PepsiCo kompaniyasining katta tavakkali: «Kapitalistlar ichimligi» bo‘lgan Pepsi Cola SSSRga qanday kirib kelgandi?

Iqtisodiyot 10:23 / 03.11.2022 44345

1917 yilda sodir bo‘lgan Oktyabr to‘ntarishi Yevrosiyoning juda katta mintaqasida bozor qonuniyatlarini o‘zgartirib yubordi. Rossiya imperiyasi tugatilib, o‘rniga «sovetlar mamlakati» paydo bo‘lar ekan, yangi tuzum xususiy mulk egalariga qarshi ayovsiz kurash boshlaydi.

Avvaliga zavod va fabrikalar tortib olinadi. Keyin do‘kondorlarga hujum boshlanadi. 1920-yillar oxiriga kelib kollektivlashtirish bahonasida butun mamlakat bo‘ylab odamlarning yer va mulklari oxirigacha tortib olinadi. Shu tariqa asrlar davomida shakllanib kelgan xususiy mulk munosabatlari to‘liq mahv etiladi.

1930-yillarda mamlakatda juda katta qurilishlar boshlab yuboriladi. Ammo kerakli mutaxassislar yetishmasdi. Ana shu paytda SSSRga dunyoning turli davlatlaridan ko‘plab kompaniyalar o‘z mutaxassislari bilan kelib ishlaydi. Ular orasida AQShliklar ham bor edi.

1937 yilda Stalin qatag‘onlari boshlangach, xorijiy mutaxassislarning bir qismi qochib qutuladi. Boshqalari esa ayg‘oqchilikda ayblanib, jazolanadi. Shundan so‘ng uzoq yillar davomida SSSRning G‘arb davlatlari bilan iqtisodiy aloqalari eng yomon ko‘rinishga keladi.

Stalin vafotidan keyin bir muddat SSSR va AQSh munosabatlari yumshaganday bo‘ladi. Mamlakat rahbari Nikita Xrushchev AQShga tashrif buyuradi.

Foto: alamy.com

Bunga javoban 1959 yilda Moskvada AQSh milliy sanoat ko‘rgazmasi tashkil etiladi va unga vitse-prezident Richard Nikson tashrif buyuradi. Ammo 1960-yillar boshida sodir bo‘lgan Karib inqirozi davrida SSSRning G‘arb bilan aloqalari yana yomonlashadi.

1964 yil 14 oktyabrda SSSR rahbari o‘zgaradi. Xrushchev o‘rniga Leonid Brejnev KPSS markaziy qo‘mitasi bosh kotibi bo‘ladi. O‘sha paytda Vetnam urushi davom etayotgan va unda AQSh armiyasi janubliklarga, SSSR harbiylari shimolliklarga yordam berayotgan edi. Shu sababli har ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar sovuqligicha qoladi.

Sovet-AQSh aloqalarining iliqlashishi

1969 yilda AQShda o‘tkazilgan saylovlarda Richard Nikson g‘alaba qozonadi va mamlakat prezidenti bo‘ladi. Nikson urushda muvaffaqiyatsizlikka uchrayotgan AQSh harbiylarini Vetnamdan olib chiqish haqida qaror qabul qiladi. Shu bilan birga Sovet ittifoqi bilan iqtisodiy aloqalarni tiklashga kirishadi. Shundan so‘ng SSSR va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar iliqlasha boshlaydi.

1972 yilda Richard Nikson Brejnev taklifiga ko‘ra SSSRga davlat tashrifi bilan keladi. Ungacha AQSh prezidentlari orasida faqat Franklin Ruzvelt 1945 yilda SSSRga kelgandi. Ruzveltning tashrifidan keyin orada o‘tgan 27 yil mobaynida AQShning birorta prezidenti sovet ittifoqiga kelmagan.

Foto: bskltd.ru

Oradan ikki yil o‘tib, 1974 yilda Richard Nikson SSSRga ikkinchi marta keladi va har ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar ancha jonlanib qoladi.

SSSRda Pepsi Sola korxonasining qurilishi

SSSRda Pepsi Sola avvallari sotilmagan. Faqat 1959 yilda Moskvada o‘tkazilgan AQSh milliy sanoat yarmarkasida bu ichimlik ilk bor taqdim etilgandi.

AQSh Milliy sanoat yarmarkasining tashkilotchisi vitse prezident Richard Nikson edi. O‘shanda yarmarkada PepsiCo kompaniyasi bosh direktori Donald Kendall ham o‘z mahsulotlari bilan qatnashadi.

Yarmarka bo‘lib o‘tgan kunlarda unga tashrif buyuruvchilarga Pepsi Sola ham taqdim etiladi va bu ichimlik ko‘pchilikning mehrini qozonadi.

SSSR rahbari Nikita Xrushchev Moskvada o‘tkazilgan AQSh milliy sanoat yarmarkasida Pepsi Cola tatib ko‘rmoqda
Foto: alamy.com

PepsiCo kompaniyasi o‘shandayoq SSSR bozoriga kirishni xohlagandi. Ammo Karib havzasida joylashgan Kuba oroli tufayli kelib chiqqan mojaro tufayli bu amalga oshmay qoladi.

Richard Niksonning sovet ittifoqiga 1972 yilda amalga oshirgan birinchi tashrifida SSSR va AQSh o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik shartnomalari imzolanadi. Shundan so‘ng har ikki mamlakat o‘rtasida mahsulot ayirboshlash boshlanadi.

O‘sha paytda SSSRda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar orasida amerikaliklarning talabiga javob beradiganlari yo‘q edi. Shu sababli ular asosan xomashyo sotib oladi va o‘rniga tayyor mahsulotlar jo‘natiladi.

Jumladan, 1973 yilda SSSRga AQShdan Pepsi Sola salqin ichimligining birinchi partiyasi yetib keladi. Ichimlik sovet xaridorlariga manzur kelgach kompaniya rahbarlari SSSR savdo ministrligi bilan muzokara o‘tkazib, SSSRda zavod ochish bo‘yicha kelishuvga erishadi. Shu tariqa PepsiCo kapitalistik G‘arbdan kelib SSSRda mahsulot ishlab chiqargan ilk kompaniyaga aylanadi.

O‘sha paytda PepsiCo’ning barcha korxonalar davlatga tegishli bo‘lgan SSSRda salqin ichimlik ishlab chiqaruvchi korxonani ochishi katta jasorat edi. Buning ustiga, G‘arb mahsulotlari SSSRda «Kapitalistlar mahsuloti» deb talqin qilinar, bunday sharoitda xaridorlarni jalb qilish biroz qiyin bo‘lishi ehtimoli ham bor edi.

G‘arb davlatlari bilan iqtisodiy aloqalari uncha yaxshi bo‘lmagan sovetlar keyinchalik arzimagan narsani bahona qilib PepsiCo’ning korxonasini tortib olishi mumkin edi. Kompaniya ana ana shunday qaltis vaziyatda jiddiy tavakkalga qo‘l uradi.

SSSR rahbari Leonid Ilich Pepsi Cola ishlab chiqaruvchi korxonada.
Foto: rbth.com

1973 yilda Krasnodar o‘lkasidagi Novorossiysk shahrida yangi zavod qurila boshlanadi va u 11 oyda bitadi. 1974 yilda zavod ishga tushiriladi va u yerda Pepsi Sola ishlab chiqarila boshlanadi. Bu ichimlikka qo‘shiladigan asosiy qo‘shimcha PepsiCo’ning Irlandiyadagi zavodidan kelar edi.

O‘sha paytda Novorossiyskdagi korxona bir sutkada 160 ming shisha idishda Pepsi Sola ishlab chiqargan. O‘zaro kelishuvga ko‘ra SSSRda ishlab chiqarilgan ichimlik yorlig‘iga brend nomi kirill alifbosida yozilgan edi.

Pepsi Sola oddiy sovet limonadlariga qaraganda ancha sifatli bo‘lgani uchun tezda mamlakat bo‘ylab ommalashadi. Shundan so‘ng kompaniya ishlab chiqarishni kengaytira boshlaydi.

Keyingi yillarda birin-ketin boshqa shaharlarda ham zavodlar ochiladi. Jumladan, 1978 yilda Yevpotoriyada, Leningradda (hozirgi Sankt-Peterburg), Novosibirsk va Moskvada Pepsi Sola ishlab chiqariladi.

Pepsi Sola 0,33 litrli shisha idishga quyilar va turli shaharlarda 45-50 tiyindan sotilardi.

Foto: alamy.com

Moskva olimpiadasi tufayli kelib chiqqan raqobat

Ma’lumki, AQShning turli yirik kompaniyalari o‘zaro raqobatda ishlaydi. Shu jumladan PepsiCo va AQShning yana bir yirik kompaniyasi Coca-Cola Company dunyo bo‘ylab o‘zaro raqobatda ishlagan.

1979 yilga kelib PepsiCo va Coca-Cola Company o‘rtasida SSSR bilan bog‘liq kichik mojaro yuzaga keladi.

1980 yilda yozgi olimpiada o‘yinlari o‘tkazilishini Moskva shahri yutib olgandi. 1979 yilda dunyoning ko‘plab mamlakatlari SSSRning Afg‘onistonga bostirib kirishiga norozilik sifatida Moskvadagi olimpiadada qatnashmasligini ma’lum qiladi. Ular orasida AQSh ham bor edi.

Garchi Amerika Moskvadagi musobaqaga o‘z sportchilarini yubormasligini aytgan bo‘lsa-da, olimpiada boshlanishi arafasida Coca-Cola Company va PepsiCo o‘rtasida kichik mojaro yuzaga keldi.

Foto: pikabu.ru

Coca-Cola Company o‘sha paytlarda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi bilan olimpiya o‘yinlarining asosiy ichimligi va homiysi bo‘lish uchun shartnoma imzolagandi. Kompaniya Moskva olimpiadasigacha bo‘lgan musobaqalarda ham olimpiya o‘yinlarining asosiy homiylaridan biri bo‘lib kelayotgandi.

Moskva olimpiadasi tashkilotchilari G‘arb davlatlarining boykotidan so‘ng musobaqaga SSSRda mahsulot ishlab chiqarayotgan PepsiCo kompaniyasi asosiy homiy bo‘lishi haqida ma’lum qilishadi. Sovetlarning bunday qarori xalqaro olimpiya qo‘mitasini noqulay ahvolga solib qo‘yadi.

Shundan so‘ng xalqaro olimpiya qo‘mitasi tashkilotchilar bilan muzokaralar o‘tkazadi. Sovetlar avvaliga Coca-Cola Company’ning Moskva olimpiadasiga asosiy homiy bo‘lishiga qarshi bo‘lishadi. Bundan asosiy homiylik uchun xalqaro olimpiya qo‘mitasiga millionlab dollar mablag‘ ajratayotgan Coca Sola kompaniyasi mutasaddilari norozi bo‘lishadi.

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi Moskva olimpiadasi tashkilotchilari bilan muzokaralar o‘tkazadi. Qo‘mita biroz yon berish hisobiga Coca Cola Company Moskva olimpiadasiga homiylik qilishi bo‘yicha kelishuvga erishadi.

Sovetlar olimpiyaning asosiy ichimligi sifatida Coca Cola Company’ning eng mashhur ichimligi Coca Sola emas, Fanta qatnashishi mumkinligini aytishadi. Xalqaro olimpiya qo‘mitasi va Coca-Cola Company vakillari noiloj rozi bo‘lishadi.

1979 yildan boshlab Coca-Cola Company Moskvadagi «Ochakovo» korxonasida 0,33 litrli shisha idishga quyilgan Fanta ichimligini chiqara boshlaydi. Shu tariqa Moskva olimpiadasida ikkita raqobatchi kompaniyaning asosiy ichimliklari deb Pepsi Sola va Fanta tan olinadi.

Shuningdek, kelishuvga ko‘ra Coca Cola Company’ga olimpiada tugaguncha SSSRda Coca Sola ichimligini sotishga ruxsat berishadi. Kompaniya idish tepasiga kirill yozuvi tushirilgan ichimliklardan katta partiyasini SSSRga olib kirib sota boshlaydi.

Olimpiada o‘yinlari tugashi bilan Coca Cola Company SSSRda mahsulot ishlab chiqarish hamda sotishni istamaydi va Ochakovodagi korxonani yopib chiqib ketadi. PepsiCo kompaniyasi esa ishlashda davom etadi.

1985 yilda SSSRda yana yettita zavodda – Moskva, Leningrad, Kiyev, Toshkent, Tallin, Olma-Ota va Suxumi shaharlarida Pepsi Sola ishlab chiqarila boshlanadi.

Foto: yaplakal.com

1980-yillar boshida PepsiCo kompaniyasi SSSRda bir yilda 15 million quti (har bir qutida 20 shisha ichimlik joylashgan) Pepsi Sola ishlab chiqargan. Ularning umumiy bahosi qariyb 200 million dollarni tashkil etgan.

Har yili SSSR bo‘ylab millionlab shisha Pepsi Sola sotilar ekan, bu ichimlik sovetlarning o‘zi ishlab chiqaradigan limonadlardan bir necha barobar qimmat edi. Masalan, o‘sha paytda 0,5 litrli shisha idishga quyilgan limonat 10 tiyin, 0,33 litrli Pepsi Sola esa 45-50 tiyin sotilgan.

Narxning balandligiga qaramasdan juda sifatli bo‘lgani uchun Pepsi Sola butun mamlakat bo‘ylab ommalashadi.

1988 yildan boshlab sovet telekanallarida Pepsi Sola reklamasi berila boshlanadi. Ilk reklama roligida o‘sha paytda endi mashhur bo‘la boshlagan Maykl Jyekson suratga tushgan edi.

O‘sha yili O‘zbekiston telekanalida ham Toshkentdagi teatrlardan birining aktyorlari ishtirokida suratga olingan reklama roligi efirga chiqa boshlaydi. O‘zbekistonda suratga olingan reklamada aktyorlar «Ming bir kecha» ertagi qahramonlari obrazida chiqishgan.

«Asr kelishuvi»

1989 yilga kelib SSSRda 21 korxona Pepsi Sola ishlab chiqarar (Ular orasida Qibray tumanidagi salqin ichimliklar ishlab chiqarish korxonasi ham bor edi), yana 26 ta korxona ochish reja qilingandi.

Ammo SSSR tarqab ketishi arafasida mamlakat bo‘ylab moliyaviy inqirozlar kuchayadi. O‘shanda PepsiCo’dan olingan xomashyo va turli uskunalar hisobidan SSSR kompaniyadan bir necha milliard dollar qarz bo‘lib qoladi.

Shundan so‘ng PepsiCo mutasaddilari SSSRga keladi va hukumat darajasidan o‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng Gorbachyov bilan qarzlarni to‘lash bo‘yicha shartnoma imzolanadi.

Shartnomaga ko‘ra PepsiCo qarzlar evaziga SSSRdan 20 ta eski harbiy kema va bir nechta neft tashuvchi tanker oladi. PepsiCo olgan kemalarning 17 tasi «613 loyiha» deb nomlanuvchi yirik suvosti harbiy kemasi, bittadan esminets, kreyser va torpedo qurollarini tashuvchi (torpedonets) edi.

Foto: alamy.com

O‘shanda suvosti harbiy kemalarning har biri 150 million dollardan narxlangandi. Esminets, kreyser, torpedo qurollarini tashuvchi kema va tankerlar ham salmoqli pullar evaziga hisoblab beriladi.

O‘sha paytda aksariyat davlatlarda buncha harbiy kema yo‘q edi. Agar dunyo davlatlari ro‘yxat qilinsa PepsiCo harbiy-dengiz floti bo‘yicha ular orasida oltinchi o‘rinni egallashi mumkin bo‘lardi.

PepsiCo kemalarning yaroqlilarini xaridorlarga sotadi, muddatini o‘tab bo‘lganlarini esa metall erituvchi kompaniyaga pullaydi. PepsiCo SSSRdan undirishning iloji bo‘lmagan pullarini shu yo‘l bilan oladi.

O‘sha paytda PepsiCo’ning sovet ittifoqidan qarz evaziga 20 ta harbiy kema olgani dunyo bo‘ylab shov-shuv bo‘ladi.

«Biz SSSRni sizlardan tezroq qurolsizlantiramiz» degan edi PepsiCo kompaniyasining sobiq bosh direktori Donald Kendall 1988-1992 yillarda AQShni boshqargan Katta Jorj Bushga maslahatchi bo‘lgan Brent Skoukroftga.

O‘sha yili New York Times gazetasi «SSSRdan oshiqcha qurol-yaroqlarini olib chiqish bu – qayta qurishga yordamlashishdir» deb yozib chiqqan edi.

1990 yilda SSSR va PepsiCo kompaniyasi o‘rtasida 3 milliard dollarlik yangi shartnoma imzolanadi. Shartnomada sovet ittifoqi to‘lovlarning bir qismini kemalar va boshqa mahsulotlar berib uzishi mumkinligi ko‘rsatiladi. Tarixda bu shartnoma «Asr kelishuvi» deb nomlangan.

1991 yilda SSSR parchalanib ketadi va PepsiCo bilan tuzilgan shartnoma ham o‘z kuchini yo‘qotadi. Shundan so‘ng PepsiCo Rossiyada xorijiy korxona sifatida ro‘yxatdan o‘tib ishlay boshlaydi.

PepsiCo'ning Rossiyadagi zavodlaridan biri
Foto: alamy.com

Kompaniya 2022 yil mart oyida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan Rossiyada salqin ichimliklar ishlab chiqarishni to‘xtatdi. Pepsi Sola kirib kelganiga roppa rosa 50 yil bo‘lganda PepsiCo noma’lum muddatga Rossiya bozorini tark etdi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: