha ustamalar to‘lashga qaratilgan. «Davlat xizmati to‘g‘risida»gi qonun chiqqandan keyin hammasining xarajatlari budjetga yo‘naltiriladi, hukumat tomonidan topshiriq olingan. Davlat xodimlarining oylik tizimini unifikatsiya qilish masalasini ko‘rib chiqamiz – hamma vazirlikda har xil bo‘lib ketgan. O‘sha hal bo‘lsa, mablag‘larning asosiy qismini to‘g‘ri budjetga yo‘naltirsa bo‘ladi», - dedi vazir. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, muammoning ikkinchi qismi (qurilish uchun) kapital xarajatlar hisoblanadi. 

«Prezident topshirig‘i bilan barcha vazirliklarda kapital xarajatlar, ya’ni qurilishlarga cheklov qo‘yildi. Endi hech kimning bunga haqqi yo‘q.

Fikrimizcha, bunday qurilishlarni investitsiya dasturi doirasida amalga oshirish kerak.

Biz investitsiya dasturini shakllantirganda, har bitta maktab, bog‘cha soni bo‘yicha qancha to‘polon bo‘ladi – o‘zi arzimagan sonda maktab, bog‘cha yoki shifoxona qurishga qurbimiz yetadi, ammo vazirlik va idoralar budjetdan tashqari mablag‘larga o‘ziga bino qurishga harakat qilib yurishgan. Hozir bu to‘xtatilgan.

Investitsiya dasturi doirasida mablag‘ 15 trln bo‘ladimi, 20 trln bo‘ladimi, 30 trln bo‘ladimi, davlat idorasi binosini qurganimiz muhimroqmi yoki shu pulga maktab yoki bog‘cha qurgan ma’qulroqmi, degan narsani birgalikda ko‘rishimiz kerak», - dedi Ishmetov.  

Moliya vaziri idoralarning joriy xarajatlari (masalan, kanstovar olish)ni qoldirgan holda yuqoridagi xarajatlarni uzil-kesil hal qilish kerakligini aytdi.

Ko‘proq yangiliklar: