Budjet taqchilligining oshishi inflatsiyaga qanday ta’sir o‘tkazmoqda?

Iqtisodiyot 17:57 / 02.11.2022 32603

Qozog‘iston milliy banki asosiy stavkani 16 foizgacha oshirdi. Sabablardan bir sifatida inflatsiyani kuchaytirib borayotgan fiskal xarajatlarning oshishi ham aytib o‘tilgan. O‘zbekistonda ham ahvol shunga o‘xshash. Oxirgi 6 yilda belgilangan budjet xarajatlari prognozdan ko‘ra doim yuqori darajada bo‘lib kelgan. Kun.uz muxbiri Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodovga “O‘zbekistonda inflatsiya shakllanishida fiskal xarajatlarning haddan ziyod oshib ketayotgani ta’siri qanchalik darajada?” degan savol bilan murojaat qildi.

“2022 yildagi pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilaganimizda, inflatsiyaning 8,5-9,5 atrofida shakllanishini prognoz qilgandik. O‘sha paytda fiskal taqchillikning 3 foiz atrofida bo‘lishini kutgandik. Lekin bugungi kunga kelib ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladigan mablag‘larning ko‘paytirilishi va ish haqining belgilanganiga qaraganda ko‘proq darajada oshirilishi hisobiga joriy yilda 4,2-4,5 foiz fiskal defitsiti kutilmoqda. Bu albatta, o‘z-o‘zidan inflatsiyaga ta’sir o‘tkazadi. Shuning uchun ham joriy yilda inflatsiyani o‘zimiz prognoz qilgandek, 8,5-9,5 foiz emas, balki 12-12,5 foiz atrofida shakllanishini kutyapmiz.

Yana bir narsani aytishim mumkinki, hozirgi pul-kredit siyosatini yuritish sharoitida inflatsiyani ma’lum bir darajada ushlab turishda monetar siyosatdan ko‘ra, fiskal, budjet konsolidatsiyasining o‘rni oshib bormoqda.

Qozog‘istonda inflatsiya 17,7 foiz atrofida shakllangan, shu sababli ular asosiy stavkani 1,5 foizga oshirishdi.

Mart oyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ham mendan nega asosiy stavkani birdaniga 14 foizdan 17 foizga oshirganimni so‘rashgandi. Asosiy stavkaning inflatsiyadan yuqori bo‘lishi iqtisodiy sharoitni tezroq belgilangan parametrlarga tushirish uchun imkoniyat yaratadi. E’tibor berayotgan bo‘lsangiz, rivojlangan davlatlar ham asosiy stavkasini juda tez oshiryapti. Masalan, AQSh asosiy stavkani oshirishni birinchi boshladi. Ular ham ma’lum belgilangan nuqtaga chiqib olishganidan so‘ng, pasaytirish tizimiga o‘tadi. Shu sababdan ham shakllanayotgan inflatsiyani hisobga olgan holda belgilagan asosiy stavkamiz yordamida o‘zimiz reja qilgan maqsadlarga osonroq erishamiz deb o‘ylayman”, – deya ta’kidladi regulyator rahbari.

Ko‘proq yangiliklar: