Frontga yo‘naltirilayotgan milliardlar. Rossiya urush uchun pulni qayerdan olmoqda?

Iqtisodiyot 14:19 / 01.11.2022 77617

Ko‘plab davlatlar Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach u bilan iqtisodiy aloqalarni uzishga va Rossiya iqtisodiga zarba berish uchun sanksiyalar joriy qilishga va’da berdi. Ammo neft, gaz va xomashyo bo‘yicha dunyodagi eng yirik ishlab chiqaruvchilardan biri sifatida Rossiya qadrdon va foydali savdo sherikliklariga ega. Bu aloqalarni uzish oson emas.

2020 yilda Rossiya dunyo mamlakatlaridan 220 milliard dollarlik tovarlar, jumladan, avtomobillar va ularning ehtiyot qismlari, dori-darmon va kompyuterlar import qilgan. Bu mahsulotlar asosan Xitoy, Germaniya, Koreya va boshqa mamlakatlardan sotib olingan.

The New York Times nashrining savdo ma’lumotlari tahliliga ko‘ra, Rossiya importi sanksiyalar va savdo cheklovlari kiritilgandan so‘ng keskin kamaydi. Ammo bir qancha davlatlar, xususan, Xitoy va Turkiya Ukrainadagi urush boshlanganidan so‘ng Rossiya bilan munosabatlarini yanada kuchaytirdi.

Ko‘pgina davlatlar uchun Rossiya xomashyosisiz yashash juda qiyin bo‘ldi. Urushdan oldin Rossiya daromadining uchdan ikki qismidan ko‘prog‘ini neft, gaz, muhim metallar (oltin, kumush, palladiy, iridiy va boshqalar) va minerallar eksporti tashkil qilgan bo‘lib, ulardan elektr mashinlar, uylarni isitish va zavodlardagi ishlab chiqarishda foydalanilgan.

NYT nashri tahlili shuni ko‘rsatadiki, hatto Rossiyaga qarshi harakatlarda faol ishtirok etgan ko‘plab mamlakatlarga Rossiyaning eksport hajmi Ukrainaga bostirib kirganidan keyin o‘sgan. Bu Rossiya iqtisodini jazolash orqali urush harakatlariga ta’sir ko‘rsatmoqchi bo‘lgan G‘arb davlatlari rasmiylarini umidsizlikka tushirmoqda.

Rossiyaning dunyo bilan aloqalari jadal rivojlanishda davom etyapti. Global iqtisodiy o‘zgarishlarni baholash uchun NYT nashri onlayn ma’lumotlar platformasi bo‘lgan Observatory of Economic Complexity tomonidan tuzilgan mamlakatlar darajasidagi yillik savdo ma’lumotlarni tahlil qildi. Ma’lumotlar kechikish bilan chiqarilganligi sababli, ular orqali chizilgan umumiy kartina mohiyatan retrospektivdir (eskiroq). G‘arb yangi cheklovlar kiritgani tufayli, Rossiyaning dunyoning qolgan mamlakatlar bilan savdo qilish qobiliyati yaqin oylarda yanada kamaygan bo‘lishi mumkin.

Ammo hozircha, bu ma’lumotlar Rossiyaning jahon iqtisodiyoti bilan qanchalik chuqur bog‘langanini ko‘rsata oladi va bu aloqalar urushning to‘qqizinchi oyini o‘tkazayotgan Moskvaga katta miqdorda daromad olish imkonini taqdim etadi. G‘arbning Rossiya iqtisodiyotiga zarba berish uchun qo‘llagan sanksiyalari va boshqa choralari hozirgacha juda kam samara berdi.

«Rossiya resurslarisiz yashash juda qiyin. Uning o‘rnini bosuvchi muqobil yo‘q», – deydi sobiq Rossiya moliya vaziri o‘rinbosari hamda Markaziy banki raisi o‘rinbosari bo‘lgan Sergey Aleksashenko.

Urush davom etishi va unga dunyo davlatlarining munosabati xalqaro savdo oqimlarida sezilarli o‘zgarishlarga olib kelmoqda. O‘z chegaralaridan tashqarida yetishtiriladigan bug‘doy va boshqa asosiy mahsulotlar importiga qaram bo‘lgan ko‘plab mamlakatlarda oziq-ovqat zaxiralari yetarli emas. Yonilg‘i va boshqa mahsulotlar narxi rekord darajadagi inflatsiya sabab ko‘tarildi. Ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, Rossiyaning Yevropa bilan uzoq yillik iqtisodiy aloqalari asta-sekin kamaymoqda, tovarlarning boshqa mamlakatlarga yo‘naltirilishi natijasida esa yangi savdo ittifoqlari tuzilyapti.

Yevropa Ittifoqi, AQSh va Buyuk Britaniya Rossiyaga qarshi jiddiy iqtisodiy sanksiyalar joriy etdi, mamlakatning yuzlab badavlat shaxslari va hukumat amaldorlarini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi hamda Moskvani xalqaro moliya tizimidan sezilarli darajada uzib qo‘ydi. Ular, shuningdek, Rossiyaga ilg‘or texnologiyalar eksportini to‘xtatishga va’da berdi va Rossiya aviakompaniyalarining G‘arbga parvozlarini taqiqladi.

Global kompaniyalarning Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatish haqidagi qarorlari ham katta ta’sir ega bo‘ldi. Chet el tovarlarini tashuvchi konteyner kemalari endilikda Rossiyani dunyoning qolgan qismi bilan bog‘lovchi asosiy nuqta bo‘lgan Sankt-Peterburg portiga qo‘ng‘iroq qilgani yo‘q. Inflatsiya va iqtisodiy noaniqlik rossiyalik iste’molchilarni hali ham do‘kon peshtaxtalarida turgan mahsulotlarni xarid qilishni kamaytirishga majbur etmoqda.

Ammo G‘arb iqtisodiyoti uchun muhim bo‘lgan Rossiya energetikasiga qarshi kiritilgan sanksiyalar kuchga kirishi sekin kechmoqda. AQSh allaqachon Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatdi, Buyuk Britaniya esa bu ishni yil oxirigacha amalga oshirmoqchi. Lekin bu davlatlar asosiy xaridorlardan emas.

Rossiya energetikasiga qattiq qaram bo‘lgan, inflatsiya bilan kurashayotgan ko‘plab mamlakatlar singari Yevropa Ittifoqi ham bu borada sekin harakat qilmoqda. Avgust oyida Yevropa Rossiya ko‘mirini import qilishni to‘xtatdi. Dekabr oyida Rossiyadan dengiz orqali keladigan barcha neft importini, fevralda esa barcha neft mahsulotlarini sotib olishni taqiqlash rejalashtirilgan. Rossiya ham, o‘z navbatida ayrim tovarlar, jumladan, qishloq xo‘jaligi va tibbiyot mahsulotlarini eksport qilishni taqiqladi.

Neft va gaz hozirgi kunda Rossiyaning eng muhim eksport mahsulotlari va davlat g‘aznasini to‘ldiruvchi asosiy manbalar hisoblanadi. O‘tgan yili neft va gazning yuqori narxlari ularning eksport qiymatini oshirib yubordi va bu Moskvaga sanksiyalar tufayli yo‘qotilgan daromadlarni qoplashga yordam berdi. Rossiyaning davlat energetika giganti bo‘lmish «Gazprom» kompaniyasi shu yilning birinchi yarmida Yevropaga eksport kamayganiga qaramay rekord darajada daromad ko‘rdi.

Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) bu yilgi Rossiya iqtisodiyoti bo‘yicha o‘z prognozlarini qayta ko‘rib chiqdi va mamlakat iqtisodiyoti tashkilot kutganidan kamroq qisqarishga uchrashini aytdi. Oktyabr oyida XVJ Rossiya iqtisodiyoti joriy yilda 3,4 foizga qisqarishini ma’lum qildi, bu iyul oyidagi 6 foiz va apreldagi 8,5 foizdan ancha past ko‘rsatkich.

«Rossiya iqtisodiy sanksiyalarni kutilganidan ham yaxshiroq yengib chiqdi, bunga neft va gazning yuqori narxlari hamda bizning qazib olinadigan yonilg‘iga bog‘liqligimiz yordam berdi», – deydi Observatory of Economic Complexity’ni boshqaruvchi Datawheel kompaniyasi bosh iqtisodchisi Jilberto Garsiya-Vaskes.

Yevropa rasmiylari yaqin oylarda joriy qiladigan neft va neft mahsulotlariga nisbatan yangi sanksiyalar Rossiya uchun jiddiy zarba bo‘lishi mumkin. Biroq Rossiyaning okeanga tushgan kemalaridagi nefti yangi bozorlarga yo‘l topishi mumkin. Ukrainadagi bosqindan so‘ng Hindiston va Xitoy Rossiya neftining asosiy xaridorlariga aylandi.

Fevraldan buyon RFning ba’zi davlatlar bilan savdo hajmidagi o‘zgarishlar

O‘z navbatida, Ukrainadagi urushdan oldin Hindiston va Xitoyga neft eksport qilgan asosiy davlatlar, jumladan, Saudiya Arabistoni, Iroq yoki Angola endilikda o‘z neftini Yevropaga yuborishi mumkin.

«Bu global energetika bozorining chalkashib ketishiga olib keladi. Bunda rus nefti yo‘qolib qolmaydi, shunchaki yangi bozorlarga yo‘naltiriladi», – deydi Aleksashenko.

Rossiya neft eksportidan qancha daromad ko‘rishi noma’lumligicha qolmoqda. Boshqa mamlakatlarda uning mahsulotlariga talab pasaygani sababli, Moskva o‘z neftini Hindiston va Xitoyga arzonlashtirilgan narxda sotishga majbur. G‘arb davlatlari hozirda Moskvaning sotilgan har bir barrel neftdan oladigan daromadini yanada kamaytirish uchun neft narxining eng yuqori chegarasini belgilashga harakat qilmoqda.

Hozirgacha energiya tashuvchilarning yuqori narxlari sanksiyalar ta’sirlarni bartaraf etib keldi. Neft xaridorlari va sotuvchilari tomonidan eng ko‘p ishlatiladigan Brent va Ural kabi mashhur neft navlari narxi so‘nggi oylarda tushib ketdi.

Lekin Xalqaro energetika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning katta qismida energiya tashuvchilar narxi o‘sib borgani sabab, Rossiya shu yilning mart oyidan iyul oyigacha neft va gaz sotishdan avvalgi yillardagiga qaraganda ko‘proq daromad olgan.

Uzoq muddatli kelajakda Rossiyaning gaz sotish bo‘yicha istiqbollari ijobiy bo‘lmaydi. Aksariyat qismi tankerlarda dengiz orqali tashiladigan neft eksportidan farqli o‘laroq, Rossiya gazining katta qismi qurilishi bir necha yillab davom etuvchi gaz quvurlar orqali mamlakatni tark etadi va bu Moskvaning yangi bozorlarga chiqishini qiyinlashtiradi.

2022 yil iyul oyiga kelib Germaniya Rossiyadan tabiiy gaz importini ikki baravar qisqartirdi hamda Norvegiya va AQShdan sotib olishni ko‘paytirdi. Sentyabr oyidagi portlashlar natijasida Rossiyadan Germaniyaga gaz yetkazib beruvchi magistral gaz quvurlari shikastlandi.

Rossiya o‘z gaziga boshqa mamlakatlardan xaridor topishga harakat qilmoqda. Xitoyga eksport ko‘paydi, ammo Xitoyga faqat bitta gaz quvuri liniyasi mavjud. Gazni dengiz orqali tashish uchun Rossiya yangi gazni suyultirish zavodlarini qurishi kerak, bu esa qimmat va ko‘p vaqt talab qiluvchi jarayon.

Energetikadan tashqari, Rossiya o‘g‘it, asbest va yadroviy reaktorlardan bug‘doygacha bo‘lgan boshqa zaruriy tovarlarning ham asosiy sotuvchilaridan biri bo‘lib qolmoqda. Xalqaro avtomobil ishlab chiqaruvchilari katalitik konvertorlar uchun Rossiyaning palladiy va rodiy metallariga qaram bo‘lishda davom etmoqda. Fransiya atom elektr stansiyalari Rossiya uraniga bog‘liq va Belgiya Rossiya bilan olmos savdosida hamon asosiy rol o‘ynaydi.

Rossiya eksporti urushgacha
Rossiya eksporti urushdan keyin

Rossiyaning yirik savdo hajmi va zaxira qilingan harbiy budjeti kelgusi yilda, sanksiyalar kuchayishi bilan qisqarishi mumkin.

«Yevropa asta-sekin yangi energiya manbalariga o‘tishi va yangi sanksiyalar, jumladan, neftning potensial narxi o‘rnatilishi Rossiya eksportining uzoq muddatli kelajakda kamayishiga olib keladi», – deydi Karnegi jamg‘armasining katta ilmiy xodimi Aleksandr Gabuyev.

Uning aytishicha, Rossiyaning so‘nggi oylarda frontda muvaffaqiyatsizlikka uchrashi ham iqtisodiy munosabatlarga ta’sir qilishi mumkin. Shu hafta oxirida Moskva Ukraina portlaridan don eksport qilish imkonini beruvchi xalqaro kelishuvdan chiqdi. Agar Rossiya Ukrainada masalan yadro qurolidan foydalansa, bu yangi global sanksiyalarga olib kelishi mumkin, bu esa Rossiyaning Osiyo davlatlari bilan ham savdo aloqalari uzilishiga olib keladi.

«Ehtimol, biz kelgusi yilda umuman boshqa kartinani ko‘ramiz», – deya qo‘shimcha qilgan Gabuyev.

Ko‘proq yangiliklar: